"Neftchi"da argentinalik murabbiy ish boshladi

Iskandarov Abdulaziz
25 iyun 2026, 14:19
Islom Ismoilov murabbiylar shtabida o'zgarishlar yuz bermoqda.

Argentina futbol maktabi vakili, tajribali mutaxassis Xuan Krus Jill endilikda “Neftchi” jamoasi murabbiylar shtabiga qo'shildi va jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilovga yordamchi sifatida faoliyat olib boradi.

U jamoaning mashg'ulot jarayonlari, taktik tayyorgarlik, futbolchilarning individual rivojlanishi hamda analitik ishlarida bosh murabbiyga yaqindan yordam beradi.

42 yoshli argentinalik mutaxassis futbolchilik faoliyati davomida Argentina, Chili, Kipr, Venesuela va Malta klublari safida to'p surgan. Himoyachi sifatida maydonda katta tajriba orttirgan Xuan Krus Jill, ayniqsa, Maltaning mashhur klublaridan biri - “Valletta” safida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, bir nechta sovrinlarni qo'lga kiritgan.

U futbolchilik faoliyatini yakunlagach, murabbiylikka o'tib, professional faoliyatini yordamchi murabbiy sifatida davom ettirdi.

Xuan Krus Jill murabbiylik faoliyati davomida “CONMEBOL PRO ” va “UEFA A“darajasidagi licenziyalarga ega bo'lib, zamonaviy futbol metodikasi, taktik tahlil hamda mashg'ulot jarayonlarini tashkil etish bo'yicha katta tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi.

So'nggi yillarda u Janubiy Amerika futbolida faol ishlab, bir qator professional jamoalar murabbiylar shtablarida samarali faoliyat olib bordi.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: "Нефтчи" матбуот хизмати