

O'yindan keyin "Aral" bosh murabbiyi Nematillo Qutibaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuv to'liq jamoamiz ustunligida kechdi. Har ikki taymda yigitlarimiz yaxshi harakat qilishdi. Buni yakuniy hisob ham aytib turibdi. Agar vaziyatlardan foydalanganimizda ko'proq gol urgan bo'lardik.
- "Aral" qatorasiga ikki o'yindan beri gol o'tkazmasdan g'alaba qozonyapti. Shu haqda fikringiz?
- Biz uchun o'yinlar oson o'tmayapti, har bir bahsda nimadir muammo kuzatilyapti. Oxirgi ikki o'yinda ko'p vaziyatlar yaratdik. Bazan o'yin davomida bitta vaziyat bo'lishi mumkin, bazan esa ko'proq vaziyat bo'ladi. Biz himoyani unutmagan holda o'z imkoniyatimizdan foydalanishga harakat qilyapmiz.
- Jamoa hujumchisi Ruslan Qalmagambetov to'purarlar orasida birinchi o'rinda boryapti. U bugun ikkita gol urdi. Ushbu futbolchi haqida nima deya olasiz?
- Ruslan ko'p gol urishini necha yildan beri kutdik. Yaxshi bilasiz, u ikkinchi ligadan kelgan. Jamoamizga tezda kirishib ketdi, yig'in payti o'zini ko'rsatdi va mashg'ulotlarda ham yaxshi harakat qilyapti. Ruslanda imkoniyat katta va kuchli hujumchi bo'ladi deb o'ylayman.
- Bugungi raqib "Paxtakor farm" haqida nima deyish mumkin?
- Birgina o'yindan kelib chiqib fikr aytish qiyin. Chunki bitta darvozaga o'yin bo'ldi. Jamoada yoshlar harakat qilyapti va shu orqali o'sib boradi. Bilamizki, "Paxtakor" har kimni ham chaqiravermaydi, bu futbolchilarda ham istedod bor deb o'ylayman.
- Birinchi taymda jamoangiz ko'p bor pressing namoyish qildi, lekin ikkinchi bo'limda shuni ko'rmadik.
- Biz har bir o'yinda pressing orqali raqibga bosim o'tkazishga harakat qilamiz. Agressiv futbol o'ynaymiz. Endi baribir hisob 3:0 bo'lganidan keyin pressing kamaydi. Futbolchilarimiz erkinlikka berildi.
- Keyingi tur "Jayxun"ga qarshi derbi bo'ladi.
- Derbi o'z nomi bilan derbi. O'tgan yil "Jayxun"ga qarshi bahslar ancha qiziq kechgandi. Bu yil ham yaxshi to'qnashuv ko'ramiz.


