

“Hamshahriy” nashrining xabar berishicha, Tehron klubi rahbariyati qishki va yozgi transfer oynasida yangi legionerlar bilan shartnoma imzolamaslikka qaror qilgan. Aksincha, mavsum yakunida jamoadagi xorijlik futbolchilarning aksariyati bilan xayrlashish ehtimoli mavjud.
Mazkur vaziyatda “Persepolis”ning transfer siyosatidagi eng katta savol Oston O'runovning kelajagi bilan bog'liq bo'lib turibdi. Klub rahbariyati o'zbekistonlik futbolchi bilan shartnomani uzaytirish yoki uni jamoadan qo'yib yuborish masalasida hali bir to'xtamga kelmagan.
Nashrning takidlashicha, mavsum o'rtasidagi tanaffus yaqinlashayotgani “Persepolis” uchun vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Agar O'runovning shartnomasi mavsum yakunida tugasa, futbolchi uning amal qilish muddati tugashiga olti oy qolganidan boshlab boshqa klub bilan kelgusi mavsum uchun dastlabki kelishuv imzolash huquqiga ega bo'ladi.
Shu bois klub rahbariyati qaror qabul qilishni kechiktirsa, o'zining eng qimmatli futbolchilaridan birini erkin agent sifatida yo'qotish xavfiga duch kelishi mumkin.
Shu bilan birga, Hamshahriy nashri ma'lumotiga ko'ra, Gera, Bakich va Sergeev mavsum yakunida “Persepolis”ni tark etishi aniq. Gera va Bakichning qishki transfer oynasidayoq jamoadan ketish ehtimoli ham yuqori baholanmoqda.
Qayd etilishicha, klubning yangi legionerlar bilan shartnoma imzolashni rejalashtirmayotganiga qaramay, Rikardo Alvesning “Persepolis”ga o'tishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan.



