

"So'nggi paytlarda o'yinlarimiz juda asabiy o'tmoqda. Bugun ham haqiqatdan asabiy bahs bo'ldi. "Lokomotiv" birinchi davrada ham bizni mag'lub eta olgan edik, ularga qarshi doim qiyin kechadi. Ular ham yaxshi, saviyali futbolchilarni yiqqan, chiroyli o'yin ko'rsatadi. "Nasaf" bilan uchrashuvini ham kuzatgandim, faqat vaziyatlardan foydalana olishmagandi. Bugun tezkor gol urganimizga qaramay, "Lokomotiv" 11 metrlik jarima zarbasi va yana ikki-uchta xavfli vaziyat yaratdi. Kurashlarga boy o'yin bo'ldi: yutqazib qo'yishimiz ham, durang bo'lishi ham mumkin edi. Biroq omad biz tomonda bo'lib, ikkinchi golni urdik va g'alabani qo'lga kiritdik", - deya fikr bildirdi Mirjalol Qosimov.
- Birinchi davradagi kabi yana 90-daqiqada g'alaba to'pini kiritdinglar. O'shanda Nodir Abdurazzoqov gol urgandi, bugun u zaxirada qoldi. Siyavash Haqnazariy esa o'tgan bahsda ham, bugun ham zaxiradan tushib gol urdi. Bu yetakchilarni saqlab turish bo'yicha maxsus rejangizmi yoki ularning jismoniy holati 90 daqiqa o'ynashga to'liq tayyor emasmi?
- Yo'q, bu reja emasdi. Ikkinchi bo'limda o'yinni kuchaytirish zarurati tug'ildi. O'yindan oldin bahs vaziyatlari qanday rivojlanishini oldindan bilib bo'lmaydi. Bu uchrashuv davomida amalga oshirilgan o'zgarishlar bo'ldi va o'zini to'liq oqladi.
- Ikkinchi gol urilgan vaziyatda to'p maydondan chiqib ketdimi-chiqmadimi?
- Hozir mendan nima kutyapsiz? Hozirgina kiyinish xonasidan o'tdim, raqib tomonidan etirozlar ko'p bo'ldi. "Biz ham shunday vaziyatda bo'lganimizda, balki etiroz bildirgan bo'lardik", dedim. Ammo gol hisoblandi. Yo'lakda baqir-chaqir bo'layotganda: "Nima, yana o'ynamoqchimisizlar? Maydonga chiqinglar, o'ynayveramiz", deb hazillashdim. Boshqa iloj yo'q, o'yin tugadi. "Unaqa edi" yoki "bunaqa edi" desam ham noto'g'ri bo'ladi.
Bitta narsani bilaman va futbolchilarimga ham doim takidlayman: hakam bormi, hushtak chalindimi - to'xtaysan. Hushtak chalinmadimi - oxirigacha o'ynash shart. Chunki bunday holatlarda o'zimiz ham ko'p pand eganmiz.
- Bu "Lokomotiv" ustidan ketma-ket oltinchi g'alaba. Murabbiylar o'zgardi, ammo natija saqlanib qolmoqda. "Lokomotiv" siz va OKMK uchun qulay raqibga aylanib qoldimi?
- Unday deya olmayman, to'g'risini aytsam, bugun bildim oltinchi g'alaba ekanini. Bazan shunday bo'ladi, qaysidir jamoa noqulay bo'lib qoladi yoki o'yinni to'liq nazorat qilsangiz ham natija chiqmaydi. Biz har bir bahsga faqat g'alaba uchun chiqamiz. Futbolda sport principi - kurash bor. Hech kim yutqazishni xohlamaydi. Qolganini esa maydon hal qiladi, oldindan bilib bo'lmaydi.

- Mavsum yakunlanib bormoqda, futbolchilarda charchoq sezilmoqda. Noyabr oyida OKMKni "Nasaf", "Neftchi", "Navbahor"ga qarshi og'ir bahslar va Kubok uchrashuvlari kutib turibdi. Jamoa bunday taqvimda balansni ushlab tura oladimi?
- Maqsadimiz ham shu - barqarorlikni saqlab qolish va maydonda yaxshi o'yin ko'rsatish. Birinchi bo'limda tezkor gol urganimizdan so'ng yigitlarda biroz xotirjamlik ko'rindi. Futbolda piyoda yurib g'alaba qozonib bo'lmaydi, harakat kerak. Tanaffusda kiyinish xonasida ham buni tushuntirdim. Tarkibda rotaciya qilamiz, lekin yangi futbolchilarni qo'sha olmaymiz. Boshqa jamoalar ham xuddi shunday zich grafikda. Chempionatda ham, Kubokda ham yuqori darajada o'ynab, maqsadga erishishga harakat qilamiz.
