

"Iyun oyida "Seltik" bilan shartnomam muddati tugagach, professional futbolchilik faoliyatimni to'xtataman. Bu qaror men uchun va mensiz qabul qilib bo'lingan edi. Elkamdagi jarohat bo'yicha turli jarrohlar va ekspertlar bilan maslahatlashdim, ular menga yuqori darajadagi futbolga qaytish haqida o'ylamay qo'ya qolishimni aytishdi. Uzoq o'yladim va hozir buning ayni vaqti deb hisoblayman.
Mart oyida vaziyat qanchalik jiddiy ekanligini to'liq anglamagandim. Bu uzoq davom etgan jarayon bo'ldi. Fevral oyida elkam bilan yiqilganimda, bu shunchaki dahshat ekanini sezgandim. Mamlakat bo'ylab yurib, bir nechta ko'riklardan o'tdim, nimalar qilish mumkinligi va qanday variantlar borligini o'rgandim. Tibbiy xulosada ko'p narsa qilib bo'lmasligi, aksincha, bundan keyin qanday hayot kechirishni xohlayotganim haqida gap bordi. Farzandlarimni tarbiyalay olamanmi? Ko'chaga chiqib, faol hayot tarzini yurita olamanmi?
Yana futbolga qaytib o'ynashni, operaciya orqali maydonga tushishni orzu qilgandim va bunga umid bog'lagandim. Ammo men yuqori darajada to'p surishni istardim, bu esa juda qiyin bo'lardi.
Menimcha, har bir futbolchi maydonda turib xayrlashishni orzu qiladi, lekin doim ham sen xohlagan narsa bo'lavermaydi. Faoliyatim davomida juda ko'p narsalarga erishdim, shuning uchun futboldan hech qanday ginam yo'q. Faoliyatimda ko'plab imkoniyatlar, qiziqarli voqealar va katta tajriba bo'ldi.
Eng yorqin xotira bo'lib do'stlarim bilan bo'lgan munosabatlar qoladi. Quvonchli va qayg'uli kunlarda ular bilan baham ko'rgan lahzalarim. Men xayrlashuv uchrashuvi sifatida yana bitta o'yinni osongina rejalashtirishim mumkin edi, afsuski, bu amalga oshmaydigan bo'ldi.
Men maydonga tushgan 900 dan ortiq uchrashuvlar ichidan qaysidir maxsus lahzalarni ajratib ko'rsatish qiyin. Albatta, "Lester" bilan chempion bo'lish ajoyib edi, lekin men uchun eng muhim jihatlardan biri - doim shu yerda o'ynash imkoniyatiga ega bo'lganimdir. Daniya milliy terma jamoasi safida yirik turnirlarning final bosqichlarida qatnashish, terma jamoa sardori bo'lish - bular bolalikdagi orzularim edi. Bu men uchun eng qadrlisi bo'lsa kerak.
2021 yilgi Yevropa chempionati doimo takrorlanmas voqea sifatida yodda qoladi. Evro o'yinlarini o'z muxlislarimiz ko'z o'nggida, mana shu yerda - "Parken" stadionida o'tkazganimiz va Kristian [Eriksen] bilan bog'liq sodir bo'lgan voqealar. O'shanda butun mamlakat terma jamoa atrofida birlashganini his qilgandik. Bizga ko'rsatilgan o'sha qo'llab-quvvatlash va mehr-muhabbatga hech narsa teng kelolmaydi.
Atrofimda shunchalik yaxshi insonlar borligidan baxtiyorman. Hayotim, shubhasiz, futbol bilan bog'liq edi, lekin undan tashqarida ham hayotim bor va endi keyingi yo'lim qanday bo'lishini tushunish uchun biroz vaqt ajratishim kerak. Bu juda qiziq. Odamlar endi futbol o'ynamasligimni bilishgach, hamma narsaga tayyor turishadi deb umid qilaman. Mening o'zimda futboldan keyingi hayotim qanday bo'lishi borasida aniq bir reja yoki tasavvur yo'q", - dedi Shmeyxel.
Kasper professional faoliyatini "Manchester Siti"da boshlagan va u yerdan 5 marta boshqa klublarga ijaraga berilgan. Keyinchalik u "Notts Kaunti", "Lids", "Lester", "Nicca", "Anderlext" va "Seltik" klublarida to'p surdi.
Darvozabon "Lester" tarkibida 2016 yilda Angliya chempioni bo'ldi, shuningdek, 2021 yilda mamlakat Kubogi va Superkubogini qo'lga kiritdi. "Seltik" bilan esa ikki marta Shotlandiya chempionligini va bir marta Shotlandiya liga Kubogini yutdi.


