Azamat Sharipov: "Ko'z tegmasin, hozir futbolchilarimizda ishtiyoq juda yuqori"

Aslanov Jasurbek
11 iyun 2026, 00:25
Proliga 10-turdan o'rin olgan "BuxDU" – "TerDU" uchrashuvi 2:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "BuxDU" bosh murabbiyi Azamat Sharipov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Bu g'alaba barchamizniki. Bugun juda chiroyli bahs guvohi bo'ldik. Lekin issiq ob-havoning ham ta’siri bo'ldi, futbolchilarimiz birinchi bo'limda toliqib qolishdi. Ikkinchi taymda raqib ancha faol harakat qildi, natijada biz qarshi hujum usuliga o'tdik.

- Ikkita o'yindan beri kuzatyapmiz, Saidjon Ashurov jamoa sardori bo'lib tushyapti va yaxshi o'yin ko'rsatyapti. Nega oldingi o'yinlarda bunday bo'lmagan?
- Chempionatga yaxshi hozirlik ko'rish uchun vaqtimiz etarli bo'lmadi, jamoa Proligaga tayyor emasdi. Saidjon Ashurovni anchadan beri bilaman, u bilan birinchi ligada ham ishlaganman. Oxirgi to'rtta turdan beri asosiy tarkibda o'ynab kelyapti va doim o'ynashiga men ham tarafdorman. Ammo Proliga bu Birinchi liga emas, o'yinlar orasi qisqa va sifat darajasi ham baland. Men unga kamchiliklarini ko'rsatdim.

Futbolda hammasi birdaniga bo'lib qolmaydi. Hozir Ashurovning rivojlangan holatini ko'ryapmiz, oldin biroz boshqacha edi. Buning ortida esa mehnat yotibdi. Ko'z tegmasin, hozir futbolchilarimizda ishtiyoq juda yuqori. Buxorodagi stadionga qaytganimiz ham yaxshi bo'ldi. Muxlislar kela boshladi, yigitlarimiz o'yinida ham o'zgarish ko'rindi. Buning uchun viloyat hokimligiga va Buxoro davlat universiteti rahbariyatiga rahmat aytib qolamiz.

- Nima uchun Akobir To'raev oldingi o'yinlarini namoyish qilmayapti? U bilan alohida mashg'ulot o'tkazmayapsizmi?
- Mashg'ulotlar bo'lyapti. Jamoamizda markaziy hujumchi borasida muammolar talaygina. Ikki nafar hujumchimizda jarohat bor. Akobir To'raevning yaxshi foydasi tegyapti, bo'ydor ekani ham foyda beryapti. Undan foydalanib bizda qanotlar ham yaxshi ishlayapti. Har o'yinda gol urmasligi mumkin, lekin boshqa tomondan foydalana olyapmiz.

- Jamoanngizning keyingi maqsadi?
- Falonchi o'rin uchun kurashamiz deb ayta olmayman, lekin har bir o'yinga g'alaba uchun chiqamiz. Hech qachon maydonni kurashsiz tark etmaymiz. Rohatlanib futbol o'ynashni xohlaymiz. G'alaba futbolchilarga qo'shimcha ishtiyoq beradi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia