

TURNING ENG MUHIM 3 TA O'YINI
“Nasaf” “Andijon” ustidan g'alaba qozondi

Qarshining “Nasaf” jamoasi Samarqandda “Andijon”ni qabul qildi. Andijon jamoasi tarkibi va ambiciyalari bilan dastlab medallar uchun da'vogar sifatida ko'rilgan edi. Ammo mavsum boshidagi ochko yo'qotishlardan keyin bu o'yin Samvel Babayan jamoasi uchun jiddiy sinov bo'ldi. Qarshiliklar esa bu mavsum oldidan bir qator yetakchilaridan ayrildi, bu esa hujumdagi kreativlikni pasaytirdi.
Birinchi bo'limda jamoalar ehtiyotkor o'ynadi va asosan uzoq masofadan zarba berishdi. 11-daqiqada Oybek Rustamov uzoqdan zarba berdi. 5 daqiqadan so'ng Sharof Muhitdinov jarimadan zarba yo'lladi. 19-daqiqada Dragan Cheran javob berdi. Eng xavfli vaziyat esa 44-daqiqada yuz berdi, ammo Abduvohid Ne'matov ajoyib seyv amalga oshirdi.
Ikkinchi bo'limda o'yin jonlandi. Har ikkala jamoada vaziyatlar ko'paydi, ammo “Nasaf” xavfliroq ko'rindi. 77-daqiqada Ne'matov hujumni boshlab berdi, Zafarmurod Abdurahmatov deyarli yarim jamoani aldab o'tib, Murodbek Rahmatovga uzatma berdi - 1:0. “Andijon bosh murabbiy Samvel Babayan tayanch yarim himoyachilarning o'yinidan qoniqmadi. Qisman aynan shu sababga ko'ra to'p hujum chizig'iga yaxshi yetib bormadi.
“Paxtakor” – OKMK to'qnashuvi

Turning markaziy o'yinida, Chempionlikga asosiy da'vogarlardan biri bo'lgan “Paxtakor” o'z maydonida OKMKni qabul qildi. Qiziq fakt: oxirgi 5ta o'zaro o'yinida “Paxtakor” g'alaba qozonmagan. Uchrashuv boshidayoq, Tojiev shogirdlari ushbu tendenciyani o'zgartirishga harakat qildi. O'yinning boshida “sherlar” to'pni o'z nazoratiga olib, birinchi raqam ostida o'ynay boshladi. Natijada 21-daqiqada Flamarion Xojiyakbar Alijonovning uzatmasidan so'ng hisobni ochdi. Birinchi bo'limga qo'shib berilgan vaqtda esa Dostonbek Hamdamov jarima zarbasidan ajoyib gol urib, hisobni 2:0 ga etkazdi.
OKMK birinchi bo'limni sust o'tkazganini inobatga olib, Mirjalol Qosimov tanaffusda o'yinga o'zgartirishlar kiritishi kerak edi.
Va uning shogirdlari uzoq kutdirib qo'ymadi. 46-daqiqadayoq Asad Sobirjonov Muhammadrasul Abdumajidovdan to'pni olib qo'yib, Aziz Xolmurodovga aniq pas berdi - u esa hisobni qisqartirdi. Shundan so'ng o'yin ochiq va tezkor tus oldi, jamoalar qarshi hujumlarda harakat qila boshladi. Xolmurodov golidan keyingi bir necha daqiqa ichida Rustam Turdimurodov va Siavash Haqnazariy xavfli vaziyatlar yaratdi. 62-daqiqada Muhammadqodir Hamraliev burchakdan uzatilgan to'pni bosh bilan darvozaga yo'llab, hisobni 3:1 ga etkazdi. Qizig'i, uni markaziy himoyachi emas, bo'yi uncha baland bo'lmagan Xolmurodov qo'riqlagani tushunarsiz holat bo'lib qoldi.
Ushbu goldan keyin olmaliqliklar himoyadan hujumga o'tishda muammolarga duch keldi. Aslida, ikkinchi bo'lim o'rtalaridan boshlab “sherlar” darvozaboni Sanjar Quvvatov deyarli o'yinga aralashmadi. “Paxtakor” hisobni yanada yirik ko'rinishga olib kelishi ham mumkin edi, ammo Hojimat Erkinovning zarbasidan keyin to'p ustunga tegdi.
“Paxtakor” “Neftchi”ni quvishda davom etmoqda. Keyingi turda mavsumning ikki favoriti o'zaro to'qnash keladi. Mirjalol Qosimov jamoasida esa vaziyat unchalik yaxshi emas - OKMK hozircha o'tish o'yinlari zonasida bormoqda.
“Neftchi” “Qizilqum”ni tor-mor etdi. Ha, yana 3+ gol bilan.

Terma jamoalar o'yinlari sababli yuzaga kelgan tanaffus “Neftchi”ning o'yin ritmiga umuman ta’sir qilmadi. Keng tarkibga ega Islombek Ismoilov yana rotaciya qildi. Vladimir Yovovich, Xurshid G'iyosov, Ratino zaxirada qoldi, liga to'purari Stipe Peritsa esa umuman maydonga chiqmadi. Ehtimol, murabbiy xorvatiyalik hujumchini “Paxtakor”ga qarshi o'yin uchun asrab qo'ygandir. Shunga qaramay, Farg'ona klubi Pericasiz ham “Qizilqum”ni 4:0 hisobida mag'lub etdi.
Birinchi bo'lim statistikasi bo'yicha “Qizilqum” hujumda yomon ko'rinmadi (3ta aniq zarba, “Neftchi”da esa 2ta). Ammo ikkinchi bo'limda farg'onaliklar haqiqiy mahorat darsini ko'rsatdi (9ta zarba, shundan 7tasi aniq; “Qizilqum”da 3 zarba, 0 aniq).
18-daqiqada Zoran Marushich qaytgan to'pdan unumli foydalanib hisobni ochdi. 41-daqiqada esa u assist qayd etdi - uning uzatmasidan so'ng Alisher Odilov ikkinchi golni urdi. 52-daqiqada yana Odilov–Marushich kombinaciyasi ishladi va serbiyalik futbolchi hisobni 0:3 ga etkazdi. Bu epizodda Jamshid Iskanderovning ajoyib uzatmasini alohida takidlash kerak - u bejizga IQ bo'yicha eng kuchli o'zbek futbolchilaridan biri deb hisoblanmaydi.
55-daqiqada Ikrom Aliboev penalti ishlab oldi va o'zi uni golga aylantirdi. 4:0 - “Neftchi”ning navbatdagi yirik g'alabasi
TURNING YANA 5 TA MUHIM VOQEASI
1. Ulug'bek Bakaevning “So'g'diyona”ga qaytishi

Ulug'bek Bakaev yana 2021-yilda mamlakat chempionatida kumush medallarni qo'lga kiritgan Jizzax klubga qaytdi. Ammo bu safar u jamoani ancha murakkab holatda qabul qildi - 4ta o'yinda atigi 1 ochko bilan turnir jadvalining pastki qismida.
Bakaev uchun debyut bahs ikki xil taassurot qoldirdi. Feysal Mulich va Lyupcho Dorievning gollari evaziga “So'g'diyona” tanaffusga qadar “Qo'qon”ga qarshi 2:0 hisobida oldinda chiqdi. Ammo ikkinchi bo'limda mehmonlar o'yinni o'z tomoniga og'dirdi. 50-daqiqada Shohrux Gadoev super zarba bilan hisobni qisqartirdi, 89-daqiqada esa gruziyalik legioner Shota Gvazava hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo'limda “So'g'diyona” juda sust o'ynadi - Bakaev shogirdlari biror marta ham darvoza tomon aniq zarba bera olmadi va g'alabani so'nggi daqiqalarda qo'ldan chiqardi.
Ko'rinib turibdiki, bu mavsum Bakaevni hali ko'p ishlar kutmoqda.
2. “Mashal” mavsumdagi ilk golini urdi, ammo bu yordam bermadi

Muborak klubi ham bosh murabbiyi bilan xayrlashdi. Rossiyalik mutaxassis Igor Surov sog'lig'i sabab jamoani tark etdi. “Navbahor”ga qarshi safar o'yinida jamoani vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida Otabek Narzullaev maydonga olib chiqdi.
15-daqiqada “Mashal” hujumchisi Murtazoev nihoyat uzoq kutilgan golni urdi… ammo ofsayd sabab gol bekor qilindi. Birinchi bo'lim oxirida Muhammadali Usmonovning uzatmasidan so'ng Diyor Xolmatov raqib himoyasidagi xatodan foydalanib, “Navbahor”ni oldinga olib chiqdi. Oradan ko'p o'tmay Usmonovning o'zi ham gol urib, o'z hisobiga gol+pas yozdirib qo'ydi. 61-daqiqada makedoniyalik Stoyanovski “Mashal”ning mavsumdagi ilk golini urdi. Ammo kech edi - himoyadagi xatolar o'z ta’sirini ko'rsatdi.
Hozircha “Mashal” o'yin sifati bo'yicha Superliganing eng zaif jamoasi bo'lib turibdi. “Navbahor” esa Temur Kapadze boshchiligida medallar uchun kurashni davom ettirmoqda.
3. “Bunyodkor” – “Lokomotiv” o'yinidan keyingi mojaro

Toshkent derbisida “Bunyodkor” Bobur Yo'ldoshev va Matiya Krivokapichning gollari evaziga “Lokomotiv”ni 2:0 hisobida mag'lub etdi.
Ammo o'yin ko'proq yuz bergan mojaro bilan yodda qoldi. Stadion tashqarisida “Lokomotiv” futbolchisi Abdulloh Yo'ldoshev “Bunyodkor” o'yinchilari bilan mushtlashib ketdi. Internetga tarqalgan videoda “qaldirg'ochlar”ning jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiyi Aleksey Nikolaev futbolchilarni ajratishga urinayotgani ko'rindi. Guvohlarning aytishicha, Yo'ldoshev o'yin davomida ham raqiblarni provokaciya qilgan.
Haqiqat qayerda - noma'lum. Ammo bu voqeaga allaqachon PFL munosabat bildirdi. Ko'rinishidan, janjal ishtirokchilarini jiddiy jazo kutmoqda.
4. Yagudinning xatolari “Xorazm”ga g'alaba keltirdi

“Xorazm” o'z maydonida Samarqandning “Dinamo” jamoasini qabul qildi. Sergey Tokov jamoasi hujumkor o'yinni ko'rsatmasa-da, taktika jihatdan qiziqarli futbol namoyish etmoqda va bu safar ham kuchli raqibni mag'lub eta oldi. “Dinamo”da ham xavfli vaziyatlar bo'ldi, ayniqsa mehmonlar sardori Xojimirzaev faol edi. Ammo birinchi bo'lim oxirida Aziz Pirmuhammadov uzoqdan aniq zarba yo'llab hisobni ochdi. Bu epizodda darvozabon Ravshanbek Yagudin qo'pol xatoga yo'l qo'ydi.
Ikkinchi bo'limda “Dinamo” hisobni tenglashtirdi - 72-daqiqada Til Mavretich gol urdi. Ammo oradan ko'p o'tmay Diyor Ortiqboevning zarbasidan keyin to'p avval to'singa tegdi, so'ng Yagudinga tegib darvozaga kirib ketdi. Rasmiy protokolga ko'ra, bu avtogol sifatida qayd etildi.
Shu tariqa, Yagudin turning antiqahramoniga aylandi.
5. “Surxon” o'z maydonida “Buxoro”ni nokaut qildi

Ushbu o'yin oldidan Aleksandr Xomyakov jamoasi Superliganing favoritlaridan biri sifatida ko'rilayotgan edi. Nazariy jihatdan, Termizdagi g'alaba “Buxoro”ni turnir jadvalida birinchi o'ringa olib chiqishi mumkin edi. Ammo hammasi aksincha bo'ldi.
9-daqiqagacha mezbonlar ikki bor gol urishga ulgurdi - Sunatillo Abdullajonov va Stiven Chinedu gol mualliflari. Birinchi bo'lim o'rtalarida Shahzod Ubaydullaev hisobni qisqartirdi - 2:1. Qiziq tomoni, Ubaydullaev faoliyati davomida eng ko'p aynan “Surxon” darvozasiga gol urgan (11 o'yin - 6 gol). Birinchi bo'limga qo'shib berilgan vaqtda “Buxoro” himoyachisi Jo'rabekov qo'l bilan o'ynab qo'ydi -Luis Suares uslubida. Hakam penalti belgiladi va uni Chinedu aniq amalga oshirdi. Ikkinchi bo'lim nisbatan sokin o'tdi, ammo yakunda “Surxon” haqli g'alabaga erishdi.
Anvar G'ofurov qo'l ostida “Surxon” inqirozdan chiqib, ketma-ket ikkinchi g'alabasini qo'lga kiritdi.
TUR IQTIBOSI: Ilyos Zeytullaev “Bunyodkor”dagi moliyaviy muammolar haqida
O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatida debyut qiladigan mavsumda Superliganing ko'plab klublari jiddiy moliyaviy muammolarga duch kelmoqda. “Nasaf”, “Surxon”, “Dinamo”, “Buxoro” - bu hali to'liq ro'yxat emas. “Xorazm” bosh murabbiyi Sergey Tokov avvalroq maosh olmayotgan futbolchilar haqida degan edi: “maosh olmaydigan futbolchining miyasida – futbol bo'lmaydi”
“Lokomotiv”ga qarshi o'yindan keyingi matbuot anjumanida “Bunyodkor” bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaev yana jamoadagi muammolar haqida gapirdi:
- Buni sizga kim aytdi, bilmayman, ammo bu haqiqat [Itsuki Urataning ketgani haqida]. U o'tgan shanbadan beri mashg'ulotlarda qatnashmayapti. Bu jamoani tark etgan to'rtinchi futbolchi. Avval Dilshod Ahmadaliev ketdi, keyin italiyalik analitik. Martin Shroler ham shu sabab klubni tark etdi. Bosh murabbiy sifatida bu katta yo'qotish deb hisoblayman. Qanchalik professional bo'lmaylik, 4 oy maosh olmagan odam o'zgaradi. Bazamizda issiq suv yo'q. Professional jamoa uchun bu juda g'alati holat. Ertangi mashg'ulotni qanday o'tkazishimni ham bilmayman.
SUPERLIGA 5-TURI HAQIDA 5 FAKT
Fakt #1 | Murodbek Rahmatov “Nasaf” safida barcha musobaqalarda 8-golini urdi. U gol urgan o'yinlarda “Nasaf” hali yutqazmagan: 7 g'alaba, 1 durang.
Fakt #2 | Sunatillo Abdullajonov “Surxon” safida debyut golini urib, Oliy liga tarixida klub uchun gol urgan 117-futbolchiga aylandi.
Fakt #3 | “Neftchi” dastlabki 5 turda 5 ta ketma-ket g'alaba qozondi. So'nggi bor bunday start 2003-yilda qayd etilgan, o'shanda Yuriy Sarkisyan jamoasi mavsumni 7 g'alaba bilan boshlagan.
Fakt #4 | Muborakning “Mashal” klubi mavsum boshidagi barcha 5 o'yinda mag'lub bo'ldi - bu klub tarixidagi eng yomon natija. Bundan tashqari, har bir o'yinda birinchi bo'limdayoq gol o'tkazib yuborgan.
Fakt #5 | “Navbahor” futbolchisi Muhammadali Usmonov tur yakunlariga ko'ra “Eng yaxshi yosh futbolchi” deb topildi. Uning statistikasi: gol+pas, xG - 0,7 va 77% aniq uzatmalar.

KEYINGI TUR UCHUN 10 SAVOL
1. Zabihillo O'rinboevning jarohati qanchalik jiddiy? U siz “Navbahor” qanday o'ynaydi?
2. “Surxon” inqirozdan chiqyaptimi?
3. O'zbek “El-Klassiko”sida kim g'alaba qozonadi: “Neftchi” yoki “Paxtakor”?
4. “Ultras burgut” “vodiy derbisi”da “Navbahor”ga qarshi qanday perfomans ko'rsatadi?
5. “Dinamo” darvozasida Edem Nemanovni ko'ramizmi?
6. Bobir Abdixoliqov qachon mavsumdagi ilk golini uradi?
7. “Lokomotiv” qachon o'z stadioniga qaytadi?
8. Stipe Pericani Fantasy jamoaga olish kerakmi? (spoyler - hoziroq oling).
9. Keyingi o'yinda “Andijon”ning asosiy tarkibida Po'latxo'ja Xoldorxonov maydonga tushadimi?
10. Haqiqatan ham, Odil Hamrobekov “Paxtakor”ga qaytadimi?
Evdokim Raimov tayyorladi



