

Joriy mavsumda u qayd etayotgan sermahsullik ommaning e'tiborini o'ziga tortmasdan qolmayapti. Uning faoliyati nafaqat sovrinlar, balki maydondagi doimiy mehnati va statistikasi bilan ham e'tiborga molik. Quyida futbolchining Superligadagi yillar kesimidagi batafsil statistikasi va faoliyat yo'liga nazar tashlaymiz.
Yoshlik davri va "Bunyodkor"dagi shakllanish (2012–2017)
Doston katta futbolga 2012 yilda kirib keldi. U Eronda bo'lib o'tgan o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida Dilshod Nuraliev boshchiligidagi terma jamoaning muhim bo'g'ini sifatida porladi. Keyinchalik 2013 yilgi U-17 Jahon chempionatida ham o'z mahoratini namoyish etdi.
2014 yil "Bunyodkor" klubi uchun strategik o'zgarishlar yili bo'ldi. Akademiya tarbiyalanuvchisi Sergey Lushchan bosh jamoaga tayinlangach, Doston Hamdamov, Akramjon Komilov va Zabihillo O'rinboev kabi yosh iqtidorlarni asosiy tarkibga jalb qildi.

Debyut: 2014 yilgi mavsum ikkinchi davrasida "Qizilqum"ga qarshi o'yinda Superligada debyut qilgan Doston, ilk o'yinidayoq gol urib, muxlislar e'tiborini qozondi. Keyingi turda “Mashal” darvozasiga ham yo'l topdi. Qizig'i, darvozani shu kuni raqib safida Sanjar Quvvatov qo'riqlagan.
Etirof (2015): Hamdamov "Bunyodkor"ning asosiy o'yinchisiga aylandi. Yangi Zelandiyadagi U-20 Jahon chempionatida Gonduras va Avstriya darvozasini ishg'ol qildi. Yil yakunida u Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi.
Barqarorlik (2016-2017): 2016 yilda Shomurodov, O'rinboev va Hamdamov triosi "Bunyodkor"ni kumush medallarga etakladi. Bu yilda u elitada 29 ta bahsda 9 ta to'p kiritdi. 2017 yilda esa Doston shaxsiy rekordini o'rnatib, 30 ta o'yinda 14 ta gol muallifi bo'ldi.

"Paxtakor" va faoliyatdagi o'zgarishlar (2019–2025)
2019 yildan boshlab Hamdamov o'z o'yinida barqarorlikni saqlashga intildi. "Paxtakor" safida Shota Arveladze qo'l ostida u yanada erkinroq va hujumkor o'yin ko'rsatdi. Xususan, 2020 yilgi mavsumda 26 ta o'yinda 9 ta gol urib, jamoasining muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo'shdi.
So'nggi yillarda u turli jarohatlar va taktik o'zgarishlar sabab o'yin amaliyotida biroz pasayish kuzatilgan bo'lsa-da, maydondagi faolligini yo'qotmadi. 2024 va 2025 yilgi mavsumlarda u o'rtacha 5 tadan gol urib, tajribali futbolchi sifatida o'z o'rnini saqlab qoldi.
2026 yil: Yangi bosqich?
2026 yilgi mavsum Hamdamov uchun mutlaqo yangi suratda boshlandi. Futbolchi joriy mavsumda 8 ta turda 6 ta gol urishga erishdi.
Bugungi kundagi ko'rsatkichlar Doston Hamdamovning ancha tetik va yuqori sport formasida ekanligini ko'rsatmoqda. U nafaqat tajribasi, balki maydondagi samaradorligini ham sezilarli darajada oshirdi. Mavsum hali oldinda ekanligi va hozirgi tempni hisobga olsak, Doston o'z karerasidagi shaxsiy rekordlarni yangilab, faoliyatidagi eng yorqin mavsumini o'tkazishi uchun barcha imkoniyatlarga ega. Hamdamov bugungi kunda ham o'zbek futbolining hisoblashish kerak bo'lgan muhim figurasi ekanligini isbotlamoqda. Fabio Kannavaro unga o'tgan mavsumdayoq e'tibor qaratgani bejiz emas.
Superligadagi yillar kesimida statistika
Doston Hamdamovning yillar davomidagi o'yinlari va urgan gollari uning sport formasi hamda jamoadagi rolini aks ettiradi. Futbolchining Superligadagi faoliyatiga oid asosiy raqamlar quyidagicha:
2014 yil: 8 ta o'yin, 4 ta gol
2015 yil: 25 ta o'yin, 10 ta gol
2016 yil: 29 ta o'yin, 9 ta gol
2017 yil: 30 ta o'yin, 14 ta gol
2019 yil: 22 ta o'yin, 7 ta gol
2020 yil: 26 ta o'yin, 9 ta gol
2021 yil: 12 ta o'yin
2022 yil: 14 ta o'yin, 3 ta gol
2023 yil: 25 ta o'yin
2024 yil: 24 ta o'yin, 5 ta gol
2025 yil: 27 ta o'yin, 5 ta gol
Abdulaziz Iskandarov
