

- Futbolni va O'zbekistonni sog'inibman. O'yin haqida nima deyishim mumkin? Kecha uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko'rdik, raqibni yaxshi tahlil qildik. Yigitlar bugun maydonda munosib harakat qilishdi. "Bunyodkor" ilgari ko'rsatgan o'yin uslubiga xos harakatlandi. Men talab qilgan narsa - tartib va intizomga rioya etishdi, o'z imkoniyatlarini kutishdi. To'pni olib qo'ygandan so'ng hujumga o'tish fazasi bo'yicha aniq vazifa berilgandi. O'ylaymanki, bu taktika bir necha bor ish berdi, faqat gol urish uchun biroz aniqlik yetishmadi.
Eng muhimi, maydonda haqiqiy jamoani ko'rdim. Yigitlar taslim bo'lishmadi, oxirigacha kurashishdi. Bugun mag'lubiyatga uchramaslik biz uchun juda muhim edi. Qizil kartochka o'yinga biroz ta’sir qildi, albatta. Bilasiz, maydonda bir kishi kam bo'lib qolish himoyalanishni qiyinlashtiradi. Shunga qaramay, futbolchilarga etirozim yo'q. Ular sifatli futbol ko'rsatishdi. Ishlashda davom etamiz, tushkunlikka tushmaymiz. Oldinda yana 10 ta o'yin bor - bu 30 ochko degani. Har bir bahsda o'z ochkolarimiz uchun oxirigacha kurashamiz. Vaziyatni o'nglashning imkoni bor. Men bunga ishonaman, shu bois bu erga kaytdim.
- Xayrli kech. Umid qilamizki, matbuot anjumanlarini siz ham sog'ingansiz. O'yindan oldin OAVda "Bunyodkor" bir necha kun mashg'ulot o'tkazmagani, Toshkentga yaqindagina uchib kelib, kecha bir martagina shug'ullangani haqida xabarlar tarqaldi. Tayyorgarlik jarayoni qanday kechdi? Klub rahbariyati bilan nimalarni muhokama qildingiz? Jamoa 10-o'ringa tushib ketgan bo'lsa-da, oldinda 10 ta o'yin bor. Joriy mavsumdagi asosiy maqsad nimadan iborat?
- Asosiy maqsad - Superligada o'z o'rnimizni saqlab qolish. Qanday yo'l bilan bo'lmasin, pley-offsiz vazifani uddalaymiz, deb o'ylayman. Bu - birinchi galdagi vazifa. Keyingisini vaqt ko'rsatadi. Kuchimizga ishonaman. Oxirigacha kurashamiz, taslim bo'lish yo'q. "Bunyodkor" avval ham murakkab vaziyatlarni boshdan kechirgan va har safar oyoqqa turish uchun o'zida kuch topgan. Bu safar ham shunday bo'ladi.
Tayyorgarlikka kelsak, maydonda ko'p narsani sinab ko'rishga vaqt yetmadi. Lekin raqibni atroflicha tahlil qilib, o'zimizning kuchli tomonlarimizga tayandik, ularning zaif nuqtalaridan va tezligimizdan foydalanmoqchi edik. Bu taktika bir necha bor o'xshadi, ammo yakuniy natijani bermadi. Eng muhimi, futbolchilar ko'rsatmalarimni to'liq bajarishdi. Murabbiy sifatida bundan qoniqdim. Bu tarkib bundan-da yaxshiroq natijalarga loyiq. Hozir ayrim futbolchilarimiz jarohat olishgan, tajribali o'yinchilar safga qaytgach, o'yin sifati yanada yaxshilanadi.
- Jamoada pasayish kuzatilgan vaqtda yangi murabbiyning kelishi futbolchilar uchun qo'shimcha motivaciya beradi. Bu ular uchun o'z imkoniyatlarini ko'rsatishga yangi imkoniyatdir. Bugun maydonda ana shunday ruhiy ko'tarilishni sezdingizmi?
