

5 noyabr kuni 41 yoshli portugaliyalik futbolchi 2003 yildan buyon to'p tepib kelgan milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi.
"Krishtianu, sobiq jamoadoshingdan va o'zing do'stim deb biladigan insondan bir-ikki og'iz so'z. Men seni "Manchester Yunayted"ning Karringtondagi bazasida paydo bo'lgan o'sha yosh, kichkina, xunukkina va ozg'in o'smir sifatida eslayman. Mashg'ulotlarda hammamizni hayratda qoldirarding. Har doim kulib, hazillashishni istarding, ammo hamma qatori, ehtimol hammadan ko'ra ko'proq va tinimsiz mehnat qilarding. Hatto chiroqlar o'chirilganda ham ishlashda davom etar, har doim yana bir foizga yaxshiroq bo'lishga intilarding.
Biz sening ["Manchester Yunayted"dan] ketishingni istamagandik, seni bu fikringdan qaytarishga ko'p marta uringanman. Ammo sen jamoani tark etding va aql bovar qilmas muvaffaqiyatlarga erishding, eng buyuk o'yinchilardan biriga aylanding, ko'plab "Oltin to'p"lar va Chempionlar Ligasi sovrinlarini qo'lga kiritding. Terma jamoadagi ajoyib faoliyating bilan tabriklayman", – deb yozdi Ferdinand ijtimoiy tarmoqlarda.
Ronaldu Portugaliya terma jamoasi safida 234 ta o'yinda maydonga tushib, 146 ta gol urdi. Milliy terma jamoalar tarixidagi gollar soni bo'yicha jahon rekordi aynan unga tegishli. Portugaliya milliy jamoasi bilan birga hujumchi 2016 yilda Yevropa chempioni bo'ldi hamda ikki marta Millatlar Ligasi (2018/19, 2024/25) g'olibligini qo'lga kiritdi.



