Noyer YCHL haqida: "Favoritlar o'sha-o'sha - o'tgan yilgi finalchilar, "Barsa"ning ham tarkibi kuchli"

Aslanov Jasurbek
9 sen 2026, 16:58
"Bavariya" darvozaboni Manuel Noyer yangi Chempionlar ligasi mavsumida jamoaning imkoniyatlari haqida gapirdi.

YCHL g'olibligi uchun asosiy da'vogarlar haqida "O'sha-o'shalar - o'tgan yilgi finalchilar. "Barselona"ning ham tarkibi kuchli. Pley-off bosqichi yaqinlashgani sayin favoritlar yanada aniqroq ko'rina boshlaydi. Hammada ham pasayishlar va ko'tarilishlar bo'lib turadi, ammo favoritlar qatorida odatdagi jamoalar bo'lishini kutyapman".

"Bavariya"ga musobaqada g'olib chiqish uchun nima yetishmayotgani haqida "Gap mayda-chuyda narsalarda. Biz muvaffaqiyatga yaqin kelgan edik, jumladan, o'tgan mavsumda "Real" va "PSJ"ga qarshi o'yinlarda ham. Bizda salohiyat bor, tajriba ham yordam beradi. Bu bosqichga yana qaytish uchun kuchli xohishimiz bor. Asosiy maqsadimiz - Chempionlar ligasini yutib olish. Biz achchiq mag'lubiyatlarni boshdan kechirdik, ammo bu bizga qo'shimcha motivaciya beradi, chunki kelayotgan yozda Madridda o'tadigan finalda o'ynashni xohlaymiz".

Madriddagi final uning so'nggisi bo'lishi mumkin bo'lgan mavsumdagi asosiy maqsadi ekanligi haqida "Men mavsumni mumkin bo'lgan barcha yutuqlarga erishish maqsadida boshlayapman. O'ylaymanki, jamoamiz buning uddasidan chiqa oladi. Aynan shuning uchun faoliyatimni davom ettirishga qaror qildim. Men bu jamoa, murabbiylar shtabi va kayfiyatimiz bilan hamma narsaga erishish mumkinligini bilaman. Chempionlar ligasini uchinchi bor yutib olish men uchun juda katta ahamiyatga ega bo'lardi. Oldinda bizni kuchli raqiblar kutib turganini tushunamiz, shunchaki yaxshi tayyorgarlik ko'rib, startga e'tibor qaratishimiz kerak", - dedi 40 yoshli Noyer matbuot anjumanida.

"Bavariya" ertaga Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 1-turi doirasida o'z maydonida "Bude-Glimt"ni qabul qiladi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Bayern & Germany