

✅ "Andijon" – "Neftchi"
“Andijon” o'yinchisi o'ylamasdan qo'pollik ishlatib, raqibining to'pig'iga butsa tishlari bilan zarba berdi. Uni qizil kartochkadan faqat zarbaning kuchli bosim bilan berilmagani va zarba pastroqqa tekkani saqlab qoldi. Bizningcha, jarima zarbasi belgilanib, qo'pol o'yin uchun sariq kartochka ko'rsatilgani – to'g'ri qaror.
✅ "Andijon" – "Neftchi"
Hakamning qaroriga qo'shilamiz: “Neftchi” himoyachisi tomonidan qoidabuzarlik sodir etilganini ko'rmadik, bu oddiy o'yin holati edi. Shu bilan birga, “Andijon” futbolchisiga simulyaciya uchun sariq kartochka ko'rsatish ham shart emasdi, chunki baribir engil to'qnashuv bo'lgan. To'g'ri qaror – o'yinni davom ettirish.
✅ "Andijon" – "Neftchi"
Hakam to'g'ri qaror qabul qilgan, deb hisoblaymiz. "Andijon" o'yinchisi raqibni ko'rib turibdi va butsasining tishlari bilan uning beldan yuqori qismiga haddan tashqari kuch ishlatib zarba bermoqda. Bu yerda jarohat etkazish xavfi mavjud. To'g'ri qaror – jiddiy qoida buzilishi uchun qizil kartochka.
✅ "Surxon" – "So'g'diyona"
"So'g'diyona" hujumchisi qo'pol o'yini uchun sariq kartochka ishlab oldi. Darvozabon to'pni egallab bo'lganiga qaramay, u kontaktning oldini olishga harakat qilmadi va oyog'i bilan golkiperga tegib ketdi.
✅❌ "Buxoro" – OKMK
Dastlab OKMK o'yinchisi xavfli o'ynab (yotgan holda to'pni oyoqlari orasida qisib olib), qoidani buzadi. Shundan so'ng "Buxoro" o'yinchisi yotgan raqibiga qo'pol ravishda zarba beradi. Bizning fikrimizcha, to'g'ri qaror – "Buxoro" foydasiga erkin zarba belgilash, lekin shu bilan birga, qo'pol o'yini uchun ularning himoyachisiga sariq kartochka ko'rsatish.
P.S. "Buxoro" o'yinchisiga sariq kartochka ko'rsatilmadi.
❌ "Dinamo" – "Xorazm"
“Xorazm” himoyachisi raqibining harakat yo'nalishini ataylab to'sdi va qoidani jarima maydonchasi tashqarisida buzdi, shu sababli VAR vaziyatga aralasha olmadi. To'g'ri qaror – jarima zarbasi va sariq kartochka.
✅ "Dinamo" – "Xorazm"
Darvozabonga nisbatan ishlatilgan yaqqol fol. "Xorazm" posboni to'pga o'ynamoqda, raqib esa unga kelib urilmoqda, bu qoida buzilishi hisoblanadi.
✅ "Navbahor" – "Bunyodkor"
"Bunyodkor" himoyachisi to'pga o'ynashga harakat qilib, raqibining oyog'iga orqadan zarba bermoqda. To'g'ri qaror – penalti.
✅ "Navbahor" – "Bunyodkor"
“Bunyodkor” himoyachisining qo'li dastlab tayanch holatda edi, biroq to'p tekkan paytda u endi tayanch vazifasini bajarmayotgan, aksincha, tana maydonini g'ayritabiiy ravishda kengaytirib turgan edi. To'g'ri qaror – penalti.
Shu tariqa, Superliganing 17-turi o'yinlarida hakamlar ikkita xatoga yo'l qo'yishdi.



