

"Mehmondo'stlik uchun rahmat. Biz bu erga o'zimizga bo'lgan ishonch bilan yetib keldik. Mundial ishtirokchisiga qarshi o'ynaymiz. Yaxshi o'yin namoyish etib, yaxshi kayfiyatda uyga qaytamiz degan umiddaman", - deya fikr Gabon terma jamoasi bosh murabbiyi Ansiet Yala.
- O'zbekiston terma jamoasining qaysi jihatlarini ta'kidlab o'tgan bo'lar edingiz?
- Terma jamoangiz kuchli futbolchilarga ega. Albatta "Siti" o'yinchisini butun dunyo taniydi. Shuningdek, ko'plab yosh va iqtidorli futbolchilar mavjud. Terma jamoa shunchaki jahon chempionatiga chiqib qolmaydi. Bunday raqibga qarshi o'ynash biz uchun chaqiruv bo'ladi.
- Obameyang terma jamoaga chaqirilmaganining sababi nimada? Husanovga qarshi qanday o'ynamoqchisizlar?
- Barchangiz bilasiz, Obameyang bizning asosiy yetakchimiz. U hozirgi kunda klubiga yordam berishi kerak va shu sababli tarkibimizda emas. Uning klubi Fransiya chempionatidagi ishtirokini davom ettirmoqda va natijalari qoniqarsiz. Shu sababli klub futbolchini o'z ixtiyorida olib qolishni iltimos qildi. Biz klubning so'rovini qabul qildik. Ushbu uchrashuvlar orqali yosh futbolchilarga imkon beramiz. Yoshlarimiz esa tajriba orttiradi.
Husanov katta iqtidor. "Siti"dek katta klubda o'ynamoqda, ammo futbolni 11 kishi o'ynaydi. Taktik jihatdan uning kuchli jihatlarini bartaraf etishga harakat qilamiz.
- Kecha Gabon terma jamoasining mashg'ulotlarini tomosha qildim. Gabon tarkibida bo'ydor va gavdali futbolchilar ko'p ekan. O'zbekiston esa ko'proq texnikasi yuqori futbolchilarga tayanadi. Shundan kelib chiqib, ertaga qanday futbol namoyish etmoqchisiz?
- Biz o'z uyida o'ynayotgan jamoa bilan to'qnash kelamiz. O'zbekiston FIFA reytingida 52-o'rinda, biz esa 84-o'rindamiz. To'g'ri, nazariy jihatdan terma jamoalar o'rtasida farq bordek, ammo barchasi maydonda hal bo'ladi. Bu erga shunchaki turist sifatida tashrif buyurmadik. Biz bu erga natija uchun keldik. Ertaga maydonda jamoa o'zining eng yaxshi o'yinini namoyish etishga harakat qiladi.




