

Futbolchining takidlashicha, jamoadagi barcha futbolchilarning asosiy maqsadi finalga chiqish bo'lgan. Shu bois uchinchi o'rin uchun o'ynash hech kimni quvontirmaydi, ammo milliy jamoa oldidagi mas'uliyat baribir birinchi o'rinda turadi.
"Biz Fransiya terma jamoasi uchun o'ynash majburiyatiga egamiz. Bizning o'rnimizda bo'lishni istaydiganlar juda ko'p. Lekin rostini aytsam, hech birimiz bu o'yinda qatnashishni istamaymiz, chunki orzumiz finalda o'ynash edi. Shunga qaramay, o'z burchimizni oxirigacha bajarishimiz kerak", - dedi Konate.
Himoyachi shuningdek, mazkur uchrashuv Dide Desham uchun Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi so'nggi bahs bo'lishiga ham to'xtaldi.
"Avvalo, biz o'zimiz uchun g'alaba qozonishni xohlaymiz. Shu bilan birga, buni Dide Desham uchun ham amalga oshirishni istaymiz. U Fransiya futboli va biz futbolchilar uchun juda katta ish qildi. Bugun Jahon chempionatida ishtirok etayotganimiz ham uning bizga ishonch bildirgani tufayli. Biz undan minnatdor bo'lishimiz kerak.
Agar tarkibda rotaciya bo'lsa, vaziyat o'zgarishi mumkin. Ammo maydonga tushgan har bir futbolchi g'alaba uchun kurashadi. Bu Fransiya va Angliya o'rtasidagi bahs. Bu raqobat katta tarixga ega. Biz shu tarixni, milliy gerbimizni va stadionga keladigan muxlislarimizni hurmat qilishimiz shart", - deya qo'shimcha qildi Konate.
Eslatib o'tamiz, Fransiya va Angliya terma jamoalari JCH–2026ning uchinchi o'rin uchun bahsida o'zaro to'qnash keladi. Bu uchrashuv Dide Deshamning Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi so'nggi rasmiy o'yini bo'ladi.



