Jamoliddin Rahmatullaev - Koreya bilan o'yin, "G'azalkent"dagi raqobat va Behruz Karimovning "Lugano"ga o'tishi haqida

Iskandarov Abdulaziz
27 avg 2026, 14:30
O'zbekiston U-20 terma jamoasi bo'lajak rasmiy musobaqalarga tayyorgarlik doirasida koreyalik tengqurlariga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi (1:0).

Bellashuv yakuniga etgach, terma jamoa bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev uchrashuv taassurotlari, tarkibdagi raqobat, jarohatlar va legionerlarimiz haqida berilgan savollarga batafsil javob qaytardi…

​- Jamoliddin aka, dastlab Koreya bilan o'yindan olingan xotirjam xulosalaringiz bilan o'rtoqlashsangiz?

​- Koreya bilan o'yinga keladigan bo'lsak, ikki jamoa uchun ham saralash turniridan oldin juda foydali bellashuv bo'ldi. O'yin tempi kutilganidek yuqori kechdi, ayniqsa ikkinchi bo'limda. Futbolchilarimiz terma jamoa yig'iniga har xil vaqtda va turli holatda kelib qo'shilishayotgani sababli, bahs jismoniy tomondan biroz murakkab kechishini kutgandik. Hatto ayrim yigitlar shu o'yindan so'ng safimizga kelib qo'shilishadi. Taktik tomondan ham ishlash kerak bo'lgan holatlarni aniqlab oldik, bu yaxshi, albatta.

​- Jahon chempionati mezboni o'zimiz. Bu oldindagi rasmiy musobaqalarda ruhiy tomondan xotirjamlikka olib kelmaydimi? Umuman, saralashga jamoa qanday tayyorgarlik ko'rmoqda?

​- To'g'ri ta'kidlab o'tdingiz, bu yoshdagi eng muhim musobaqa - bu yurtimiz mezbonlik qiladigan JCH hisoblanadi. Lekin bu musobaqagacha bizni uzoq yo'l va muhim musobaqalar kutib turibdi. Yani Osiyo Kubogi uchun saralash, nasib qilsa Osiyo Kubogi va, albatta, JCH. JCH yo'llanmasini qo'lga kiritib bo'lganimiz xotirjamlik bermaydi, aksincha, qaysidir manoda yigitlardan biroz bosimni olishi mumkin. Lekin aniq bilamanki, futbolchilar, shtab, barcha-barcha har bir musobaqada, hatto xalqaro o'rtoqlik o'yinlarida ham o'zlarini bor kuchlari bilan, mas'uliyat bilan harakat qilishadi. Chunki o'rtada Vatan shani turadi.

​Saralash turniriga 20 avgustdan Milliy terma jamoalar bazasida yig'inni boshladik. Albatta, bu musobaqa FIFA kunlariga to'g'ri kelmaganligi sababli optimal tarkibni yig'ishda muammolarga duch kelyapmiz va imkon tug'ilganda, har qanday vaziyatda terma jamoa shanini birinchi o'ringa qo'yib, bizga yaqindan yordam berib kelayotgan klublarga minnatdorchilik bildiraman.

​- Tarkibda jarohat olganlar yo'qmi?

​- Jarohat sabab tarkibdan tushib qolgan bir futbolchi - bu Sirojiddin Jumadullaev. Ayrim futbolchilar jarohatdan tuzalishgan, lekin jismoniy holati optimal emas.

​- Ko'pchilik "G'azalkent"dan futbolchi olinmaganini muhokama qildi. Bu shunchaki raqobat bilan bog'liqmi yoki siz ularni munosib ko'rmadingizmi, yoki ular tarkibga munosib bo'lsa ham boshqa futbolchilarni sinab ko'rmoqchimisiz?

​- Nega endi, bizda Asilbek Abdurasulov bor - "G'azalkent" futbolchisi, 2-davradan ijara asosida RFAda to'p tepishni boshladi. So'nggi Iordaniya davlatida o'tgan yig'inda esa "G'azalkent"ning ikki futbolchisi ishtirok etdi va bu jamoaning deyarli hamma 2007/08 yilda tug'ilgan futbolchilariga terma jamoada o'z o'rinlari uchun kurashish imkoniyatini berganmiz.

​O'ylaymanki, bizda nafaqat "G'azalkent", balki boshqa jamoalar bilan ham muammo yo'q. Bu - terma jamoa, demak, raqobatda yutib chiqqan va hozirgi paytda eng zo'rlar o'ynaydi, u xoh "Paxtakor", xoh “Yaypan” futbolchisi bo'lsin.

​- Behruz Karimov bu yoshda birinchi bo'lib milliy terma jamoada Jahon chempionatida qatnashdi. Uni "Lugano"ga o'tganini qanday qabul qildingiz? Behruzni keyingi yil U-20 Jahon chempionatida ko'rishimiz mumkinmi?

​- Behruz Karimov! U nafaqat yaxshi futbolchi, balki irodali, mehnatkash, kamtar yigit. 2023 yilgi U-17 JCHdagi o'yinlari ham ko'rsatgandiki, u juda istedodli. Uni "Lugano"ga o'tish ehtimoli katta ekanini o'zidan eshitgandim va bu yoshda doimiy o'yin amaliyoti bo'lishi muhimligi hamda to'g'ri tanlov ekani haqida gaplashgandik.

​Albatta, U-20 terma jamoamizda barcha futbolchilar Behruzni juda hurmat qilishadi, havas qilishadi. Uning jamoada bo'lishi har tomonlama foydali bo'ladi. Buni, albatta, vaqt ko'rsatadi.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia