Trinidad va Tobago bosh murabbiyi: "FIFA Series turniri Millatlar Ligasiga tayyorgarlik yo'lida muhim ahamiyatga ega"

Sherzod Nurmatov
31 mar 2026
Trinidad va Tobago bosh murabbiyi Derek King FIFA Series turniri 2-turi doirasida Gabonga qarshi o'yindan so'ng Championat.asia saytiga intervyu berdi.

– Gabonga qarshi o'yin haqida fikringiz qanday? Shogirdlaringiz maydonda siz kutgan o'yinni namoyish eta oldimi?

– O'ylashimcha, yaxshi harakat qildik. Guvohi bo'lganingizdek, to'p nazoratimiz ijobiy taassurot qoldirdi. Shiddat yuqori edi. Yigitlar bor kuchi bilan o'ynashdi. Fikrimcha, ikkinchi bo'limda gol urish uchun ko'plab imkoniyatlarimiz bo'ldi, lekin vaziyatlardan foydalana olmadik.

2.jpg

– Birinchi o'yinda jamoangiz Venesuelaga 1:4 hisobida yutqazgandan so'ng, himoyani yaxshilash kerakligini takidlagandingiz. Toshkentdagi bugungi o'yinda o'sha kamchiliklarni bartaraf eta oldingizmi?

– Oxirgi o'yinimizni tahlil qildik. Yaxshilanishimiz kerak bo'lgan jihatlarni ko'rib chiqdik. Asosiy tarkibga bir-ikkita o'zgartirish kiritdik. O'ylaymanki, futbolchilar maydonga tushib, yaxshi o'ynashdi.

– O'zbekiston mezbonlik qilgan FIFA series turniri jamoa shakllanishida va Millatlar Ligasiga tayyorgarlik ko'rishda qanchalik yordam berdi?

– Bu juda muhim. Biz ikkita yaxshi jamoaga qarshi o'ynadik. Menimcha, ushbu o'yinlardan saboq olishimiz va kelajak uchun poydevor qurishimiz muhim. O'ylaymanki, kelgusi Millatlar Ligasiga shay holatda bo'lamiz.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia