"Manchester Siti" saytida klub raisining rasmiy maktubi e'lon qilindi

26 sen 2026, 19:37
Bir necha kun oldin "Manchester Siti" 114 ta ish bo'yicha aybdor deb topildi.

“Shaharliklar” raisi Xaldun Al Muborak ushbu mavzuda o'zining rasmiy maktubini e'lon qildi.

Klub raisining maktubi

Men 18 yildan beri ushbu klubning bir qismiman. Sizlar bilan birga “Etixad”da, “Uembli”da va Istanbulda bo'lish sharafiga muyassar bo'lganman. Bu klub men uchun muhim, sizlar ham “Manchester Siti” siz uchun qanchalik qadrli ekanini qayta va qayta ko'rsatdingiz hamda aytdingiz. Bugun sizlarga maktub yozayotganimning boisi ham shunda.

Juma kungi OAV xabarlaridan so'ng, ko'pchiligingiz oqshomni do'stlaringiz, oilangiz va hamkasblaringizning savollariga hamda xabarlariga javob berish bilan o'tkazgan bo'lsangiz kerak. Men ham shunday qildim. Oilamga aytgan gapim shu bo'ldi: Premer-liga jarayoni hali uzoq davom etadi, klubning aybsizligini isbotlashga bo'lgan ishonchimiz va qatiyatimiz xuddi bu jarayon boshlangan ilk kundagidek mustahkam.

Poziciyamizga nega bunchalik ishonayotganimizni tushunishingiz uchun sizlar bilan bo'lishishni istagan narsalarim juda ko'p. Ammo huquqiy jarayonning qatiy mahfiyligi va unga hurmat bilan yondashishga bo'lgan qarorimiz hozircha buni qilishimga yo'l qo'ymaydi. Hatto ushbu maktub ham qoidalarga mos kelishini taminlash uchun bir nechta huquqiy tekshiruvlardan o'tdi.

Sizdan quyida keltirilgan, juma kuni e'lon qilgan bayonotimizni hamda 2023 yilning fevralida chiqarilgan bayonotimizni sinchkovlik bilan o'qib chiqishingizni so'rayman. Undagi har bir so'z muhim va o'z kuchida qoladi.

Bazilar shoshma-shosharlik bilan o'z xulosalarini chiqarishgan bo'lsa-da va atrofimizda juda ko'p shov-shuvlar avj olayotgan bo'lsa-da, hech narsa o'zgargani yo'q. Biz ilgari ham birgalikda qiyinchiliklarga duch kelganmiz va ularni engib o'tganmiz. Klubimizning shiddatini susaytirishni istaydiganlar hali ham ko'p. Biz ularga bunday imkoniyatni bermaymiz.

Xalqaro tanaffusdan so'ng bizni ajoyib lahzalar kutmoqda. Ikki haftadan so'ng “Enfild”ga safar qilamiz, so'ngra “Ittihod” stadionida Chempionlar ligasi doirasida “Pari Sen-Jermen”ni qabul qilamiz - bu lahzalar “Manchester Siti” oilasining qudratini nishonlash uchun bizga imkoniyat beradi.

Doimiy qo'llab-quvvatlashingiz uchun, hamishagidek, tashakkur.

Xaldun Al Muborak

Rais

“Manchester Siti” futbol klubi

Klub bayonoti, juma, 2026 yil 25 sentyabr

Premer-liga jarayoni davom etmoqda, hali bajarilishi kerak bo'lgan muhim bosqichlar bor va u qatiy mahfiylikka ega. Shu bois “Manchester Siti” FKning poziciyasi Klubning 2023 yil fevral oyidagi bayonotiga to'liq mos keladi.

Klub Premer-liga rahbariyati va ijroiya organi hech qanday tarafkashliksiz, mustaqil, xolis va adolatli tartibga soluvchi sifatida harakat qiladi degan ishonch bilan sakkiz yil davomida belgilangan huquqiy jarayonlarga qatiy rioya qilib keldi.

Klub bayonoti, 2023 yil fevral

“Manchester Siti” FK Premer-liga tomonidan taqdim etilgan keng ko'lamli hamkorlik va taqdim etilgan juda katta hajmdagi batafsil materiallarni hisobga olgan holda, Premer-liga qoidalarining go'yoki buzilgani haqidagi ayblovlar e'lon qilinganidan hayratda.

Klub o'z poziciyasini qo'llab-quvvatlaydigan inkor etib bo'lmaydigan dalillarning to'liq to'plamini xolisona ko'rib chiqish uchun ushbu masalaning mustaqil komissiya tomonidan o'rganilishini olqishlaydi.

Shuningdek, ushbu masalaga bir marta va butunlay nuqta qo'yilishini kutib qolamiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: mancity.com