

Davlat rahbari katta futbol bayrami – AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo'ladigan Jahon chempionati oldidan barchani qutladi.
“Biz bu kunlarni butun xalqimiz, futbol ishqibozlari bilan 34 yil kutdik. Shu manoda, futbolchilarimizni O'zbekiston tarixida yangi sahifa ochgan zamonamiz qahramonlari deb aytsak arziydi.
Chunki ular har bir o'yinga yuqori tayyorgarlik ko'rib, yuksak mas'uliyat, vatanparvarlik ruhi bilan faqat g'alaba uchun maydonga tushdi. Xalqimizga olam-olam quvonch bag'ishladi.
To'g'risini aytsam, mundial yo'llanmasi qo'lga kiritilgan kuni ko'zimga uyqu kelmadi. Barcha yurtdoshlarimiz kabi men ham ich-ichimdan quvondim, bayram qildim.
Fursatdan foydalanib, maydonda jasorat va mahorat ko'rsatgan futbolchilarimizga, ularni tarbiyalab, voyaga etkazgan ota-onalari, ustoz va murabbiylariga tashakkur izhor etaman”, – dedi davlat rahbari.
“Bugungi uchrashuvimizda taniqli shoir, adib va sanatkorlarimiz ham ishtirok etyapti. Ular maydonda jasorat va matonat ko'rsatgan futbolchilarimiz haqida yangi sher va asarlar yozmoqda, qo'shiq va madhiyalar yaratmoqda.
Tadbirkorlarimizni aytmaysizmi. Ular ham allaqachon harakatni boshlab yuborgan. Biznes vakillari sizlar orqali milliy brendini dunyoga tanityapti, yangi bozorlarga chiqyapti.
Aziz farzandlarim, ko'ryapsizlarmi? Sizlar nafaqat sport rivojiga hissa qo'shyapsiz, balki tadbirkorlarimizga yangi imkoniyatlar eshigini ochib, adabiyot va sanat ahliga yangi ilhom, yangi ruh va qanot beryapsiz.
Yoshlarimizga haqiqiy o'rnak bo'ldingiz. “Men ham mashhur futbolchi bo'laman” degan bolajonlarimiz safi ko'payib bormoqda. Xalqimiz sizlar bilan doim faxrlanadi!”, – dedi Prezident.
“Yurtimizda sportga, xususan, futbolga qaratilayotgan e'tibor, yaratilayotgan sharoitlar mazkur yutuqlarga katta zamin bo'ldi.
So'nggi yillarda joylarda 200 dan ziyod yirik sport inshootlari, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari ish boshladi. 1,5 mingdan ortiq mahallaga sport maydonchalari qurib berildi. Poytaxtimizda zamonaviy Olimpiya shaharchasi barpo etildi, Yuqori Chirchiqda “Milliy futbol markazi” ishga tushirildi. Har bir viloyatda bittadan professional futbol akademiyasi va futbol maktablari tashkil qilindi.
Bu ishlar hisobiga havaskor futbolchilar soni 5 millionga etdi, futbol bilan muntazam shug'ullanuvchilar 1 million 300 mingdan oshdi, professional futbolchilar 17 mingga etdi.
Eng asosiysi, futbolda korrupsiya va tanish-bilishchilik degan illatlarga barham berildi. Ochiq va shaffof tizim yaratildi. Bu eng iqtidorli yoshlarni, rostakam istedodlarni katta maydonga olib chiqdi.
“Biz uchun futbol nafaqat professional sport turi, balki yoshlar tarbiyasi, sog'lom turmush, intizom va vatanparvarlik maktabi bo'ladi.
Endi yurtimizdagi har bir mahallaga futbol nafasi kirib boradi. Har bir bolaga o'z mahallasida to'p tepish, musobaqalarda qatnashish, o'z istedodini ko'rsatish imkoniyati yaratiladi”, – dedi Prezident.
Buning uchun “Har bir mahalla – futbol maydoni” dasturi boshlanadi. Bu umummilliy harakatga aylanadi.
Dastur doirasida “Mahalla ligasi” tashkil etilib, 12-17 yoshli o'g'il-qizlar o'rtasida mahalla futbol jamoalari tuziladi. Har yili havaskor futbolchilar ishtirokida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichidan iborat musobaqalar o'tkaziladi.
Umuman, “Mahalla ligasi” eng yaxshi iqtidorlarni selekciya qilishda professional klublar uchun tayyor baza bo'ladi.
Bugun terma jamoamiz bilan katta tajriba va chempionlik xarakteriga ega Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishlayotgani qayd etildi.
2006 yilda Germaniyada o'tkazilgan mundialda Kannavaro sardorlik qilgan Italiya terma jamoasi jahon chempioni bo'lgan. O'sha yili Kannavaro dunyoning eng yaxshi o'yinchisi deb etirof etilgan va futbol tarixida “Oltin to'p” sohibi bo'lgan kam sonli himoyachilardan biriga aylangan.
Yangi murabbiy jismoniy tayyorgarlik va hujumchilar bilan ishlaydigan murabbiylarni, shifokor, nutriciolog va oshpazlarni olib kelgani hamda xalqaro tajribaga ega yaxshi jamoani shakllantirgani takidlandi.
"Fursatdan foydalanib, Fabio Kannavaroni murabbiy sifatida mundialdagi birinchi ishtiroki bilan tabriklab, murabbiylar shtabiga yangi zafarlar tilayman.
Endi futbolchilarga qarata aytmoqchiman: jahon chempionatida oson o'yinning o'zi yo'q. Sizlar Portugaliya, Kolumbiya, Kongo kabi terma jamoalar bilan o'ynaysizlar. Xalqimiz har bir o'yinda sizlardan g'alaba kutishi tabiiy, albatta.
Lekin bir narsani doimo yodda tuting: sizlar tarixni allaqachon yaratib bo'ldingiz!
Oldingizda turgan muhim uchrashuvlarda ortiqcha bosimsiz, hech kimdan hayiqmasdan, boringizni berib o'ynang. Har bir to'p, har bir vaziyat, maydonning har bir qarichi uchun oxirigacha kurashing!
Mundialdagi barcha o'yinlaringizda fan-klublar a'zolari, minglab futbol muxlislari, Amerikadagi vatandoshlarimiz ham stadiondan sizlarni qo'llab-quvvatlab turadi.
Maydondagi har bir harakatingizni 40 millionga yaqin xalqimiz ekran ortida katta hayajon bilan hayqirib kuzatadi, yuraklarni junbishga keltiradigan hissiyot oladi.
Yodingizda bo'lsin: el-yurtimiz sizlarga ishonadi, Prezident sizlarga ishonadi! Boringlar, mardonavor o'ynanglar, Vatan sharafini munosib himoya qilinglar! G'alaba va omad hamisha yor bo'lsin!", – dedi davlat rahbari.



