

E'tibor berayotgan bo'lsangiz, oxirgi yillarda Superliga geografiyasi kengaygan holda barcha viloyatlarni o'z ichiga qamrab olmoqda. "Xorazm"dan so'ng mana Qoraqalpog'istonga ham Superliga havosi kirib keldi. "Aral" yarim himoyachisi Farhod Bekmuratov fikrlarimizga qo'shilgan holda o'zining taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.
- Barcha futbol muxlislari nomidan "Aral" jamoasining Superligaga chiqqani bilan tabriklaymiz! Ushbu tarixiy muvaffaqiyatdan so'ng taassurotlaringiz qanday?
- Tabrik uchun katta rahmat! Taassurotlar rostdan ham bir olam. Eng asosiy maqsadimizga erishganimizdan juda ham xursandman. Chorak asrlik - 25 yillik tanafsusdan so'ng yana elitaga qaytgan "Aral" jamoasining barcha fidoyi muxlislarini ushbu muhim muvaffaqiyat bilan chin qalbimdan tabriklayman!
- Bu yilgi Pro-liga bahslari va undagi raqobat darajasi haqida nima deya olasiz? Mavsum kutilganidek oson kechmayotgani aniq...
- Ha, bu yilgi Pro-liga juda qiziqarli va shiddatli o'tmoqda. Turnir jadvalining pastki pog'onalarida borayotgan jamoalar ham yuqoridagi peshqadamlarga jiddiy qarshilik ko'rsatishmoqda. Har bir jamoa, ayniqsa, ikkinchi davrada har bir ochko uchun maydonda bor kuchi bilan harakat qildi.
- Joriy mavsum boshida faoliyatingizda kutilmagan burilish bo'ldi. Qirg'iziston chempionatiga yo'l olgandingiz, ammo keyinchalik yana “Aral”ga qaytdingiz. Bu jarayon qanday kechdi?
- To'g'ri ta'kidladingiz. Yil boshida Maksim Shackixning taklifiga binoan Qirg'izistonning yoki “Azia Talas” jamoasiga o'tgan edim. Hammasi juda yaxshi boshlangandi, ammo o'rtada jarohat olib qoldim va 1 oy davolanishimga to'g'ri keldi.
Shundan so'ng maydonga qaytganimda 1-davra yakunlangan edi va ketshga qaror qildim. Shu orada “Aral”dan taklif bo'ldi va uni qabul qildim. Bu qarorimdan aslo afsuslanmayman, chunki bu erga kelib, klubning qanchalik rivojlanayotganini o'z ko'zim bilan ko'rdim. Muhtaram Prezidentimiz kelib, “Turon” stadionini ochib bergani ham muhim omil bo'ldi.
- Bu sizning Pro-ligadan Superligaga chiqish bo'yicha yagona tajribangiz emas. Ilgari ham shunday natijaga erishgansiz...
- Ha, to'g'ri aytdingiz. 2018 yilning boshida "Lokomotiv" bilan birga edim, 2-davrada esa "Andijon"ga qaytganman. O'shanda ham Pro-ligadan Superligaga chiqish uchun bor kuch-g'ayratimizni sarflaganmiz. Natijada jamoamiz 2018 yilgi Pro-liga chempioni bo'lib, Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritgan edi.
Fursatdan foydalanib, “Aral”ning elitaga chiqishida katta hissa qo'shgan klubimiz homiylariga, rahbariyatga, murabbiylar shtabiga va, albatta, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi Orynbaev Amanbay Tleubaevichga o'z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Bu yo'lda barcha bir yoqadan bosh chiqardi.



