Azamat Sharipov: "Hisobga yarasha o'yin epizodlarida yutqazmadik"

1 avg 2026, 00:52
Proliganing 12-turi doirasida "QMU Jayhun" - "BuxDU" uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Azamat Sharipov matbuot anjumanida qatnashdi.

- "QMU Jayxun" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Maydonga, ob-havoga moslashish qiyin bo'ldi. Suv ichib olishga berilgan vaqtdan keyin biroz o'zimizga keldik. Ikkinchi bo'lim bizning ustunligimiz ostida o'tdi, biroq qarshi hujumlarda gollar o'tkazib yubordik. Vaziyatlarimizdan foydalana olmadik.

- Jamoangiz kurashuvchan. Proliga bahslari jamoaga qanday natijalar bermoqda?

- Ilk marta Proligada o'ynayapmiz. Bu yigitlarga tajriba bermoqda. Ligadagi ko'p jihatlarga moslashib oldik, deb o'ylayman. O'yin bobida xech qaysi raqibga yutqazmadik, shunchaki raqiblar o'z vaziyatlaridan foydalanib ketishyapti. Bizda so'nggi nuqta qo'yishda oqsoqlanish kuzatilyapti. Lekin jamoa o'syapti. Mag'lubiyatlar bo'ladi, buni ko'rib chiqamiz va ustida ishlaymiz. Keyingi o'yinlarda yaxshi natijalarga erishishga harakat qilamiz.

- Proliga bahslarida universitet jamoalari ko'p. Ularning ichida "BuxDU" jamoasining keyingi maqsadi qanday bo'ladi?

- Bu yili Proligada yaxshi qatnashib, natijalar, o'yinlar ko'rsatib, futbolchilarni tarbiyalash. Keyingi yillardan asta-sekinlik bilan holatni yaxshilashga harakat qilamiz. Birinchi yilda nafaqat maydonda, balki, uning tashqarisida ham qiyinchiliklar bo'ladi. Bu o'tib ketadigan holat. Biza harakat qilyapmiz, o'syapmiz, mehnat qilyapmiz. Keyingi o'yinlarda bu o'z samarasini beradi..

- Uchinchi goldan keyingi asabiylik haqida nima deysiz?

- Uchinchi gol bizni sindirib qo'ydi. 2:1dan keyin faol harakat qilayotgandik, yaxshi vaziyatlar bo'ldi. Sen urmasang, senga urishadi, bu tabiiy hol. Qaysidir futbolchilar ruhan o'yinni tashlab qo'yadi va bundan raqiblar foydalanib ketishdi. Lekin hisobga yarasha o'yin epizodlarida yutqazmadik.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia