

- O'yin haqida fikringiz?
- Olti ochkolik bahsda g'alaba qozondik. Bundan xursandmiz. Og'ir bahsni o'tkazdik. Avvalo himoyani o'ylashimiz, kerak bo'lsa qarshi hujumda o'ynashimiz kerakligi va to'p nazoratini yo'qotmaslikni uqtirgandik. Yigitlar berilgan ko'rsatmalarni uddalashdi. O'yinni nazorat qila oldik. G'alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman.
- Besh kishilik himoyani yorib o'tish baribir qiyin bo'ldi. Jamoangizda Bahrom Abdurahimov bor, lekin uni maydonga tushirmayapsiz?
- Bahrom qo'lidan og'ir jarohat olgandi, jarrohlik amaliyotini boshdan o'tkazdi. Kurashlarga boy o'yin kechishini bilgan holda unga imkon bermadik. Hozircha bu futbolchini asrab turibmiz, keyingi o'yinlarda maydonga tushiramiz.
- Raqib murabbiylar shtabi bilan bir necha bor tortishuvga bordingiz.
- Bir vaziyatda raqib futbolchisi bizning o'yinchimiz ustidan o'tib ketdi. Men avval qanot hakamiga gapirdim, bosh hakam umuman parvo qilmadi. Men hakamga gapirganimda ularning murabbiylari bizga etiroz bildirdi. Shu bois bo'lgan vaziyatni tushuntirishga harakat qildim.
- Siz o'ynagan payt bilan bugungi davrni solishtiradigan bo'lsak, futbolchilarga haq bo'lash borasida qanchalik farq bor?
- Hozirgi futbolchilarga ko'proq maosh to'lanyapti deb o'ylayman.Ayrim jamoalarda farq juda baland. Pastdagi jamoalarda esa farq birmuncha past. Masalan, "Neftchi"dagi maosh bilan bizdagini taqqoslay olmaymiz. O'z paytida men o'ynagan davrda "Paxtakor"da ham qiyinchiliklar bo'lgandi. Oylik maoshning ikki-uch oyga cho'zilish holatlari bo'lgan, lekin baribir keyinroq to'liq to'lab berilgan.
- "Aral"ga yetib olish imkoniyati haqida nima deya olasiz?
- Biz ko'proq o'z o'yinimizga e'tibor qaratyapmiz. "Aral" bilan uydagi o'yinimiz ko'p narsani hal qiladi. Chempionlikdan hali umidni uzganimiz yo'q.
- "SHO'rtan" Superligaga chiqsa jamoa bunga tayyormi?
- Superligaga chiqsak, muxlislar va rahbariyat ko'p narsa xohlaydi. Birdaniga chiroyli o'yin, natija ko'rsatishimiz va shu bilan birga yoshlarni tarbiyalashimiz kerak bo'ladi. Biz hozircha masalaning bu tomonlarini o'ylamayapmiz. Avvalo hozirgi vazifani bajarishimiz kerak.
- Bugun gol urgan Anvar Murodov haqida fikringiz?
- Anvar Murodov aslida "Mashal" futbolchisi. O'yin amaliyotisiz qolib ketgani bois o'zimizga chaqirdik. Kurashuvchan yaxshi yigit. Kurashlarga boy o'yinda g'alaba keltirdi. Unga keyingi o'yinlarda omad tilayman.



