

"GB News" nashrining xabar berishicha, Angliya terma jamoasi JCH-2026 paytida joylashadigan Kanzas-Sitidagi mashg'ulot bazasi xavfsizlikni taminlash hamda jamoa mashg'ulotlarini yashirincha kuzatish (josuslik) holatlarining oldini olish maqsadida dronlardan qo'riqlanadi.
Rejaga ko'ra, baza atrofida havodagi begona dronlarni tutib olishga qodir bo'lgan maxsus "ovchi dronlar" joylashtiriladi. Shuningdek, mashg'ulot lagerini qo'riqlash uchun dronlarni masofadan turib zararsizlantiruvchi (bo'g'uvchi) qurilmalar bilan jihozlangan policiya xodimlari ham jalb etiladi.
Qayd etilishicha, bunday kuchaytirilgan xavfsizlik choralari jahon chempionati vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan yashirin kuzatuvlar, mashg'ulotlarga xalaqit berish urinishlari va ehtimoliy siyosiy norozilik namoyishlaridan xavotirlar ortib borayotgani fonida ko'rilmoqda.
Eslatib o'tamiz, jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida 11 iyundan 19 iyulga qadar bo'lib o'tadi. Angliya terma jamoasi guruh bosqichida Xorvatiya, Gana va Panama jamoalariga qarshi bahs olib boradi.


