

Mamlakatimizning amaldagi chempioni - Jizzaxning “BMB PFK” jamoasi to'rt karra O'zbekiston chempioni degan sharafli nomni rasman qo'lga kiritdi.
Qarshidagi turda amaldagi chempion o'z unvonini himoya qilishi kutilgan edi. Biroq bu faqat jizzaxliklarning o'ziga bog'liq bo'lmay, balki asosiy taqibchilarning ochko yo'qotishi ham zarur edi. Nodir Eliboev shogirdlari o'z oldiga qo'yilgan vazifani to'liq uddaladi - ikki o'yinda raqiblarini ortiqcha qiyinchiliksiz mag'lub etdi, yana bir bahsda esa “BMB PFK”ga texnik g'alaba yozildi.
Asosiy taqibchilar - “Oil Star” hamda SQB jamoalarining o'zaro to'qnashuvida “bankirlar” jamoasi muhim uch ochkoni qo'ldan boy berdi va amalda chempionlik poygasidan chiqdi. Tur doirasidagi beshinchi o'yin kunida esa Buxoro viloyati jamoasi ham kurashni to'xtatdi.
Mamlakat vice-chempionlari - “Oil Star” futzalchilari Qarshiliklarning qarshiligini enga olishmadi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bahsda “Nasaf” 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi va chempionlik borasidagi so'nggi intriga ham barham topdi.
Shunga qaramay, oldinda 11-tur doirasidagi yana bir o'yin kuni hamda so'nggi - 12-tur uchrashuvlari bor. Yakuniy tur bahslari Toshkent shahridagi “Yunusobod” sport majmuasida may oyining so'nggi o'n kunligida bo'lib o'tadi. Oliy liga musobaqasining so'nggi turida futzal ishqibozlarini kumush va bronza medallari uchun keskin kurash, shuningdek, g'olib hamda sovrindorlarni taqdirlash marosimi kutib turibdi.



