"Al Ittihod" bosh murabbiyi: "Maqsadimiz – "Neftchi"ni mag'lub etish. Sovuq ob-havo bizga ta’sir qilmaydi"

Aslanov Jasurbek
25 okt 2026, 22:51
"Al Ittihod" bosh murabbiyi Yens Vissing uning jamoasi ertaga Osiyo Chempionlar ligasi Elitasining 3-turi doirasida O'zbekistonning "Neftchi" jamoasiga qarshi o'yinda g'alaba qozonishni maqsad qilganini ta'kidlab, jamoa ketma-ket ikkita g'alabadan so'ng uchrashuvga ko'tarinki kayfiyatda yetib kelganini qayd etdi.

Vissing o'yinoldi matbuot anjumanida jamoa ichidagi muhit ijobiy ekanligini va tayyorgarlik yaxshi kechayotganini aytib, kuchli raqibga qarshi o'yinning qiyinligini anglagan holda, maqsad aniq va u uch ochko bilan qaytishdan iborat ekanligini tasdiqladi.

O'zbekistondagi iqlim sharoitlari haqida to'xtalar ekan, "Al Ittihod" ustozi sovuq ob-havo uning jamoasiga to'sqinlik qilmasligini tushuntirib, futbolchilar issiq yoki sovuq bo'lishidan qati nazar, turli sharoitlarga moslashishga tayyor ekanliklarini ta'kidladi.

Vissing o'yinlar tig'izligining uning taktik tanlovlariga ta’siriga ham to'xtalib, ketma-ket o'yinlar tarkibni tanlashda qiyinchilik tug'dirishini, shuningdek, u qo'llaydigan o'yin uslubini barcha futbolchilar talab darajasida bajara olishi uchun ko'proq vaqt kerakligini tushuntirdi.

U bazi futbolchilar uning taktik g'oyalarini o'zlashtirishga ulgurganini, boshqalari esa yangi uslubga moslashish uchun qo'shimcha vaqtga muhtojligini qo'shimcha qilib, rivojlanish jarayoni uzluksiz mehnat va sabr-toqatni talab qilishini ta'kidladi.

Raqib haqida gapirar ekan, Vissing "Neftchi" jamoasini yaxshi o'rganganini va ularning salohiyatini bilishini ko'rsatib o'tdi. U raqibni O'zbekistonning kuchli va yetakchi jamoasi sifatida tariflab, bu qarama-qarshilik "Al Ittihod" uchun qiyin sinov bo'lishini aytdi.

"Al Ittihod" bosh murabbiyi ijobiy natijalarni davom ettirish va Osiyo Chempionlar ligasi Elitasidagi imkoniyatlarini oshirish maqsadida, jamoasi raqibni hurmat qilgan va o'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rgan holda g'alaba qozonish mentaliteti bilan maydonga tushishini ta'kidlab, o'z so'zlarini yakunladi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: akhbaar24