

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o'rinbosari Mehriddin Razzoqovich Abdullaev O'zbekiston futzal federatsiyasi vice-prezidenti etib tayinlandi.
Shuningdek, yig'ilish qaroriga muvofiq, O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mariya Mendes hamda Maksam-Chirchiq futzal klubi bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov O'zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo'mitasi a'zoligiga saylandi.
Yig'ilishda 2026/2027 yilgi futzal mavsumiga tayyorgarlik ishlari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, mamlakat milliy chempionati raqobatbardoshligini yanada oshirish, hakamlik sifatini takomillashtirish, teletranslyatsiyalar qamrovi va sifatini kengaytirish, klublarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda professional boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Takidlanganidek, yangi mavsumdan boshlab Oliy ligada ishtirok etuvchi barcha klublar mustaqil yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etildi. Ular mas'uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) shaklida davlat ro'yxatidan o'tkazilib, mustaqil boshqaruv va moliyaviy-xo'jalik faoliyati yuritish tizimiga o'tdi. Bu esa klublarda korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish, moliyaviy intizomni mustahkamlash va milliy chempionat infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Yig'ilishda yangi mavsum taqvimi ham tasdiqlandi. Unga ko'ra, 2026/2027 yilgi futzal mavsumi 2 sentyabr kuni O'zbekiston Superkubogi bahsi bilan start oladi. Mamlakat milliy chempionatining birinchi tur uchrashuvlari esa 3 sentyabrdan boshlanadi.
Yig'ilish yakunida kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, yangi mavsumni yuqori saviyada tashkil etish hamda milliy futzalni yanada rivojlantirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.



