Kamoliddin Tojiev: "Paxtakor" oxirigacha kurashadi"

29 avg 2026, 22:41
O'zbekiston Kubogi 1/8 finaldan o'rin olgan "Neftchi" – "Paxtakor" uchrashuvidan so'ng toshkentliklar bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Yaxshi qiziqarli o'yin bo'ldi. Har ikki jamoada bir nechta vaziyatlar bo'ldi. Bugun kim gol ursa shu jamoa yutib ketadigan o'yin bo'ldi. Jamoamiz oxirigacha kurashdi, afsus mag'lubiyatga uchrab turnirni tark etdik. "Neftchi"ni g'alaba bilan tabriklayman va keyingi o'yinlariga omad tilayman.

- Bu uchrashuvga qadar ijtimoiy tarmoqlarda "Neftchi" bilan o'yin siz uchun oxirgi imkoniyat degan gap chiqdi. Bu xabarda qanchalik jon bor edi? Umuman bugungi mag'lubiyatdan keyin ham o'zingizni "Paxtakor" bosh murabbiyi sifatida ko'ryapsizmi?

- Bu gap qayerdan chiqqanini bilmayman. Chunki rahbariyatdan hech kim bu haqda aytmagan. "Paxtakor" oxirigacha kurashadi, hali oldimizda ancha o'yinlar bor: Superliga bor, Elit OCHL bor. Oxirigacha kurashamiz.

- "Paxtakor" rahbariyatida o'zgarishlar bo'lganini va klub shahar hokimiyatiga o'tganini eshitdik. Jamoada yuqori maosh oladigan futbolchilar bor, keyinchalik jamoa chempionlik uchun kurashadigan emas, balki maoshlar masalasida FIFA bilan bahslashadigan klubga aylanib qolmasmikin?

- Rahbariyat o'zgargani borasida hali aniqlik yo'q. Hozir ham Jahongir Abidovich o'zlari homiylik qilyaptilar.

- Birinchi bo'limda ikki nafar o'zgarish amalga oshirildi. Bu ortiqcha yuklamalar tufaylimi?

- Yo'q, ortiqcha yuklamalar sababli emas. Chempionat tig'iz, o'yinlar ko'p, har uch-to'rt kunda o'ynayapmiz. Jarohatlar ko'p jamoalarda bor, "Neftchi"da ham bor. Bizga jarohat pand berdi va birinchi bo'limda ikkita o'zgarish qildik.

- Odatda yaxshi tarkib yig'ildi degani zo'r jamoa shakllandi deb bo'lmaydi. Ehtimol ayb doim ham futbolchilarda emasdir, balki qandaydir qarorlar qabul qilishda xatoga yo'l qo'yayotgandirsiz?

- Jamoamiz o'ynayapti, kurashyapti, vaziyatlar yaratyapmiz, lekin gol ura olmayapmiz. Sardor Sobirxo'jaev ham birga bir vaziyatdan to'p kirita olmadi. O'tgan o'yinda ham vaziyatlar bo'lgandi. Keyingi o'yinlarda yaxshi bo'ladi deb umid qilaman.

- Lekin yangi futbolchilar aynan shu muammolarni bartaraf etish maqsadida olib kelinmaganmidi?

- Ha, to'g'ri. Biz ham kamchiliklar ustida ishlayapmiz. Bu o'rinda hech kimni ayblay olmayman. Hamma ishlayapti. Biz ham bu borada mehnat qilyapmiz. O'tgan uchrashuvda besh metrdan to'p kirita olmadik. Buyog'i omadga bog'liq.

- Islom Ismoilovning otasi Murod Ismoilov o'z paytida "Paxtakor"da ishlagan va siz u kishini yaxshi bilasiz. Sizningcha, Islom Ismoilovning murabbiylik mahorati qay darajada Murod Ismoilovga o'xshash va qay darajada farq qiladi?

- Murod aka ishlagan paytda biz futbolchi edik. Hozir esa murabbiylik qilyapman. Baribir qaysidir tomonlarida o'xshashlik bor. Islom yangi avlod murabbiyi, yangiliklar kirityapti. Farq qiladi deb deb o'ylayman.

- Legionerlar o'ziga bo'lgan ishonchni qanchalik oqlayapti?

- Hozircha kamchilik bor va shuni bartaraf etish ustida ishlayapmiz. Kamchiliklarni yopish maqsadida legioner taklif etganmiz. Ular ham maydonga chiqib o'zini ko'rsatishga harakat qilyapti. Lekin to'p kirita olmayapmiz, birinchi davrada ham shunday bo'lgandi.

- "Neftchi"ning birinchi goli VAR sabab bekor qilinganida ichingizdan nimalar o'tdi?

- Albatta, gol o'tkazib yuborgandan keyin yaxshi hissiyot bo'lmaydi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia