

Olmaliqda kechadigan OKMK va "Paxtakor" o'rtasidagi to'qnashuv shunchaki navbatdagi 3 ochko uchun kurash emas, balki musobaqa jadvalining yuqori qismidagi chigillarni echadigan va har ikki jamoaning joriy mavsumdagi ambiciyalariga bevosita ta’sir ko'rsatadigan strategik bahsdir.
Muxlislar nima uchun bu o'yinni tomosha qilishlari kerak? Quyida uchrashuvni tomosha qilish uchun 5 ta asosiy sababni tahlil qilamiz.
1. Chempionlik poygasi
"Neftchi"ning Qarshida mag'lubiyatga uchrashi ortidan "sherlar"ning Toshkentda "Andijon" ustidan qozongan muhim g'alabasi oradagi 5 ochkolik farqni 3 tagacha qisqartirdi. Bu turda Farg'ona klubi o'z maydonida nisbatan engilroq raqib - "Surxon"ni qabul qilishini inobatga olsak, "Paxtakor"ni Olmaliqda bugun faqat va faqat g'alaba qoniqtiradi.
Har qanday ochko yo'qotilishi va peshqadamning ehtimoliy g'alabasi oradagi farqni yana oshirib yuboradi va "sherlar"ning chempionlik poygasidagi imkoniyatlarini sezilarli darajada pasaytiradi. Boz ustiga, ortdan kelayotgan "Navbahor" bilan tafovut atigi 5 ochkoni tashkil etmoqda. Bugungi mag'lubiyat ham "Neftchi"ga, ham Namangan klubiga berilgan o'ziga xos sovg'a bo'ladi.
2. Elit OCHL oldidan so'nggi "repeticiya"
"Paxtakor"ni 14 sentyabr kuni Jiddada Osiyoning amaldagi chempioni, tarkibi dunyo futboli yulduzlariga to'la "Al-Ahli"ga qarshi Elit OCHLdagi yurishi kutmoqda. OKMK bilan bahs Kamoliddin Tojiev uchun mazkur o'ta mas'uliyatli to'qnashuv oldidan jamoaning taktik va jismoniy holatini sinovdan o'tkazib oladigan oxirgi tayyorgarlik vazifasini o'tab beradi.
Turnir startidagi natijalar
2020
"Al-Ahli" (BAA) 2:1 (G'alaba)
2021
"Traktor" (Eron) 3:3
2022
"Sepaxon" (Eron) 1:3
2023
"Al-Ain" (BAA) 0:3
2023/24
"Al-Vasl" (BAA) 0:1
Takidlash joizki, "Paxtakor" oxirgi marotaba OCHLni 2020 yilgi mavsumda g'alaba bilan boshlagan. Keyingi yillardagi omadsiz startlar seriyasiga chek qo'yish uchun Tojiev shogirdlariga Olmaliqdagi bahsda ijobiy ruhiyat va yuqori sport formasi suv va havodek zarur.

3. Mehmondagi mag'lubiyatsiz seriya
"Paxtakor" joriy mavsumda safarda mag'lub bo'lmagan yagona jamoa maqomini saqlab turibdi. Toshkentliklar safardagi 9 ta o'yinda 21 ochko jamg'arib (6 g'alaba, 3 durang, to'plar nisbati 13:6), bu ko'rsatkich bo'yicha ligada yaqqol yetakchi bo'lib turibdi. "Sherlar" o'tgan yilning may oyida Termizda mag'lub bo'lganidan beri mehmonda boy berilgan o'yinlarsiz odimlamoqda.
Ammo "Paxtakor" oxirgi ikki mavsumda Olmaliqda OKMKni yuta olmagan. Klub oxirgi marta 2023 yili "konchilar"ni o'z maydonida taslim etgan edi.

4. Mirjalol Qosimov jamoasi va turnir jadvalidagi vaziyat
OKMK uchun ham turnir jadvalidagi vaziyat ancha xavfli. Musobaqa jadvalida 32 ochko bilan turganda, ochko yo'qotilishi va "Lokomotiv"ning ehtimoliy muvaffaqiyati olmaliqliklarni pastga surib yuboradi. To'g'ri, g'alaba "konchilar"ni vaqtincha bo'lsa-da 4-o'ringa olib chiqadi, ammo buning uchun ular "Buxoro"ning bahsini ham kutishlari kerak.
5. Principial qarama-qarshilik
OKMK uchun "Paxtakor"ga qarshi o'yinlar hamisha alohida mas'uliyat va principial ahamiyat kasb etgan. Tarixga nazar tashlasak, olmaliqliklar ilgari "sherlar" to'sig'idan o'ta olishmas edi. Ammo so'nggi mavsumlarda Mirjalol Qosimov toshkentliklarni mag'lub etishning aniq kalitini topa bildi.
Statistika: Jamlanma raqamlarga e'tibor qaratsak, OKMK "Paxtakor"ga qarshi kechgan oxirgi 6 ta o'yinning 4 tasida g'alaba qozonishga erishgan. Bu ko'rsatkich mezbonlarning bugungi o'yin oldidan psixologik ustunlikka ega ekanini ko'rsatadi.

Qolaversa, OKMKni ushbu bahsdan so'ng Superligada ishtahasi karnay bo'lib turgan "So'g'diyona" va chempionlik poygasidagi "Navbahor"ga qarshi o'ta og'ir bellashuvlar kutmoqda. Demak, Qosimov shogirdlari o'z maydonidagi imkoniyatni qo'ldan boy bermaslik uchun bor kuchini ishga soladi.