- Oxirgi o'yinlarda "validolli g'alabalar" haqida gapiryapsiz. O'yinlar "validolsiz" o'tishi uchun jamoa birinchi navbatda nimani o'zgartirishi kerak?
- Aytilgan ko'rsatmani bajarish kerak. Aytilganni qilsa, o'ziga foyda. Bazida bu haqda gapirsang, futbolchi go'yoki hamma narsani biladigandek beparvo qarashi mumkin. Biz ham bu yo'llarni bosib o'tganmiz. Xalqimizda yaxshi gap bor: kattalar hech bo'lmaganda bitta ko'ylakni ko'proq yirtgan. Maydonga chiqqandan keyin maksimal darajada, oxirigacha kurashish shart. Futbolchi nafaqat o'zi, balki klub nufuzi uchun ham jon kuydirishi kerak.
- Hamidullo Abdunabiev ancha stabil o'yin namoyish etmoqda. O'tgan mavsum bilan solishtirganda posbon poziciyasida ancha katta o'sish bo'ldi. Ushbu o'sishda mavsum avvalida jamoaga taklif etilgan darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankovning hissasi qanchalik katta?
- Jamoada ishlaydigan har bir mutaxassis o'z hissasini qo'shmoqda. Jamoaga foyda keltirmoqda. Denis ham bundan istisno emas. Bir narsa bor-da, bunday maqtovlarni qabul qilish ham normal bo'lishi kerak. Ayrimlar bor, gapirasan, ammo o'zi bilganidan qolmaydi. "Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi", degan gap bor. Intizom degan narsa bor. Denis to'g'ri yo'lda bormoqda. Yigitlarda ham shunga yarasha ishtiyoq bor. Ayrim futbolchilar ketma-ket o'yinlarda asosiy tarkibda o'ynab qolsa, buyog'iga asosiydaman deb o'ylay boshlaydi. Bunday holat boksda bo'lishi mumkin, bir yilda bir jang o'tkazasiz va tamom. Bizda esa har kuni isbotlash kerak. Darvozabondan boshlab, hujumchiga qadar. Barcha o'z ustida ishlashi va menga isbotlashi kerak. Futbolda har kuni isbotlash kerak. Boshqa formula yo'q. Barcha shuni tushunishi kerak. O'tmish bilan yashab bo'lmaydi. Muxlis har kuni g'alaba qozongisi keladi.
- Futbolchilarga katta o'yinlarda alohida motivaciya berish shart emasdek. Masalan, Gvardiola "Liverpul"dan ko'ra "Brentford"ga qarshi o'yinga jamoani ruhlantirish qiyinroq ekanini aytgandi. Sizda ham shundaymi?
- Motivaciya har doim beriladi, ammo raqibga past nazar bilan qaramaslik kerak. "Validol" deganimning sababi ham shu: maydonda raqib ham 11 kishi bo'lib o'ynaydi. "Guliston" bilan o'yinning birinchi bo'limi tushunarsiz o'tdi, bu jarayon bir hafta oldin "Mashal" bilan bahsdan boshlangandi. Hozir oson raqibning o'zi yo'q. Shu bois bir o'yinda yaxshi o'ynab, keyin xotirjam bo'lib qolish yaramaydi.
- Bunday xotirjamlik tarkibda raqobatning kamligi bilan bog'liq emasmi?
- Hammasi boshda. Ishonch va imkoniyat berilganda, futbolchi maydonda o'zini ko'rsatishi lozim. Kuch, texnika, jismoniy holat bor, faqat o'sha salohiyatni maydonda to'liq ochib berish kerak. Futbol - dinamika. Yugurmasang, maydonda boringni bermasang, tanqid eshitishingga to'g'ri keladi.
To'g'ri, yigitlarga ham oson emas, yuqori puls va stress holatida o'ynashadi. Lekin bu kasbni hech kim majburlab tanlatmagan. Ayrimlar bor, yurushi o'zgarib qoladi. Yaratgan bergan yo'ldan yurib, imkoniyatidan unumli foydalanishi kerak. Biz faqat ular yanada yaxshiroq bo'lishi uchun gapiramiz. Futboldagi faoliyat qisqa, uning har bir daqiqasini qadrlash kerak. Vaqtida yulduz bo'lib, keyin shukrini qilmay, afsuslanganlarning ko'pini ko'rganmiz. O'tgan vaqtni esa ortga qaytarib bo'lmaydi. Vaqti kelganda ular juda katta yulduz edi. Ularning kimligini aytib o'tirmayman, ammo keyinchalik menga ayb o'zimda ekan deb aytishgan.
- "Lokomotiv" - OKMK Kubok finaliga qanday qaraysiz?
-Zo'r qarayman, yaxshi niyat. Hammasi niyatga bog'liq va OKMK yutadi, Xudo xohlasa.