- Bugun maydonda tartibli va bor e'tiborini o'yinga qaratgan jamoani ko'rdim. Sportda ham, hayotda ham mashaqqatlar insonni toblaydi. Murakkab vaziyatni yosh futbolchilar uchun o'sish va tajriba orttirish imkoniyati deb bilaman. Yakuniy maqsadimiz - "Bunyodkor"ni elitada saqlab qolish. Oldimizda uch oy vaqt bor, vaziyatni o'nglash uchun juda ko'p ishlashimiz kerak.

- Odatda yangi murabbiy kelgach, jamoada ruhiy ko'tarilish yuz berib, natijalar tez orada yaxshilanadi. Futbolchilaringizda shu kabi ijobiy o'zgarishni payqadingizmi?
- Ijobiy jihatlar juda ko'p bo'ldi. Ochig'i, maydonda hayajon yuqoriroq bo'lishini kutgandim, ammo yigitlar sovuqqonlik bilan harakat qilishdi. Qalbida o't bilan, lekin aql bilan o'ynashgani uchun ularga rahmat aytaman. Jamoa tarkibiga real baho bersak, mahoratli vakillar bilan bir qatorda juda yosh futbolchilar ham ko'p. Shu bois psixologik holat natijaga bevosita ta’sir ko'rsatadi. Hozirgi vazifamiz - kayfiyatni ko'tarish va to'g'ri motivaciya berish. Bu vaziyat ko'plab yoshlar uchun o'zlarini ko'rsatishga katta imkoniyatdir. "Bunyodkor" ilgari ham shunday og'ir damlarda yangi nomlarni kashf etgan.
- "Bunyodkor" akademiyasida uzoq yillar ishlagansiz. Ko'pchilik klublarda mablag' etarli bo'lganida yoshlar chetda qolib, qimmatbaho legionerlar taklif etiladi. Pul kamaygach esa yana akademiya tarbiyalanuvchilariga murojaat qilinadi. Sizningcha, O'zbekiston futbolida nega bunday tizimli muammo saqlanib qolmoqda?
- Har bir klubda aniq va uzoq muddatli strategik reja bo'lishi kerak. Jamoalarning moliyaviy imkoniyatlari va oldiga qo'ygan vazifalari turlicha. "Bunyodkor"da boshqa bazi klublardagidek katta byudjet yo'qligi va kuchli akademiya mavjudligini inobatga olsak, asosiy e'tiborni mahalliy yoshlarga qaratishimiz tabiiy hol. Boshqa klublarning siyosati bo'yicha esa o'sha klublar rahbariyati javob beradi. Biz - murabbiylar, mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, rahbariyat talabini bajarishimiz kerak. Men uchun futbolchining yoshi yoki tug'ilgan yili muhim emas. Kim hozirgi vaziyatda jamoaga yordam bera olsa, o'sha maydonga tushadi.
- Sizning "Bunyodkor"ga qaytishingizda murabbiylar shtabidagi yordamchingizning otasi - klub direktori Murod Alievning aloqasi borligi haqida taxminlar bildirilmoqda. Bu omil qaroringizga qanchalik ta’sir qildi?
- Odamlar turli gap-so'zlarni aytishlari mumkin, bu tabiiy. Men o'z ishimni qilaman. Murabbiyni har doim natija ushlab turadi. Natija bo'lmasa, iste'foga chiqasiz. Buni juda yaxshi tushunaman. Eng muhimi - o'z kuchimga va bu vaziyatdan chiqib keta olishimizga ishonaman. Shu bois mish-mishlar menga ta’sir qilmaydi.
- Yani, murabbiylar shtabida klub rahbarining farzandi ishlayotgani sizga noqulaylik tug'dirmaydimi?
- U - o'z ishining ustasi. Biz birgalikda olti yil davomida muvaffaqiyatli faoliyat olib borganmiz. Uning insoniy va professional fazilatlariga to'liq ishonganim uchun hamkorlikni davom ettiryapmiz. Ilgari ham birgalikda yaxshi natijalarga erishganmiz, bu safar ham shunday bo'lishiga ishonaman.



