

- "Aral" - peshqadam jamoa va jiddiy raqibligini bilardik va ularning kuchli tomonlarini o'rganib chiqqandik. Baribir tajriba va mahorat standartdan keyin o'z so'zini aytdi. O'tgan o'yinda Bekobodda Bubanya ham gol urgandi. Shunday vaziyatlarda gol o'tkazib yuboryapmiz. Yigitlar yosh, bu ular uchun katta tajriba va keyingi o'yinlarda bunday xatolar qilmaslikka, yaxshi futbolchi bo'lib yetishishiga harakat qilamiz. O'yinga keladigan bo'lsak, birinchi bo'lim kurashlarga boy bo'ldi. Ko'p kurashlarda yutqazdik. Birinchi to'plarni yutishda bo'y pastlik qildi. Oxiriga kelib, vaziyatlar yarata oldik, biroq gol ura olmadik. Balki to'pni kiritganimizda, o'yin umuman boshqacha bo'lib ketardi. Ikkinchi bo'limda men qo'rqqan jihat - tajriba, aynan shu evaziga "Aral" gol urdi. O'tgan o'yinga qaraganda yigitlar cho'chib harakat qilgandek bo'lishdi. Bu yaqqol ko'zga tashlandi. Bu o'yinni o'rganib chiqamiz va xatolarni to'g'rilashga harakat qilamiz. "Aral"ni g'alaba bilan tabriklayman.
- Bugun jamoangiz yaxshi o'ynadi. Tanqid emas, kamchilikdek tuyuladi: darvozabonning bo'yi pastdek. Bazan to'pga chiqishda bu o'z effektini berib qolyapti.
- Bu jamoaga yaxshi, kelajagi bor futbolchilarni yig'ganmiz. Vaqt o'tsa bu o'z samarasini beradi va yigitlar yakkakurashlarda yutqazishmaydi. Bu bolalar endi kuchga to'lmoqda, kuchga to'lsa umuman boshqa jamoaga aylanadi.
- Bugun Muhammadaziz Ro'ziboev o'ziga o'xshamadi va shu sababli almashtirildi. Shuningdek, jamoa sardori Mirqodirov to'pni ko'p yo'qotdi. Bu haqda nima deya olasiz?
- Ro'ziboev birinchi bo'limdan keyin shifokorlarga murojaat qildi va oyog'i tortayotganini aytdi. Shifokorlar uni almashtirish kerakligini aytishdi. Kelishgan holda uni olib tashladik va boshqa o'yinchini o'ynatdik. Mirqodirovga keladigan bo'lsak, o'tgan o'yinda himoyachimiz to'rtinchi sariq kartochkasini olganiga bu o'yinda uni oldinroqda harakat qilishini istagandik. Bu u uchun noqulay joy va ko'p o'ynamagan. Bu borada tajriba qildik, endi buni taxlil qilganimizdan keyin hulosasini chiqaramiz. Vaziyatdan kelib chiqsak, uni biroz oldinroqqa chiqarishimiz kerak edi.

- Jamoa so'nggi ikkita o'yinda yetakchilar qatoridagi jamoalar bilan o'ynadi va ko'p kuch yo'qotdi. Bugun shu sababli jamoaning o'yini chiqmadi. Ko'p keraksiz zarbalar bo'ldi.
- Bu to'planadigan charchoq. Bu bo'ladigan narsa. Bizda tiklanadigan jarayon a'lo darajada. Yigitlarning bu holati bizga ham ko'rinmoqda. Echimini topamiz. Lekin yosh bilan tajribali futbolchilar orasida farq bor: yosh futbolchi bugun yoki ertaga yaxshi o'ynab beradi va keyin pastga qarab ketishi mumkin. Tajribali futbolchi esa bitta darajada o'ynab beradi. Farqi shu. Endi futbolchilar shunday o'yinlar orqali tajribani to'plab, keyin bitta meyorda yuradigan barqaror futbolchi bo'lishi uchun harakat qilamiz.
- Keyingi o'yin "Respublika FA"ga qarshi bo'ladi. Deyarli tengdosh jamoalar. Bu haqda nima deysiz?
- Bu ham juda qiyin bahs bo'ladi. Bizning jamoa ham ular ham isbotlagisi keladi, muhimi kuchlisi yutsin. Har bir o'yinga jiddiy tayyorlanib boramiz.
- O'yinni to'liq ko'ra olmadim va men ko'rgan uch epizodda Lazizbek Mirzaev kalit paslarni berishi kerak bo'lgan joylarda aniq pas bera olmadi. Uning bugungi o'yiniga qanday baho berasiz?
- Laziz olayotgan ish hajmini boshqa futbolchi qila olmayapti. Laziz oldinda ham, hujumni tashkil qilishda ham, himoyada ham o'ynamoqda. U jamoamizning yetakchisi va to'pni o'ziga ko'proq tortadigan futbolchi. Uning bugungi o'yini menga 100 foiz yoqdi. Yetakchi sifatida uning mehnatini ko'rayotgan boshqa jamoadoshlari ham shunday bo'lishga harakat qiladi. O'yindan o'yinga u yaxshilanib boradi. Ko'rasiz, u mavsum oxiriga qadar umuman boshqa darajada bo'ladi.



