Mirjalol Qosimov: "Bundan oldingi uchrashuvlarda ham muxlislarga yoqadigan o'yinlar ko'rsatayotgandik, faqatgina gol urishda oqsayotgandik"

4 sen 2026, 01:53
Superliganing 20-turini ochib bergan OKMK - "Xorazm" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida olmaliqliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi.

- Muhimi uch ochkoga ega bo'ldik. Muxlislarbop o'yin bo'ldi. Bundan oldingi uchrashuvlarda ham muxlislarga yoqadigan o'yinlar ko'rsatayotgandik, faqatgina gol urish bobida oqsayotgandik. Bugun Hudoga shukur, 5-6 imkoniyatning bittasidan foydalandik. Bizga pand berayotgan narsa faqatgina shu edi: tepayotgan to'plarimiz darvozadan o'rin olmayotgandi. Ikkinchi bo'limda Aziz Xolmurodovning o'zida 3ta yuz foizlik imkoniyat bo'ldi. Shuningdek, Nodir Abdurazzoqov va Asadbek Sobirjonovlarda ham yaxshi vaziyatlar bo'lgandi. Bunday imkoniyatlarda raqiblarni kechirish kerak emas. Bu borada ishlayapmiz, yigitlarga barchasini tushuntiryapmiz. Buyog'iga yigitlar o'zlariga hulosa chiqarib, keyingi o'yinlarda ko'proq gollar ko'ramiz, degan umiddaman. "Xorazm"ga keyingi o'yinlarda omad tilayman.

1000144765.jpeg

- So'nggi 3 o'yinda jamoa umuman gol ura olmadi, lekin ko'plab vaziyatlar yaratildi. Bu jamoaning ruhiyatiga qandaydir ta’sir o'tkazmaydimi?

- Faqatgina 3ta emas. "Nasaf" bilan o'yinda Abduvohid Ne'matov bir qancha vaziyatlarda jamoasini yaqqol gollardan qutqardi. Haqiqatdan ham bizda ko'plab yaxshi imkoniyatlar bo'lmoqda. Agarda bu ruhan ta’sir qilganida jamoa buncha vaziyatlar yarata olmasdi. Nafaqat bizda, balki, butun dunyoda ham jamoalar shunday qiyin holatlarga tushib qolishini, yaxshi vaziyatlardan foydalana olmasligini ko'rganmiz. Biz barcha ko'rsatmalarni berishda davom etyapmiz. Barchasi futbolchining o'ziga qolgan. Bu holat nafaqat menga, balki, futbolchilarga ham tajriba bo'ladi. Ular bundan to'g'ri hulosa chiqarishadi degan umiddaman. Bu ko'pchilikning mehnati. Agar hujumda shunday vaziyatlardan gollar ura olishmasa, qarshi hujumlarda gollar o'tkazib yuborish ham hech narsa emas. Keyingi o'yinlarda hujumchilar bunday vaziyatlardan foydalana olishadi degan umiddaman va niyat qilib qolaman.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia