

Ochiq tarzdagi suhbatda O'zbekiston hakamlar markazi rahbariyatidan Farhod Abdullaev, Mamur Saidqosimov, Bobur Haydarov ishtirok etdilar. “Dinamo” PFKdan bosh murabbiy Vadim Abramov, klub bosh direktori Anvar Nosirov, murabbiylar shtabi va klub matbuot xizmati vakillari ishtirok etdi.
Onlayn-uchrashuvda “Dinamo” klubining 23-turdagi “Nasaf” - “Dinamo” (2:1) va 24-turdagi “Dinamo” - “Buxoro” (1:2) o'yinidagi vaziyatlar bo'yicha shikoyatlari ko'rib, tahlil qilindi.
Hakamlar markazi rahbari Farhod Abdullaev Qarshidagi o'yinning 10-daqiqasida “Dinamo” hujumchisi Firdavs Abdurahmonov yakkama-yakka vaziyatda chiqib borganda Oybek Rustamov tomonidan qilingan qo'pollik – penalti va sariq kartochka bilan jazolanishi kerak bo'lganini ma'lum qildi. Ammo bosh hakam Ahrol Risqullaev vaziyatga yaqin bo'lsa-da, penalti belgilamagan, VAR hakami Abdurashid Xudoyberganov esa vaziyatni bir necha marta tekshira va ko'ra turib ham bosh hakamni monitor qarshisiga chaqirmagan.
Hakamlar markazi rahbariyati Risqullaevga chora ko'rilgani, VAR hakami Abdurashid Xudoyberganov esa ikki turga hakamlikdan chetlatilganini ma'lum qildi.
24-turdagi “Dinamo” - “Buxoro” o'yinidagi ikki holat bo'yicha esa VAR bunday vaziyatga aralasha olmasligi bildirildi. Chetlatish va penalti vaziyati bo'yicha qaror esa to'g'ri bo'lgani qayd etildi.
Shu tariqa, 22-turda Namanganda o'tgan “Navbahor” - “Dinamo” (3:2) o'yinida “Dinamo”ga nisbatan nohaqlik uchun bosh hakam Doston Rahmonov Superligadan Pro ligaga chetlatilgan, VAR hakami Ilgiz Tantashevga chora ko'rilgan bo'lsa, 23-turda Qarshidagi “Nasaf” - “Dinamo” (2:1) o'yinidan keyin bosh hakam Risqullaevga chora ko'rilib, VAR hakami Abdurashid Xudoyberganov vaqtincha chetlatilgani aytildi.



