

Madrid jamoasi ushbu liga madhiyasini eshitishi bilanoq o'zining pro versiyasiga o'tib oladi. Dahshatlisi shuki, bu ishni jamoa qariyb o'n to'rt yildan beri turli xil murabbiylar qo'l ostida amalga oshirib kelyapti. Boshqa jamoalar, aytaylik, "Arsenal" va "Bavariya" to'qnash kelsa, jamoalarning shu o'yingacha bo'lgan taqvimi, o'yinlar oralig'idagi dam olish kunlari, shu o'yingacha bo'lgan natijalar, tarkibning qay darajada optimalligi barcha-barchasi hisobga olinadi va taxmin bildiriladi. Lekin uchrashuv "Real" ishtirokida bo'lsa, tarozining bir pallasi avtomatik tarzda og'irlasha boshlaydi, hatto bo'lajak o'yinga madridliklar juda yomon holatda yetib kelishsa ham.

Futbolda natijaning sakson foizi ruhiy holatga bog'liq ekanligini madridliklar bizga isbotlab berdi. La Ligada "Betis"ga yutqazib, yarim himoyachilarining deyarli barchasidan ayrilib bu o'yingga rasvo holatda yetib kelgan "Real Madrid" birinchi taymning o'zida so'nggi bora 9 mart sanasida yutqazgan "Inter" darvozasiga ikkita to'pni joylab qo'ydi. Uch kun oldin "Napoli"ga qarshi kambek qilgan "Inter"dan asar ham yo'q.

Istalgan murabbiy bu turnirda "Real"ni yutmoqchi bo'lsa, taktik tayyorgarlik bilan birga mental tayyorgarlikni ham yuqori darajada amalga oshirishi kerak. Bundan besh yil muqaddam turnir finalida "Liverpul" "Real Madrid"ga qarshi maydonga tushgan. Saloh va Mane tandemi "Real" darvozasi oldida bosim uyushtirib ko'plab xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishgan. O'yinning yigirmanchi daqiqalarida "Liverpul" burchak zarbasi ishlab oladi va bizga takroriy lavhada xavfli vaziyat namoyish etiladi. Meni eng ko'p hayron qoldirgan narsa "Liverpul" futbolchisining zarbasi emas, epizod to'liq yakunlanmay turib bir-biriga qarab kulayotgan Benzema va Modrichning xotirjamligi edi. "Og'ayni, sen CHL finalida o'ynayapsan!", degan fikr o'tgan edi o'shanda.

"Real"ning xotirjamligi va ishonchidan ham, ular maydonda harakat qilayotgan payt raqiblarning o'yini o'z-o'zidan "buzilib" qolishi yanada hayratlanarli. Xuddi asrlar ilgari "Mo'g'ullarni engib bo'lmaydi", deb jangsiz taslim bo'lgan qo'shin singgari shashti tushib ketgan raqib jamoalar o'ta oddiy xatolarni yo'l qo'yib turnir shohsupasiga "Real"ni o'z qo'llari bilan olib chiqib qo'yishadi. Madrid jamoasi bu kayfiyatni, bu qarashni qancha payt saqlab tura oladi bilmadim, lekin anig'i shuki, qancha payt saqlab tursa, shuncha vaqt ushbu musobaqaning eng katta favoriti bo'lib qolaveradi.
Avazbek Mirsaitov



