Kroos Saudiya Arabistoniga ko'chib o'tgan futbolchilarni tanqid qildi

Sherzod Nurmatov
21 okt 2023, 12:00
Madridning "Real" klubi yarim himoyachisi Toni Kroosning fikricha, Saudiya Arabistoni ligasiga faqat pul uchun o'tish mumkin.

"Messining transferida hech qanday yomon narsa ko'rmayapman. Nega Mayamida 2-3 yil o'ynab, keyin tugatmasligi kerak? Saudiya Arabistoniga borish men uchun boshqa muammolar tufayli qiyinroq. 

Inson huquqlari mening o'tishimga to'sqinlik qiladigan narsalardan biridir. Ammo har kim o'zi qaror qiladi – masalan, faoliyatining oxirida buni qilishga qaror qilgan Krishtianu Ronaldu. Ammo futbolchilar o'zining eng yaxshi chog'ida, Yevropaning top-klublarida o'ynay oladigan sifatga ega bo'lib turganida u erga borishi... Keyin esa bu odamlar o'zlarining maqsadlari borligini aytishadi. Lekin hammasi pul uchun. Bu qarorlar pul uchun va futbolga qarshi qabul qilinmoqda. Bundan buyon esa barchamiz biladigan va sevadigan futbol uchun hammasi qiyinlashadi", – dedi Toni Kroos.

Eslatib o'tamiz, Krishtianu Ronalduning Saudiya Arabistoni ligasiga o'tishi ko'plab yulduz va mashhur futbolchilar uchun eshiklarni ochgandek bo'ldi. Yozda bu mamlakatga Neymar, Karim Benzema, Sadio Mane va boshqalar ko'chib o'tishdi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Sports Illustrated