

- Biz kutgandek o'yin bo'ldi. "G'azalkent"ning barcha o'yinlarini ko'rganman, iqtidorli yoshlar ko'p. O'yin tashkil qilishda eng yaxshilardan biri deb o'ylayman. O'yinga keladigan bo'lsak, birinchi bo'limda bizda tashabbus bo'ldi, biroq vaziyatlardan foydalana olmadik. Ikkinchi bo'limda esa ikkita gol urib oldik. O'yin oxirida esa natija uchun o'ynadik.
- O'yin oldidan taxlil qilganingizda raqibning qanday kamchiliklarini ko'rgandingiz va bundan jamoangiz qanchalik foydalana oldi?
- Biz ko'proq standartlarga tayanishni istadik va birinchi golni shu tariqa urib oldik. Keyin o'rtada ko'p pressing qilishni istagandik. Bu rejalarimiz o'xshadimi yo'qmi, muxlislar baho bera qolishsin. Birinchi bo'limda markazda ko'proq pressing qilishga intildik.

- Bekzod Ahmadjonov va Vepa Jumaevga ko'p etiroz bildirdingiz. Ularning qaysi jihatlaridan ko'nglingiz to'lmadi?
- To'pni ko'p yo'qotishdi, ayniqsa birinchi bo'limda. Shunday gavdasi bor futbolchilarda o'zlariga ishonch yo'q. Vepa Jumaevni tushunsa bo'ladi, u birinchi davrada o'ynamadi hisob va uning jismoniy holati unchalik yaxshi emas. Bekzod esa o'z tanasidan to'g'ri foydalana olmayapti. Yaxshi futbolchi bo'lishi uchun barcha narsa etarli, faqatgina o'ziga ishonch yo'q. Shunga biroz asabiylashdim.
- Ruslan Qalmag'ambetovning o'yinlari haqida fikringiz, unga boshqa jamoalardan qiziqishlar bo'ldimi?
- Qiziqishlar ko'p, ayniqsa Superligadan. U yuqori darajadagi hujumchi bo'lishi uchun hali ko'p ishlashi kerak. U hali to'p bilan yurishda biroz kuchsizroq. Ruslan hali yaxshi hujumchi bo'la oladi.
- Bugungi o'yin yuqori tempda o'tdi. Jamoangiz ishtirokidagi qancha foiz o'yin shunday tempda bo'ldi deb o'ylaysiz?
- Yaxshi savol berdingiz. Bizning asosiy yutug'imiz - tezlik. Yigitlardan har doim tezkor pressing qilishni, qarshi hujumda ham tezlikni talab qilamiz. Birinchi bo'limdan keyin ham yigitlarga tezlikni qo'shishni talab qildim. Yaxshi, jangovar va tezkor o'yin bo'ldi.
- O'yinchi almashtirish paytida biroz asabiylashdingiz. Futbolchingiz vaqt cho'zganiga jaxlingiz chiqdimi yoki murabbiylardan?
- Ikkita almashtirish amalga oshirmoqchi edim. Qarasam murabbiylar almashtiriladigan futbolchilarda xato qilishibdi. Bu birinchisi emas-da. Ikkinchi marta shunday xato bo'lyapti. Shunga biroz hissiyotlarga berildim. O'yindan keyin barchadan uzr so'radim.
- "Aral" jamoasiga Superligaga chiqish bo'yicha aniq vazifa qo'yilgan. Hali transferlar oynasi yopilgani yo'q. Shu tarkib bilan Superligaga chiqishga ko'zingiz etadimi? Chunki raqobatchilar juda kuchli.
- To'g'ri savol. Superligadan ikki futbolchini olmoqchi edik. Ular bizga o'tmadi. Transferlar oynasi yopilguncha ikkita futbolchi olishimiz kerak. Shu futbolchilar bilan hozir birinchi o'rindamiz. O'z yigitlarimga ishonaman. Lekin baribir Superligada o'ynagan ikki futbolchi bilan shartnoma imzolamoqchimiz.



