

O'yindan keyin "Olimpik Mobiuz" bosh murabbiyi Farhod Nishonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Ko'rganingizdek, bahs juda qiyin kechdi. Yirik hisobda g'alaba qozongan bo'lsak-da, qiyin bo'ldi. Uchrashuvni reja bo'yicha boshladik va tezkor gol urib oldik. Shundan so'ng xotirjamlikka berildikmi yoki havoning issiqligi ta’sir qildimi, ko'plab xatolarga yo'l qo'ya boshladik. Buni albatta tahlil qilamiz. Raqib hujumlar uyushtirdi, standartlar amalga oshirildi. Muhimi, g'alaba qozondik. Raqib bizga gol urgach, futbolchilarimiz yana uyg'onib ikkita gol bilan javob berdik.
- Ikkinchi taymda nima uchun Jo'raevga dakki berdingiz?
- Jo'raev bizda anchadan beri o'ynayapti. Juda iqtidorli futbolchi, biroq o'z iqtidoridan to'liq foydalanmayapti. Uning asosiy ishi xavfli vaziyatlarni yaratish. Lekin xavf yarata olmayapti. Bu futbolchidan ko'prog'ini kutamiz. Mashg'ulotlarda juda yaxshi, biroq o'yinga kelganda o'ziga bo'lgan ishonchni yo'qotib qo'yyapti. Agar ruhiy ojizlikni engib o'tsa yanayam yaxshi o'yin ko'rsatadi. Shu manoda unga gapirdim.
- Murabbiy va futbolchi o'rtasida muammo yo'g'-a?
- Yo'q, unday narsa yo'q. Jamoamizda ichki muhit juda yaxshi. To'g'ri, bazan urishamiz, bu narsa futbolchilarga yoqmaydi, orqamizdan gapirishadi. Buni sportda normal holat deb o'ylayman. Bu ham futbolning bir qismi. Lekin hamma gap kiyim almashtirish xonasida qoladi, u yerdan chiqqach keyingi o'yinni o'ylaymiz.
- Maydon holati bo'yicha fikringiz?
- Maydon yaxshi holatda ekan. Bizga shunaqa maydonlar kerak. Kecha universitet maydonida mashg'ulot o'tkazdik, u maydon bilan bunisi o'rtasida farq juda katta. Muborakda har doim yaxshi maydon bo'lgan.
- Shu yil universitetlar jamoasi Proligaga qo'shildi. Bu borada fikringiz qanday? Proliga bu bilan kuchaydimi?
- Oliygoh jamoalari Proligani kuchaytirdi deb o'ylayman. Masalan, "Neftchi", "Navbahor", "Andijon" kabi klublar Superligada kuchli tarkibga ega. Lekin shunday yaxshi mahalliy futbolchilar borki, ular chetda qolmasdan Proligada o'ynayapti. Masalan, "Lochin", "FarDU" kabi jamoalarda yaxshi o'yinchilar bor.
- Ikkinchi taymda maydonga tushganlar taktikaga qanchalik qo'shilib keta oldi?
- Hamon optimal tarkibga ega emasmiz. Har o'yinda rotaciya qilyapmiz. Turdan turga yanayam jipslashib kuchayib boramiz. Futbolchilarimizga ozroq vaqt kerak.
- Har uchrashuvda bitta tarkibga suyangan afzalmi yoki rotaciya qilgan maqulmi?
- Rotaciya qilish yaxshi, lekin bu doim ham ish bermaydi. Biz baribir futbolchilarning mahoratiga muhtojmiz. Qiyin epizodlarda, katta o'yinlarda kichik detallar hal qiladi. Mana shu mayda epizodlarni kuchli futbolchilar hal qiladi. Birdaniga butun jamoani rotaciya qilib bo'lmaydi.



