"Paxtakor" murabbiyi Emiliano Karas: "Yigitlar bugun maydonda "parvoz" qilishdi"

Абдулвосит Бектемиров
12 avg 2026, 02:31
Elit OCHL saralash bosqichidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Al Hussayn" (3:0) uchrashuvidan so'ng mezbonlar ustozi Emiliano Karas va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi Dostonbek Hamdamov uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

"Hissiyotlar juda ijobiy. O'yinni to'liq nazorat qildik. Ko'proq gol urishni istagandik, lekin gol ham o'tkazib yubormadik. Etarlicha vaziyatlar yaratdik. Bugun maydonda butun jamoa o'zini yaxshi namoyish etdi. Muxlislarga ham rahmat", - dedi Emiliano Karas bugungi bahs haqida.

- "Paxtakor" nega chempionat bahslarida ham mana shunday yorqin o'yin namoyish eta olmayapti?

- Biz ham shu haqda o'ylayapmiz. Yigitlarning ruhiy holati ustida ishlayapmiz. Ular futboldan rohatlanishi kerak. Ko'plab ochkolarni yo'qotdik. Umid qilamanki, bugungi g'alaba futbolchilarga yanada ko'proq ishonch beradi. Har bir futbolchi maksimum darajasida o'ynashi kerak. Endi keyingi bahs haqida o'ylashimiz kerak. Superligadagi raqiblar "Paxtakor"ga qarshi 200%ga o'ynashadi. Maqsadimiz har bir o'yinda g'alaba qozonish.

Doston Hamdamovga savol

- Terma jamoaga yana qayta chaqirilishingizga qadar faoliyatingizda pasayish kuzatilayotgandek edi. Jahon chempionatidan so'ng ancha yorqin o'yin namoyish etyapsiz. Namoyish etayotgan yorqin o'yingizda Fabio Kannavaroning qanchalik mehnati bor yoki boshqa bir sabab bormi?

- Men bu fikrga qo'shilmayman. Mashg'ulotlarda har doim jamoamga yordam berishga harakat qilaman. O'yin uslubim avvalgi murabbiylarga mos tushmagandir. Kannavaro esa meni terma jamoaga chaqirdi. Men o'zimni yaxshi namoyish etdim va terma jamoadan chaqiruv oldim. Balki o'tgan mavsumlar davomida o'yinimda pasayish kuzatilgandir, ammo bu yakunda foydali bo'ldi.

dostonbek xamdamov.jpeg

- Ayman Hussayn bugungi o'yinga qanchalik tayyor edi?

- U hali eng yaxshi sport formasida emasligini o'zi ham tan oldi. U 75 daqiqa davomida maydonda edi va o'zini yaxshi namoyish etdi. Hozirgi kunda ikkita hujumchimiz bor. Ayman har bir o'yinda yaxshilanib boradi degan umiddaman. U bunga qadar individual tarzda shug'ullanib kelgan edi. Lekin individual mashg'ulot bilan o'yindagi amaliyotning farqi juda katta.

- "Paxtakor" joriy mavsumda hech qaysi bir raqibni yirik 3:0 hisobida mag'lub etmagan edi. Bu nima bilan bog'liq? Raqib bugun shunchalik ojiz edimi?

- Raqib haqida gapirish noto'g'ri. Har bir jamoa o'zi haqida fikr bildirishi kerak. "Al Hussayn" hali chempionatni boshlagani yo'q. Shuningdek, 9ta yangi futbolchi bor. Ushbu ikkita jihat ularning zarariga ishladi deb o'ylayman. Shunga qaramay, futbolchilarimizning bugungi ajoyib o'yini takidlashimiz kerak. Ular bugun maydonda "parvoz" qilishdi.

paxta presaa 3.jpeg


Абдулвосит БектемировMuallif