Nematillo Qutiboev: "G'alabaga munosib emasdik"

Оқил Абдубарноев
16 may 2026, 21:14
O'zbekiston kubogi 2-turidan o'rin "Metallurg" – "Aral" (2:1) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Nematillo Qutiboev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin haqidagi fikrlaringiz qanday?

– "Metallurg"ni bugungi g'alaba bilan tabriklaymiz. O'yinga keladigan bo'lsak, menimcha, raqib bizga qaraganda yaxshiroq harakat qildi. Biz bugun g'alabaga munosib emas edik. Nazarimda, bu joriy mavsumdagi eng qoniqarsiz o'yinlarimizdan biri bo'ldi.

– Sizningcha, aynan qaysi jihatlarda kamchiliklarga yo'l qo'yildi, jamoaga nima yetishmadi?

– Kamchiliklarimiz bisyor. Himoyada va markaziy hududda doimiy ravishda xatolar kuzatilmoqda. Aynan chiziqlar orasidagi bog'lamlarda uzilishlar bo'ldi. Bunga nima ta’sir qilganini bilmadim, ammo takidlaganimdek, bugun "Metallurg" jamoasi bizdan yaxshiroq o'ynadi.

– Keyingi turda "Aral" jamoasini OKMKga qarshi bahs kutib turibdi. Bo'lajak uchrashuv haqida qanday fikrdasiz?

– Bo'lajak bahsga jiddiy tayyorgarlik ko'ramiz. Ayni paytda biz chempionat o'yinlariga ham hozirlik ko'rmoqdamiz. Guvohi bo'lganingizdek, so'nggi ikki uchrashuvda tarkibda rotaciyani amalga oshirdik. OKMKga qarshi kechadigan o'yinda esa maydonga asosiy tarkib bilan tushamiz.

– Aynan shu mavzuda savol bermoqchi edim. O'zi "Aral" jamoasi oldiga O'zbekiston kubogida qanday vazifa qo'yilgan edi?

– Kubok bahslaridagi vazifamiz – har bir o'yinda maydonga tushib, chiroyli o'yin ko'rsatgan holda g'alaba qozonishdir. Biroq, yuqorida aytib o'tganimdek, Qo'qondagi bahsda ham, bugungi o'yinda ham tarkibda biroz o'zgarishlar qildik. Aslida, bizda o'yinchilarni asosiy yoki zaxira tarkibiga ajratib bo'lmaydi, chunki barchamiz yaxlit bir jamoamiz. Maydonga tushgan har bir futbolchi o'z vazifasini to'laqonli bajarishi shart. Lekin, tan olish kerak, bugun yigitlar juda bo'sh harakat qilishdi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia