Kannavaroning futbolchilarga munosabati va boshqa ko'plab mavzular. Abbosbek Fayzullaev Rossiya nashriga katta intervyu berdi (1-qism)

15 iyun 2026, 08:25
"SE" nashri O'zbekiston MTJ futbolchisi Abbosbek Fayzullaevdan katta intervyu oldi.

Biz ushbu intervyuni o'zbek tiliga tarjima qildik.

Kannavaro ustimizdagi bosimni olib tashlamoqda. U bizga bu kunlardan zavqlanishimiz kerakligini aytyapti

- Hayotingizdagi birinchi jahon chempionati starti bilan tabriklayman. Hozir qalbingizda nimalar kechmoqda?

- Juda xursandman va hayajonlanaman. Bolaligimdan buni orzu qilardim - va mana endi debyutga bir qadam qoldi. Men eslaydigan birinchi jahon chempionati - Janubiy Afrika-2010. E'tiborlisi, o'shanda ochilish o'yinini - hozirgidek Meksika va Janubiy Afrika o'rtasidagi bahsni - bizning o'zbekistonlik hakam Ravshan Irmatov boshqargan edi. O'shanda olti yoshda edim. Dadam bilan buni tomosha qilganimiz va bizning insonimiz shunday katta bayramning bir qismi ekanligidan xursand bo'lganimiz yodimda. O'sha paytdan boshlab jahon chempionatiga chiqishni va u yerda o'ynashni orzu qila boshlaganman.

- Irmatov hozir O'zbekiston futbolining asosiy rahbarlaridan biri. U o'zi ishlagan jahon chempionatlari haqida biror narsa so'zlab berdimi?

- Jahon chempionati - bu biz ko'rgan narsalarga qaraganda butunlay boshqacha hissiyotlar darajasi ekanligini aytdi. U erga yetib borish oson emas, lekin terma jamoamiz buni uddaladi va butun xalqimizning orzusini amalga oshirdi. Tariximizda ilk bor final bosqichiga yo'l oldik va aynan bizning avlod bunga erishganidan faxrlanamiz.

- Bosh murabbiy Fabio Kannavaro sizni tinchlantiryaptimi? Axir u Italiya terma jamoasi bilan Germaniyada bo'lib o'tgan JCH-2006 turnirida g'olib chiqqan va hatto JCHning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Shunday ekan, hech bo'lmaganda shu sababli ham uning so'zlari siz uchun katta vaznga ega bo'lishi kerak.

- Albatta, u biz bilan o'z tajribasini baham ko'rmoqda. Va ustimizdagi bosimni olib tashlayapti. Bosimni o'z bo'yniga olib, bizga birinchi navbatda bu kunlardan zavqlanishimiz kerakligini aytmoqda, chunki biz o'z hayotimizdagi ilk jahon chempionatiga keldik. Va shunchaki futbol o'ynashimiz kerak, chunki yo'qotadigan narsamiz yo'q. Balki bu bizga ozgina ustunlik ham berar. Eng asosiy motivaciya - xalqimiz terma jamoa bilan faxrlanishidir.

502047.jpg

To'g'ri, biz eng qiyin guruhlardan biriga tushdik. Va qaysidir manoda Kolumbiya va Portugaliya kabi terma jamoalarga qarshi o'ynashimiz yaxshi ham. Ammo DR Kongoni ulardan kuchsizroq demagan bo'lardim, chunki afrikalik jamoalar jismonan juda baquvvat va har qanday raqibga jiddiy qarshilik ko'rsata olishadi. Menimcha, barcha o'yinlar juda qiyin bo'ladi. Faqat O'zbekiston uchun emas, ular uchun ham, chunki ular hali bizni bilishmaydi va biz ularga syurpriz taqdim etishimiz mumkin.

