"Manchester Siti"ning Premer-liga qoidalarini buzgani haqidagi ayblovlar: Ular nimadan iborat? Qanday jazo qo'llanishi mumkin? Keyin nima bo'ladi?

26 sen 2026, 19:17
"Manchester Siti" 2023 yil fevral oyida Premer-liga tomonidan liganing moliyaviy qoidalarini 100 dan ortiq marta buzganlikda ayblangan.

Mustaqil komissiya boshchiligidagi eshituv 2024 yil dekabr oyida yakunlangan. Endi esa ayblovlarning aksariyati "isbotlangani" haqidagi xabarlar fonida ish apellyaciya bosqichiga o'tayotgani aytilmoqda.

Sky Sports News bosh muxbiri Kave Solekol "Manchester Siti"ga nisbatan Premer-liga tomonidan qo'yilgan ayblovlar, tergovning kelib chiqishi va klubga nisbatan qo'llanishi mumkin bo'lgan jazolar haqida tushuntirib berdi. Shuningdek, jarayon apellyaciya bosqichiga o'tayotgani haqida xabarlar paydo bo'ldi.

gettyimages-2296462943-2048x2048.jpg

Eng so'nggi xabarlar qanday?

Xabarlarga ko'ra, mustaqil tribunal "Manchester Siti"ga qo'yilgan 115 ta ayblov bo'yicha qarorlar qabul qilgan.

Premer-liga bu masala xususiy va maxfiy jarayon bo'lgani sababli hozircha izoh bermayapti. Liga hech qanday qo'shimcha ma'lumot bermasligini bildirgan.

"Manchester Siti" vakili shunday dedi:

"Premer-ligadagi jarayon hali davom etmoqda. Uning muhim qismlari hali yakunlanishi kerak va jarayon qatiy maxfiylik shartlari asosida olib borilmoqda. Shu sababli, “Manchester Siti” futbol klubining poziciyasi 2023 yil fevral oyidagi klub bayonotida bildirilgan poziciya bilan bir xil bo'lib qolmoqda.

Klub sakkiz yil davomida belgilangan tartibga vijdonan rioya qilib keldi. Buning asosida Premer-liga kengashi va ijroiya organi mustaqil, xolis va adolatli regulyator sifatida, bir tomonlama ta’sirlardan xoli holda harakat qiladi, degan ishonch yotar edi".

"Manchester Siti"ga qanday ayblovlar qo'yilgan?

"Manchester Siti" 2009 yildan 2018 yilgacha bo'lgan to'qqiz yillik davr mobaynida Moliyaviy feyr-pley (FFP) qoidalarini buzganlikda ayblangan. Shuningdek, klub Premer-liganing uning moliyaviy faoliyati bo'yicha o'tkazgan tergovlarida to'liq hamkorlik qilmaganlikda ham ayblangan.

Premer-liga 2023 yilda "Siti"ga ayblov qo'yganida, rasmiy bayonotda qoidalarning 115 marta ehtimoliy buzilgani ko'rsatilgan edi. Biroq amaldagi ayblovlar soni 130 ta ekani taxmin qilinmoqda.

Mazkur davr mobaynida barcha ayblovlarni rad etib kelayotgan "Manchester Siti" Premer-ligada uch marta chempion bo'lgan.

Premer-liganing Moliyaviy feyr-pley (FFP) qoidalari klublar asosan o'zlari ishlab topgan mablag'lar doirasida xarajat qilishini taminlashga qaratilgan. Biroq daromad miqdorini sun'iy ravishda oshirish yoki xarajatlarni yashirish orqali bu qoidalarni chetlab o'tish mumkin.

PSR (Foydalilik va barqarorlik qoidalari) hamda FFP davrida daromadni sun'iy ravishda oshirish nazariy jihatdan klubga transferlar va futbolchilar maoshiga ko'proq mablag' sarflash imkonini berishi mumkin.

Premer-liga ma'lumotlariga ko'ra, "Manchester Siti" to'qqiz mavsum davomida aniq moliyaviy ma'lumotlarni taqdim etmagan holda qoidalarni buzgan bo'lishi mumkin.

"Siti"ga qo'yilgan ayblovlar orasida klub o'z murabbiylaridan birining to'rt yillik davrda olgan moliyaviy to'lovlarini to'liq oshkor qilmagani haqidagi davo ham bor. Taxminlarga ko'ra, maxfiy shartnoma mavjud bo'lgan va murabbiy rasmiy ko'rsatilganidan ancha ko'proq maosh olgan.

Shuningdek, Premer-liga "Manchester Siti" besh yillik davr mobaynida UEFAning FFP qoidalariga ham rioya qilmaganini davo qilmoqda.

Eng katta qismi 2009/10 yilgi mavsumdan 2017/18 yilgi mavsumgacha bo'lgan davrga taalluqli bo'lib, klublardan aniq moliyaviy ma'lumotlarni taqdim etish va o'z faoliyatini to'liq halollik asosida yuritish talab qilingan.

Qoidalarning keyingi guruhi murabbiylar va futbolchilarga amalga oshirilgan to'lovlarni to'liq oshkor qilish bilan bog'liq. Murabbiyga oid ehtimoliy qoidabuzarliklar 2009/10 yildan 2012/13 yilgacha, yani Roberto Manchini jamoani boshqargan davrga tegishli. Futbolchilarga to'lovlar bo'yicha ehtimoliy qoidabuzarliklar esa 2010/11 yildan 2015/16 yilgacha bo'lgan barcha mavsumlarni qamrab oladi.

Moliyaviy ma'lumotlarni taqdim etishdan tashqari, klublar UEFA va Premer-liga qoidalariga ham rioya qilishi kerak edi. Ushbu qoidalar klub xarajatlarini daromadlariga mos darajada ushlab turish, yani zarar miqdoriga belgilangan cheklovlar qo'yish orqali moliyaviy barqarorlikni taminlashga qaratilgan.

“Manchester Siti” 2013/14 yildan 2017/18 yilgacha bo'lgan davrda UEFAning licenziyalash va moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzganlikda, shuningdek, 2015/16 yildan 2017/18 yilgacha Premer-liganing Foydalilik va barqarorlik qoidalarini buzganlikda ayblangan.

Ayblovlarning so'nggi guruhi Premer-liga tomonidan “Siti”ga nisbatan tergov olib borilgan besh mavsumni qamrab olgan. Bu qoidalar liga a'zolaridan ma'lumot va hujjatlarni taqdim etish orqali tergov bilan to'liq va halol hamkorlik qilishni talab qiladi.

Tergov qanday boshlangan?

Qoidalarning ehtimoliy buzilishi haqidagi ma'lumotlar ilk bor 2018 yilda Germaniyaning Der Spiegel nashri tomonidan chop etilgan bir qator maqolalarda paydo bo'lgan. Maqolalar sudlangan portugaliyalik xaker Ruy Pintu tomonidan qo'lga kiritilgan elektron xatlarga asoslangan edi. Ushbu materiallar Football Leaks veb-saytida ham paydo bo'lgan.

Ushbu hujjatlar orasida sobiq bosh murabbiy Roberto Manchiniga Abu-Dabida joylashgan bir klubda konsalting xizmati uchun amalga oshirilgan ehtimoliy to'lovlar haqidagi ma'lumotlar ham bor edi. Bu to'lovlar uning “Manchester Siti” bilan tuzgan asosiy shartnomasidan tashqari amalga oshirilgani aytilgan.

Shuningdek, “Siti” futbolchilar bilan tuzilgan klub shartnomalarida ularning imij huquqlari uchun to'lovlarini ko'rsatish bilan bog'liq qoidalarni buzganlikda ham ayblangani ma'lum.

Premer-liga tergovi voyaga etmagan futbolchilarga amalga oshirilgan to'lovlar masalasiga ham e'tibor qaratgan.

Bundan tashqari, tergov doirasida klub homiylari tijorat shartnomalari bo'yicha to'lovlarni o'zlari amalga oshirganmi yoki mablag'ning katta qismi amalda klub egasi Shayx Mansur tomonidan berilganmi, degan masala ham o'rganilgan.

2020 yil fevral oyida "Siti" UEFAning FFP qoidalarini buzganlikda aybdor deb topildi va ikki yillik Yevropa musobaqalaridan chetlatish hamda 30 million evro jarima jazosiga hukm qilindi.

Biroq besh oy o'tgach, Sport arbitraj sudi (CAS) ikki yillik taqiqni bekor qildi va jarimani 10 million evroga tushirdi.

CAS "Siti" UEFA tergov jarayoniga "ochiq-oydin e'tiborsizlik" bilan munosabatda bo'lganini aytdi, ammo klubni "akciyadorlik mablag'larini sponsorlik hissasi sifatida niqoblash"da aybdor deb topmadi.

Qarorda ehtimoliy qoidabuzarliklarning aksariyati "isbotlanmagan yoki davo muddati o'tib ketgani" qayd etilgan. UEFA qoidalariga ko'ra, bunday ishlar bo'yicha taqib faqat besh yillik davr ichida amalga oshirilishi mumkin edi.

"Siti" CAS qarori "klubning poziciyasi va u taqdim eta olgan dalillar bazasini tasdiqlagani"ni bildirgan.

Biroq Premer-ligada ehtimoliy qoidabuzarliklarni tergov qilish uchun bunday muddat cheklovi mavjud emas. Shuning uchun liga klubga 2009 yildan boshlangan davrni qamrab olgan ayblovlarni qo'ygan.

Premer-liga 2023 yil fevral oyida "Siti"ga rasman ayblov qo'yganida, klub bu holatdan "hayratda" ekanini bildirgan va o'z poziciyasi "rad etib bo'lmaydigan keng qamrovli dalillar bazasi" bilan tasdiqlanganini takidlagan.

Eshituv qachon bo'lib o'tgan?

"Manchester Siti" va Premer-liga o'rtasidagi ish bo'yicha eshituv 2024 yil 16 sentyabrdan 6 dekabrgacha davom etdi.

12 hafta davom etgan eshituv Londondagi Xalqaro nizolarni hal qilish markazida uch nafar mustaqil a'zodan iborat komissiya oldida o'tkazildi.

Eshituv yakunlanganidan keyin qaror chiqarish uchun bir necha oy kerak bo'lishi avvaldan kutilgan edi. Bu ayblovlar soni juda ko'pligi va ko'rib chiqilishi lozim bo'lgan ma'lumotlar hajmi kattaligi bilan bog'liq.

Qanday jazolar qo'llanishi mumkin?

Agar komissiya "Manchester Siti"ga qarshi qaror chiqarsa, unga o'z ixtiyoriga ko'ra istalgan jazoni qo'llashi mumkin.

Premer-liga qoidalariga ko'ra, jazo turli ko'rinishlarda bo'lishi mumkin: ochkolarni olib tashlash, jarima solish yoki hatto klubni Premer-ligadan chiqarib yuborish.

 Telegraph va Sky Sports ma'lumotlari asosida tayyorlandi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia