

- O'yin haqida fikringiz?
- Birinchi navbatda barchani Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman va bugungi g'alabani bizni qo'llab turgan barcha muxlislarga bag'ishlayman. Bugun yutishimiz shart bo'lgan o'yin edi, sababi oxirgi ikkita uy uchrashuvimizda "Paxtakor"ga mag'lub bo'lgandik. Jarohatlar bo'lishiga qaramay futbolchilar matonat ko'rsatishdi. Bazi o'yinchilarimiz bugun og'riq bilan, shamollash va isitma bilan o'ynadi, shunga qaramay o'zimizni ko'rsata oldik. Bu futbolchilarimiz matonati va irodasi sabab qo'lga kiritilgan g'alaba bo'ldi. Stadionda bizni qo'llab turgan muxlislarga ham alohida minnatdorchilik bildiraman.
- Birinchi urilgan goldan keyin yuzingizda yaxshi kayfiyat bor edi, keyin birdaniga o'zgardi.
- Biz ko'rgan vaziyat bo'yicha ofsayd ko'rinmadi. Biz ham televizon rakursni ko'rdik. Lekin to'lig'ini hali ko'rganim yo'q. Bu bo'yicha balki tushuntirish berilar. Biz ko'rgan vaziyatda ofsayd yo'q edi.
- Ibrohimxalil Yo'ldoshevni o'rtada o'ynatish "Paxtakor" uchun syurprizmidi?
- Bu taktik harakatimiz bilan bog'liq. "Paxtakor"ning o'ng qanoti katta xavf tug'dirishini bilib, chap tomonni kuchaytirishga qaror qildik. Shu bois Sayfiev bilan Yo'ldoshevni bir paytda maydonga tushirdik. Ibrohimxalil bahsni yaxshi o'tkazdi, afsuski birinchi taym oxirlarida jarohat oldi. Bu poziciyada o'ynash oson emas, shu bois futbolchimizga rahmat aytib qolaman.
- Keyingi o'yinlarda ikkinchi tarkibni tushirib Elit OCHL oldidan kuchli tarkibga dam berish rejangiz bormi?
- Bizda ikkinchi tarkib yo'q, hamma futbolchilarga birinchi tarkib o'yinchisi deb qaraymiz. Bugun etti nafar futbolchimiz o'ynamadi, avgustda ko'p uchrashuvlar o'tkazdik. Jarohatlar kuzatildi. Yovovich, Xurshid G'iyosov, Nurmuhammad Abdug'aniev ketma-ket o'yinlarda maydonga tushishyapti.
- "Neftchi" yutqazganda faqat sizni gapirishyapti. Bu bosim emasmi?
- Har bir g'alaba ortida katta mehnat turadi. Bu faqat murabbiy, futbolchilar yoki homiy harakati emas. Bu jamoaviy mehnat mahsuli. Hammasi birlashibgina natija keladi. Shu bois hammasi bir-biriga bog'liq. Bizning ishimiz faqat mehnat qilish va turli gap-so'zlarga ko'z yumish. "Neftchi"da har bir faktor o'z vazifasini a'lo bajaryapti. Bundan xursandmiz.
- "Neftchi"ni bir nechta xorijlik murabbiylar tark etdi. Bu holat sizning ishingizga ta’sir qilmayaptimi?
- Bu borada matbuotda turli gaplar aytildi. Kimdir jamoa ichkaridan boshqariladi dedi, kimdir murabbiy ularni sig'dirmadi dedi. Avvalo chetdan yaxshi murabbiyni jalb qilish oson emas. Ular yaxshi murabbiylar edi, faqat shartnomada qachondir boshqa klublardan taklif tushsa jamoadan ketish bandi bor edi. Ularga chetdan taklif tushgani uchun bizni tark etishdi. Faqat Yurgen Gede oilaviy sabab tufayli xayrlashdi. Albatta, atrofingizda murabbiylar bo'lgani yaxshi, lekin baribir asosiy g'oya bosh murabbiyniki bo'ladi. Ularning o'rniga kim kelsa ham, o'yinimizga ta’sir qilmaydi. Jamoa shaxslarga bog'lanib qolishi kerak emas. Jamoaning o'z falsafasi va g'oyasi bo'lishi kerak. Bu - futbol, kimdir keladi, kimdir ketadi.
- Siz kelgandan buyon jamoa ko'p o'yinlarda pressing qilyapti, futbolchilar to'p yo'qotganda ham oxirigacha kurash olib borishyapti. Balki jarohatlar oldini olish maqsadida bundan biroz chekinib turgan maquldir?
- Maqsadimiz - har kuni o'yin sifatini oshirirish. Nima qilsak, jamoa o'yini yanayam tezlashadi va ko'p gol uramiz. Doim shu xayol bilan yuraman. Albatta, intensiv futbol o'ynash oson emas. Bu katta kuchni talab qiladi. 7-8 oydan beri "Neftchi"da ishlayotgan bo'lsam, o'yin uslubimiz borasida tushuntiradigan jihatlar hali ko'p. Har kuni futbolchilar bilan yarim soat, 40 daqiqa teoriya o'tamiz. Ularga tushuntiramiz, o'z g'oyalarimni singdirishga harakat qilaman. Men futbolchilarni himoyaviy o'yinga majburlay olmayman. Futbolchilarimiz shakllanib bormoqda va bundan xursandmiz. Har bir mashg'ulotimiz pressing va tezlik hisobiga qurilgan va bu uslubdan voz kechmaymiz. XG 5dan o'tib ketdi, bu juda yaxshi natija. Biz hujum qilayotgan paytimizda ham himoyalanishni bilishimiz kerak. Bu ham oson jarayon emas, lekin OCHL Elitgacha hammasini yanada yaxshi o'rganib olamiz deb umid qilaman.
- Ketma-ket jarohatlar tibbiy shtabning ishi bilan bog'liqmi yo boshqa sabablar bormi?
- Tezlik haqida gapirdik. O'yinni sekinlashtirsak, jarohatlar kamayadi, lekin bu yo'ldan bormoqchi emasmiz. Yevropa futboli nima uchun tez? Chunki ularni yoshligidan o'rgatib boradi. Bizda aksar futbolchilar bunday tezlikka to'liq tayyor emas. Futbolchi muskuli 6-7 oyda tayyor bo'la olmaydi, bunga yillar kerak. Kim shunga chidasa, bizda o'ynashda davom etadi.