- 8 iyun kuni Niderlandiya bilan o'tkazilgan so'nggi nazorat o'yinida jamoangiz so'nggi daqiqagacha mardonavor kurashdi, deyarli durang qayd etilishi mumkin edi - hisob 1:1 bo'lib turganda Gakpo sakkizinchi qo'shib berilgan daqiqada penaltidan g'alaba golini urdi. Bu Kolumbiya va Portugaliya darajasidagi raqiblarga munosib qarshilik ko'rsata olishingizga qo'shimcha ishonch bag'ishlaydimi?

- Ha, niderlandiyaliklar bilan o'yinda o'zimizni sinab ko'rdik va juda yuqori darajadagi futbolchilar - de Yong, van Deyklarga qarshilik ko'rsata olishimizni his qildik. Ha, ishonch yanada ortdi. Kurashga tayyormiz va lol qoldirishga qodirmiz deb o'ylaymiz.

- JCH-2026ning birinchi o'yini baland tog'li hududda bo'lishi bilan bog'liq maxsus tayyorgarlik ko'rdingizmi? Axir Mexiko dengiz sathidan ikki ming metrdan ortiq balandlikda joylashgan.

- Yo'q. Umuman olganda, agar u erga to'g'ri o'yin kuni uchib borilsa, bu ikki-uch kun oldin borishdan ko'ra yaxshiroq ekanligini eshitgandim. Chunki to'liq moslashish uchun baribir ikki-uch hafta kerak bo'ladi. Keyingi ikkita uchrashuvimiz esa boshqa balandlikda o'tadi. Shuning uchun u erga o'yinga imkon qadar yaqin vaqtda yetib borgan maqul.

- Umuman olganda, jahon chempionati oldidan yig'inlar og'ir o'tdimi?

- Juda ham! Agar bizning barcha yigitlardan so'rasangiz, ular: "Eng og'ir yig'inlar bo'ldi", deyishadi. Hatto 25 may kuni, bu erga uchib kelishdan oldin, mashg'ulot ikki yarim soat davom etdi. Biz bitta mashg'ulot davomida to'qqiz kilometrdan yugurdik. Bu juda, juda ko'p. Klubda mavsum davomida bitta mashg'ulotda uch yarim - to'rt kilometr yugurardik. Bu yerda esa - ikki barobardan ham ko'proq!

- Sizningcha, Portugaliya hozir Ronaldu bilan kuchliroqmi yoki u sizmi?

- Balki pressingda - u siz kuchliroqdir. Ammo Krishtianu maydonda bo'lganida, bu jamoaga ishonch bag'ishlaydi. Ronaldu istalgan daqiqada o'yin taqdirini hal qilib qo'yishi mumkin. U futbol tarixidagi eng yaxshi o'yinchilardan biri va uning hali ham maydonda nimanidir hal qilishga qodir ekanligiga hech qanday shubha yo'q.

- Unga qarshi maydonga tushadigan lahzani intiqlik bilan kutyapsizmi?

- Juda-juda intiqlik bilan kutyapman, albatta. Televizorda uning o'yinlarini ko'rganimda doim shuni orzu qilardim. O'zim Messining muxlisi bo'lsam-da, Krishtianu ham menga juda yoqadi. Unga qarshi o'ynash - albatta, bu bir armonli orzu.

- Ronaldu, yodimda, Jaloliddin Masharipov bilan birga "Al Nacsr"da o'ynab yurgan vaqtlarida o'zbek xalqiga videosalom ham yo'llagan edi.

- Ha-ha-ha. Bu ijtimoiy tarmoqlarda juda ommalashib ketgandi. Akamiz u bilan birga o'ynadi, ko'p narsani o'rgandi, Krishtianu esa u bilan ayrim daqiqalarni baham ko'rardi. Mashg'ulot yakunida ular zarba berish bo'yicha musobaqalashishardi.

- Xo'sh, kim yutgandi?

- Buni aytib bermayman, ha-ha!

Husanovning taqdiri - yurtimizdagi barcha futbolchilar uchun motivaciya

- SSKAdan ketganingizdan keyin Turkiyaning "Istanbul Bashakshehir" klubidagi mavsumingiz haqida gapirib bersangiz. U erga o'tishingiz qanday yuz berdi va jarohatlar tufayli ikki bor uzoq muddatga safdan chiqqaningizni hisobga olsak, bundan afsuslanmaysizmi?

- Hech narsadan afsuslanmayman, nimaiki bo'lsa - yaxshilikka. O'tish jarayonining o'zi juda qiyin bo'ldi. Boshida klub meni ro'yxatdan o'tkaza olmadi va men taxminan uch hafta vaqt yo'qotdim. Jamoa bilan mashg'ulot o'tkaza olmasdim, o'zim alohida ishladim.

gettyimages-2274789193-2048x2048 (1).jpg

Bu esa mening jismoniy holatimga ta’sir qildi, menimcha, jarohatlar ham shu sababdan boshlandi. Bungacha faoliyatimda biror marta ham jarohat olmagandim, o'yinlarni o'tkazib yubormagandim. Bu yerda esa ozgina vaqt yo'qotdim va shu sababli sport formam yuqori darajada bo'lmadi. Lekin keyin ko'nikib ketdim, undan keyin jamoaga yangi murabbiy keldi.

- Nuri Shahin, u boy futbolchilik faoliyatiga ega, o'tgan mavsumdan oldin u Dortmundning "Borussiya"sini boshqargan edi.

- Ha. U menga ishona boshladi, men esa uning kelishi bilan o'zimni ancha yaxshi his qila boshladim. Umuman olganda, Turkiyadagi birinchi mavsumimda o'zimni yuz foiz ko'rsata oldim deb aytolmayman, lekin, takrorlayman, hech narsadan afsuslanmayman. Chunki men o'z orzum sari intilyapman.

- Istanbulda O'zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov bilan birga o'ynaganingiz qanchalik yordam berdi?

- Albatta, jamoada vatandoshing bo'lsa, bu chempionatga va boshqa mamlakatga ko'nikishga juda katta yordam beradi. Buning ustiga, biz do'stmiz, ko'p gaplashamiz. U yerda uylarimiz ham juda yaqin, piyoda uch-to'rt daqiqalik yo'l. Menimcha, ikkalamiz uchun ham bir jamoaga o'tganimiz juda yaxshi bo'ldi. Men transfyerdan oldin Eldorning ham u yerda bo'lishi mumkinligini eshitgandim va bu mening u erga borishimga asosiy sabablardan biri bo'lgandi.

- Yaqinda sizning SSKAga qaytishingiz mumkinligi haqida gap-so'zlar paydo bo'ldi. Sizga haqiqatan ham qiziqish bildirishyaptimi?

- Bu haqda bilmayman. Hozir u erga qaytish noto'g'ri qaror bo'lardi, chunki men o'z rivojlanishimda yangi qadam tashlab bo'ldim. Yevropaning top-5 ligalariga bormoqchiman va agar bu yerda yaxshi futbol ko'rsatsam, Xudo xohlasa, orzum ushaladi.

- Jahon chempionati jiddiy "katta bozor" ekanligini hamma biladi. Bu siz uchun ham motivaciya bo'lyaptimi?

- Bu "katta bozor", bunday o'yinlarni hamma tomosha qiladi. Ammo hozir bu haqda o'ylayotgani yo'q. Bor e'tiborimni jahon chempionatiga qaratganman. Hozirgi eng katta orzum - mana shu.

- Sizni eng ko'p o'ziga tortadigan liga bormi?

- Ispaniya. Doim u erga borishni xohlaganman. Lekin ko'ramiz.

- La Ligada sevimli jamoangiz ham bordir?

- Albatta, "Barselona" - mening eng katta orzum! Va unga erishishga harakat qilaman. Vaqt ko'rsatadi, lekin oxirigacha harakat qilaman.


Manba: СЭ