Jamoliddin Rahmatullaev: "G'azalkent"dan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng ishlarimiz yurishib ketdi"

Aslanov Jasurbek
21 sen 2026, 20:56
Proliga 20-turdan o'rin olgan "Lochin" – "Respublika FA" uchrashuvidan so'ng "Respublika FA" bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Juda yaxshi, tomoshabop o'yin bo'ldi. Bugungi raqimiz to'p bilan o'ynashni xush ko'radigan jamoa, "Lochin" avvalgi o'yinlarda ham to'p bilan muomala qilib, pozicion hujumlar uyushtirib ko'p ochko yiqqandi. Maqsadimiz raqibga to'pni berib qo'ymaslik edi va buni amalga oshirishga harakat qildik. Odatda bunday jamoalar to'psiz qolsa ko'p qiynaladi. Bugun "Lochin" ko'p bor asabiylashib, o'zi xohlagan futbolni ko'rsata olmadi. Biz esa o'yin nazoratini qo'lga olib, shuning evaziga g'alaba qozondik.

- Uchinchi gol juda esda qolarli bo'ldi. Buni mavsumning eng chiroyli goli deyish mumkinmi?
- Asilbek Aliev chindan ham standartdan juda chiroyli gol urdi. Shogirdim bo'lgani uchun unga bemalol a'lo baho qo'ya olaman. Lekin eng chiroyli gol ekanini ko'proq muxlislar aniqlagani maqul.

- "Lochin" bilan birinchi davradagi bahs 0:0 hisobida yakun topgandi. Bugun esa jamoangiz 3:0 hisobida yutuqqa erishdi. Buni tezkor gol bilan izohlasa bo'ladimi?

- "Lochin" jamoasi ta'kidlab o'tganimdek, birinchi davrada juda chiroyli o'yin namoyish qilgandi. Ikkinchi davradagi hamma o'yinlarini ko'rib chiqdim. Ko'proq to'p nazoratiga e'tibor beradigan jamoa. Yoshlarimiz o'yindan o'yinga kuchayib bormoqda. Birinchi davrada ham shu yigitlar edi, lekin ularning o'yini ancha o'sdi. Biz Proliga nafasini oldik, bu yigitlar terma jamoada xalqaro uchrashuvlar o'tkazishdi. Bu holat baribir futbolchilarni rivojlantiradi. O'ylaymanki, jamoa sifatida shakllanib boryapmiz.

- Statistikaga qaraydigan bo'lsak, faqat "G'azalkent"ga yirik hisobda mag'lub bo'lgansiz. Qolgan o'yinlarda kichik hisobli mag'lubiyatlar kuzatilgan. "G'azalkent" bilan nima uchun 0:7 qayd etilgan deb hisoblaysiz?
- Bu borada ko'p gapirdik. To'g'ri aytdingiz, "G'azalkent"dan tashqari hech kimga yirik hisobda mag'lub bo'lmadik. Ko'pincha bitta to'p farqi bilan engildik. Endi u o'yinda ikki nafar futbolchimizning qizil kartochka olishi ko'p narsani o'zgartirib yuborgandi.

Maydonda ikki kishi kam qolib ham kurashganmiz. Yigitlarimiz yosh, qoni qaynoq bo'lgani uchun hisobni tenglashtirish maqsadida ko'p marta shoshilib oldinga chiqib ketdik. Bazan raqibning har bir ishi o'xshaydi, sizda esa aksincha. O'sha uchrashuvda ham shunday bo'lgandi.

Nimaiki bo'lsa hammasi yaxshilikka. Yirik mag'lubiyatdan keyin futbolchilar bilan gaplashdik, shundan so'ng ishlarimiz yaxshi tomonga yura boshladi. Mag'lubiyatdan to'g'ri xulosa chiqarganimiz bois yaxshi tomonga rivojlandik. Agar jamoamiz ruhiyati bilan ishlamaganimizda, yigitlarga ishonch bermaganimizda bu mag'lubiyat zararga ishlashi mumkin edi. Hozir ko'ryapmizki, o'sha o'yin jamoamiz uchun yaxshi tomonga burilish nuqtasi bo'lgan ekan.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia