Benin terma jamoasi murabbiyi Messining xayrlashuv o'yini haqida: "Argentina Angliya va Ispaniyaga ham shunday munosabatda bo'larmidi?"

Aslanov Jasurbek
14 okt 2026, 16:45
Benin terma jamoasi murabbiylar shtabi a'zosi Tunde Adelakun Lionel Messining xayrlashuv o'yinidan so'ng Argentina terma jamoasi tomonidan ko'rsatilgan munosabatdan hafsalasi pir bo'lganini ma'lum qildi.

Argentina va Benin o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvi 7 oktyabr kechasi bo'lib o'tgan edi. Janubiy Amerika vakillari 3:0 hisobida g'alaba qozonishdi. Messi milliy terma jamoadagi so'nggi o'yinida penaltini aniq amalga oshirib, ikkita golli uzatmaga mualliflik qildi.

O'yindan so'ng Adelakun o'z blogida post joylab, Argentina futbolchilari va stadion xavfsizlik xizmati tomonidan Benin terma jamoasiga nisbatan past nazar bilan munosabatda bo'linganini yozib qoldirdi: "Xavfsizlik xodimlari o'zini go'yoki biz bosqinchiday tutishdi. Leo esa shon-sharaf aylanasini tark etib, futbolchilarimizdan qochdi - bu ko'pchilik sajda qiladigan inson tomonidan berilgan navbatdagi zarba bo'ldi".

- Muhim savol tug'iladi: agar Angliya yoki Ispaniya Messi bilan xayrlashuv o'yini uchun Argentinaga kelganida, ularga ham Beninga bo'lganidek munosabatda bo'lisharmidi? Agar beninliklar ular uchun shunchalik yoqimsiz bo'lsa, nega ular bilan bir maydonda 90 daqiqa o'tkazishga rozi bo'lishdi? O'yin bo'lib o'tishiga sababchi bo'lgan raqib manziliga birorta ham minnatdorchilik so'zi aytilmadi.

Bu vaziyat kuyov va kelin do'stlari bilan bir dasturxon atrofida o'tirib, kecha yakunlangach, o'z tashrifi bilan tadbir ommaviyligini taminlab bergan boshqa mehmonlarga hatto: "Salom, kelganingiz uchun rahmat" demasdan o'tib ketgan to'y taklifnomasini eslatib yuboradi.

Messining tarixi juda go'zal. Futbol uchun qilgan barcha ishlarini hech narsa inkor eta olmaydi. Lekin o'yindan so'ng sodir bo'lgan voqealar, qo'riqchilarning futbol afsonasiga hurmat va ehtirom ko'rsatmoqchi bo'lgan o'yinchilarni ayovsiz itarib yuborgani ertasi kuni Buenos-Ayresni tark etgan ko'pchilikning dilida achchiq alam qoldirdi. Safarimizni birinchi kundan yoritib borgan mahalliy jurnalistlardan birining gaplarini unuta olmayman: "Ko'rganlarimdan faxrlanmayman. Men argentinalikman, lekin bunday bo'lganidan afsusdaman". Odamlar hammasini ko'rishdi. Bu sport turida tenglik va xilma-xillikka erishish yo'lida qaysi bosqichda turganimizni yaqqol ko'rsatib berdi.

Biz Buenos-Ayresda boshimizdan kechirgan barcha yaxshi narsalarni, mahalliy aholining samimiy mehmondo'stligini va ushbu tarixiy voqeada hukm surgan fantastik muhitni yodda tutamiz. Futbol ushbu boshdan kechirganlarimizdan tegishli saboq oladi degan umiddamiz.

Hurmat ikki tomonlama bo'lishi kerak. Va biz futbolda buni namoyon etmoqdamiz, - deb yozadi Adelakun.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: The African Football Club