

- O'yinni yaxshi boshlagandik va uch-to'rtta qulay imkoniyatlardan foydalana olmadik. Aksincha birinchi bo'limda "Metallurg" bitta vaziyatidan foydalanib ketdi. Ikkinchi bo'limda hisobni tenglashtirish uchun ochiq o'yin ko'rsatdik va qarshi hujumlarda jazolandik. Bizda 7-8 nafar futbolchi yangi, shu sababli jamoaviy o'yin tuzishga biroz qiynalyapmiz. Asosiy tarkibdagi 7-8 nafar futbolchi Superliganing yaxshi jamoalariga ketishdi, ularni haydab yuborganimiz yo'q. Ularning o'rnini esa zaxirada qolgan va o'yin amaliyoti bo'lgan futbolchilar egalladi. Ularning jismoniy holatini yaxshilash uchun vaqt kerak bo'ladi.
- "Olimpik-Mobiuz" bilan g'alabadan keyin ketma-ket ikkinchi mag'lubiyat. Bu yangilarning jamoaga qo'shilib ololmayotgani bilan bog'liqmi?
- Hozircha jismoniy holatda ozgina muammo bor. Kelgan futbolchilar jismoniy holatini tiklab olsa, bemalol g'alaba qozonamiz.
- "Metallurg"ga qarshi o'yinda nimalarni reja qilgandingiz va shogirdlaringiz buni bajara olishdimi?
- Bu jamoani bilamiz, tarkibida tajribali futbolchilari bor. Agarda hozirgidek ikkinchi bo'limda ularga imkoniyat bersak, ular bundan foydalanib ketishadi. Iloji boricha birinchi bo'limdagi kabi o'yin bermaslikka harakat qildik, biroq buni amalga oshirib bo'lmadi. Biz raqibga to'p tushganda ularga o'yin bermaslikka harakat qilmoqchi edik. To'p bizda bo'lganida ko'proq ushlab turishimiz kerak edi. Birinchi bo'limda bu ko'proq o'xshadi, ikkinchi bo'limda esa yo'q.
- Jamoa birinchi davrani ancha yaxshi o'tkazdi va jadvalda 3-o'rinda edi. Jamoa oldiga qanday aniq vazifa qo'yilgandi?
- Aniq vazifa qo'yilmagan. Universitet jamoalari barcha futbolchilarga ikkinchi imkoniyat kabi. Ular bu yerda yaxshi o'ynab ketishsa, bu Superligaga qaytish uchun imkon bo'lishi mumkin. 7-8 nafar futbolchilarimiz yaxshi jamoalarga ketdi. Bir tomondan bu vazifani uddaladik, lekin bu bilan qanoatlanib qolmaymiz. Men yigitlarga ishonaman. Ikkinchi davrada ham ular o'z so'zini aytadi. O'yinni shakllantirib olsak, futbolchilar o'zlarini ko'rsatadi.



