

Unda termizliklar Kamoliddin Tojiev shogirdlarini 2:0 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Gollardan biriga "Surxon" yarim himoyachisi Sunatulla Abdullajonov mualliflik qildi va o'yindan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
- "Surxon" bu yil ketma-ket ikkinchi marotaba "Paxtakor"dan ochko oldi. "Paxtakor" "Surxon" uchun qulay raqibga aylanib qoldimi?
- "Surxon" klubi so'nggi yillarda "Paxtakor"ga qarshi yaxshi natijalar qayd etayotgani ko'pchilikning e'tiborini tortmoqda. "Paxtakor"ni mutlaqo qulay raqib deb bo'lmaydi. Balki grand jamoaga qarshi futbolchilarda ishtiyoq va motivaciyaning kuchli bo'lishi ijobiy ta’sir qilayotgandir.
- O'zbekiston Kubogi va Superligada baribir jamoalarda ikki xil motivaciya bo'ladi, o'yinga turlicha yondashishadi. "Surxon"da bu borada vaziyat qanday?
- To'g'ri, ko'p jamoalarning kubok bahslarida aynan ruhiy tomondan o'zlarini o'yinga tayyorlashlari biroz qiyin kechishi mumkin. Lekin maydonga hamma jamoa g'alaba uchun chiqishi aniq. "Surxon" tarkibida asosan yosh futbolchilar harakat qilgani bois, ular har bir o'yinda o'zlarini ko'rsatishga va maksimal darajada intilishga harakat qilishadi.
- Kechagi o'yin qanday xulosalar berdi?
- Kechagi o'yin guruhdan chiqishimiz uchun imkoniyatni saqlab qoladigan muhim bahs edi, shu sababli unga jiddiy tayyorgarlik ko'rdik. O'yindan chiqargan xulosamiz shu bo'ldiki - xohish, mehnat va ishonch bo'lsa, istalgan jamoaga qarshi munosib o'ynab, g'alabaga erishish mumkin.
- "Surxon" G'ofurov qo'l ostida o'sishga erishdimi? Natijalar o'z-o'zidan kelmasa kerak?
- Anvar G'ofurov futbolda o'z qarashlari va falsafasiga ega bo'lgan murabbiy. U jamoaga kelganidan keyin o'z uslubini tushuntirmoqda, futbolchilar ham buni anglab yetishga harakat qilishyapti. Tabiiyki, buning uchun biroz vaqt talab etiladi. Taktikaga qanchalik tez moslashsak, natijalarimiz ham shunchalik tez barqarorlashadi, deb o'ylayman.



