Samyuel Umtiti: "Oltin to'p" o'z manosini yo'qotgan va juda jamoaviy sport turi bo'lgan futbolga zarar etkazmoqda"

Aslanov Jasurbek
9 sen 2026, 15:57
"Barselona"ning sobiq himoyachisi Samyuel Umtiti "Oltin to'p" haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

Kecha France Football jurnali yilning eng yaxshi futbolchisi sovriniga 30 nafar nomzod nomini e'lon qildi. Avvalroq "Real" hujumchisi Kilian Mbappe ushbu mukofotni o'ziga bergan bo'lardi, deb aytgandi.

"U [Kilian Mbappe] - o'ziga ishongan inson. Unga bu haqda gapirmasligi kerak edi, u faqat maydonda sodir bo'layotgan voqealarga e'tibor qaratishi lozim edi, deyish mumkin. Hamma uning ko'p gol urganini, ayrim paytlarda yaxshi o'yin ko'rsatganini ko'rdi, ammo undan: "Senimcha, "Oltin to'p"ni kim yutadi?" deb so'ralsa, u o'z ismini aytadi. Bu kimgadir yoqadimi yoki yo'q. Men, misol uchun, bunga qo'shila olmayman. Hujumchilar "Oltin to'p"ni yaxshi ko'rishadi, lekin bu mukofot aynan unga nasib etishi shart emasligi men uchun aniq.

Ro'yxatga Kinones ham kiritildi, lekin u jahon chempionatida nima qildi (Meksika terma jamoasi safida to'rtta gol urdi)? Buni ko'rganimda, hazil deb o'yladim. Jiddiy aytyapman, hatto bu marosimni ham tomosha qilmayman.

Hujumchilar uchun "Oltin to'p"ni qo'lga kiritish – bu aql bovar qilmas holat. Bu marosim har qanday manosini yo'qotgan, u juda jamoaviy sport turi bo'lgan futbolga katta zarar etkazmoqda. Odamlar jamoaviy mukofotlardan ko'ra "Oltin to'p"ni yutib olish haqida ko'proq o'ylashmoqda.

Jamoasi bilan Chempionlar ligasini yutib olishingiz mumkin, lekin faqat o'zingiz haqida o'ylaysiz. Biz yana statistika haqida gapira boshladik, bu esa etarli emas. Futbol – bu faqatgina statistika emas.

Messi va Ronaldu davridan keyin men hatto bu sovrinning topshirilishini ham ko'rmayapman. Ularda aql bovar qilmaydigan statistika bor edi va agar ular yirik sovrinni qo'lga kiritishmasa ham, bu unchalik muhim emasdi, chunki ular mavsumni ajoyib tarzda o'tkazishardi. Endi esa biror ko'zga ko'ringan o'yinchini ajratib ko'rsatish shart emas", – dedi Umtiti.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: RMC Sport