

O'yindan keyin "Paxtakor farm" bosh murabbiyi Bobur Abdurahmonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Bugun negadir futbolchilarimiz o'zida emasdi. Hammada charchoq alomatlari ko'rindi. O'tgan tur "Metallurg" bilan bahsda ancha kuch yo'qotganimiz bilindi. Uchrashuv startida gol o'tkazdik. O'yindan umuman qoniqmadim. O'yinlar orasi kamligi tufaylimi, futbolchilarimiz tez charchab qolishdi.
- "Metallurg"ga qarshi bahsda o'yin oxirlarida, bugun esa uchrashuv boshida gol o'tkazildi. Yigitlar e'tiborni yo'qotib qo'yishdimi?
- Shunday desa ham bo'ladi. Bugun jismoniy tomondan juda bo'sh ko'rindik.
- Yirik mag'lubiyatga qaramay, jamoangizda golli vaziyatlar bo'ldi, faqat foydalanishga kelganda nima yetishmadi?
- Futbolchilarimiz ozgina yoshlik qilyapti deb o'ylayman. Baribir Proliga kuchli musobaqa, yaxshi jamoalar jamlangan. To'p bilan muomala qilyapmiz, hujumga o'tdik, lekin yakuniy zarbani berishda muammolarga duch keldik. Ishlaydigan jihatlarimiz hali ko'p. Tezroq mag'lubiyatni unutib keyingi o'yinga hozirlik ko'ramiz.



