

"Futbol - adolatsiz o'yin. 95 daqiqa davomida futbol o'ynab, ikkita standart vaziyatda oddiy gol o'tkazib yuborish alamli. Jamoam maydonda namoyish etgan o'yin menga yoqdi. Raqibni uch ochko bilan qutlayman. Bugun raqibimizning uslubi ish berdi", - deya fikr bildirdi Mirko Yelichich bahs yakunlangach.
- "Lokomotiv" ketma-ket ikkinchi mag'lubiyatga uchradi. Jamoaning mavsumning dastlabki uch turida qayd etgan natijasi tasodif edi, "Lokomotiv" endi o'zining haqiqiy o'rniga qaytdi degan fikrlarga qanchalik qo'shilasiz?
- Biz chempionatdagi har qanday raqibni mag'lub etishimiz mumkin. Shuningdek, har bir raqib ham bizni engish ehtimoli yo'q emas. Bizning maqsadimiz va yo'limiz boshqa. Biz har bir o'yinda qaysi jihatdan kuchliroq bo'lishimiz mumkinligi haqida o'ylab maydonga tushamiz. Menimcha, bugun unchalik yomon o'ynamadik. Futbol shunday o'yin. Ayrim vaziyatlarda rejalar o'xshamaydi qoladi. Statistikaga qarasangiz, bugungi o'yin kimning ustunligi ostida o'tganini ko'rasiz va savolingizga javob topa olasiz.
- Navbatdagi 30 kun davomida Superligada 7ta tur o'yinlari o'tkaziladi. Bunday zich taqvim MTJning mundialdan oldingi yig'inlari sababchi bo'lmoqda. Demak, Superliga klublari aprel oyi davomida har to'rt kunda o'yin o'tkazadi. Bu o'ziga xos "boxing day" klublarga qanchalik noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin? Jarohatlar ko'payib ketishidan qo'rqmaysizmi?
- Aksincha, bu yaxshi. Biz yangi jamoa yig'dik. Tezroq dastlabki 5-6 o'yinimizni o'tkazib olib, maydonda bir-birimizni yaxshiroq tushuna boshlaymiz. Jamoa ancha shakllanib, barqaror bo'lib oladi. Jamoa barqarorlashib olganidan so'ng tarkibda o'zgarish qilsa ham bo'ladi. Har 4-5 kun ichida o'yin o'tkazish masalasiga keladigan bo'lsak. Bu siz o'ylayotgandek katta muammo emas. Shunchaki boshqacha reja bo'yicha tayyorgarlik olib borish kerak. Eng qulay echim bu sxemani o'zgartirish. Eng yaxshi progress o'yinda qayd etiladi. Jamoa ikki yoki uch hafta davomida mashg'ulot olib borishi mumkin, ammo maydondagi o'yin bilan tenglasha olmaydi. Eng yaxshi tayyorgarlik - o'yinda ishtirok etish. Men uchun bu aksincha yaxshi yangilik.

- O'tgan mavsumda Pro Liganing eng yaxshi to'purari bo'lgan Muhriddin Zoirov joriy mavsumda juda kam o'yin amaliyotiga ega bo'lmoqda. Zoirov bugun so'nggi daqiqalarda maydonga tushdi va bunga qadar faqatgina "Mashal"ga qarshi o'yinda 12 daqiqa maydonda harakatlangandi. Zoirovga imkoniyat berilmayotganining sababi nimada? Men Zoirovni joriy yanada ko'proq gol urishini taxmin qilgandim, ammo hozircha maydonga tushayotgani ham yo'q...
- Men birinchi navbatda barqarorlik istayman. Temurxo'ja Abduholiqovning ajoyib formada ekanligi Zoirovning zarariga ishlamoqda. Men esa hozirgi holatda eng yaxshi sport formada bo'lib turgan futbolchini o'ynatishim kerak. Abduholiqovsiz qanday o'yin qurishimiz haqida ham o'ylashim kerak. Dastlabki 5 turda Abduholiqovdek o'yin namoyish etgan futbolchini zaxiraga olish mantiqsiz.
- Birinchi bo'lim so'ngida o'tkazib yuborilgan ikkinchi gol jamoangizga qanchalik ta’sir qildi?
- Taym so'ngida 1:0 hisobida rozi bo'lib qo'ygandek tuyuldi. Keyin esa gol o'tkazib yubordik. Goldan so'ng kayfiyat o'zgardi. Biz har bir o'yinda o'zimizning oldimizga qo'ygan maqsadlarimizga erishishga intilamiz. Tablodagi hisobdan tashqari boshqa maqsadlarimiz ham. O'yin sifatini yaxshilash, intensivlikni oshirish. Tabiiyki, natija muhim. Lekin biz uchun natijadan ham maqsadlar bor.
- O'zbekiston Kubogining guruh bosqichiga qur'a tashlash marosimi o'tkazildi. "Lokomotiv" joy olgan guruh haqida gapirib o'tsangiz?
- Har klub Kubok bahslariga eng maksimal natijani ko'zlaydi. Pro Liga klubimi yoki Birinchi Liga farqi yo'q. Kubok shunday musobaqa. Barcha jamoalarda imkoniyatlar teng bo'ladi va har qanday musobaqada g'olib bo'lishga intiladi.


