

ENG SOVUQQON AMALDAGI CHEMPION: “NEFTCHI”
O'tgan mavsumda farg'onaliklar uzoq kutilgan chempionlikni qo'lga kiritgach, barcha nigohlar Vitaliy Levchenkoga qaratildi. U titulni qo'lga kiritganiga qaramay, vaqti-vaqti bilan o'zbek OAV tanqidlariga uchrab turdi. Kuz faslidan boshlab esa uning o'rnini yosh va ambiciyali murabbiy Islom Ismoilov egallashi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqala boshladi.
Ismoilov yoshlar bilan muvaffaqiyatli ishlagan. Biroq u ilk bor kattalar jamoasi, ustiga-ustak amaldagi chempion maqomidagi professional futbolchilar bilan ishlashi kerak edi. Mavsum boshlanishidan avval ham futbol jamoatchiligi ikki qarama-qarshi fikrga bo'lindi: kimdir unga omad tiladi, boshqalar esa uning tez orada iste'foga chiqarilishini taxmin qildi. Bunga sabab - murabbiyning Superliga darajasida tajribasining kamligi va yoshligi edi.
Solishtirib ko'ramiz: Ismoilov 33 yoshda. Taqqoslash uchun, Akbar To'raev va Farrux Sayfiev undan katta, Yovan Jokich esa tengdosh, yana kamida o'n nafar futbolchi yosh jihatidan unga yaqin. Ismoilovga bildirilgan ishonchda Farg'ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov muhim rol o'ynadi. U klubni moliyalashtirishda faol ko'mak berib kelmoqda hamda so'nggi 3 mavsum davomida jamoaning shakllanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Bozorov ham Ismoilovga katta e'tibor qaratilishini yaxshi anglar edi va shu sabab “Neftchi” murabbiylar shtabiga sifatli mutaxassislar jalb qilindi.

Hans-Yurgen Gyode - Gelzenkirxenda tug'ilgan mutaxassis, o'zbek futbol muxlislariga yaxshi tanish. 2005 yilda u O'zbekiston milliy terma jamoasida maslahatchi murabbiy sifatida ishlagan, keyinchalik esa jamoani 3ta o'yinda boshqargan. Aynan uning kelishi Ismoilov ishiga katta yordam bermoqda va murabbiylar shtabiga katta tajribaga ega bo'lgan mutaxassis qo'shildi.
Fakundo Stik - Argentinalik murabbiy, Malta chempionatida faoliyat yuritgan. U faoliyatini videotahlilchi sifatida boshlagan, keyinchalik mamlakat yoshlar (U18) terma jamoasi bosh murabbiyigacha ko'tarilgan. Shundan so'ng u “Panatinaikos” klubida Diego Alonso shtabida tahlilchi sifatida ishlagan.
Antonio Sarioglu - yana bir argentinalik mutaxassis, Gyode kabi o'zbek futbolida tajribaga ega. U Ektor Kuper davrida O'zbekiston terma jamoasida jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy bo'lib ishlagan. Sarioglu o'zi takidlaganidek, “Neftchi”ga kelishdan oldin aynan Kuper bilan maslahatlashgan.
Vitaliy Galat - moldovalik mutaxassis, tajribali darvozabonlar murabbiyi hisoblanadi. U Qozog'iston chempionatida to'rt karra chempion bo'lgan, shuningdek Moldova va Ukraina klublarida ham faoliyat yuritgan.
KELING, ISMOILOVGA QAYTAMIZ. U QANDAY QILIB CHEMPION JAMOANING BOSH MURABBIYIGA AYLANDI?
Avvalo, Ismoilov murabbiylik faoliyatini juda muvaffaqiyatli boshlagan. U yoshligidayoq “Paxtakor” akademiyasida ishlagan, bunga qisman otasi Murod Ismoilov ham sabab bo'lgan. Biroq bu erda asosiy omil qarindoshlik emas, balki u bilan ishlagan mutaxassislar edi.
O'sha davrda u Stanislav Kudryashov va Rustam Qurbonboevga yordamchi bo'lgan - yoshlar bilan ishlashda taniqli mutaxassislar. Aynan ularning yosh toifalarida ko'plab istedodli futbolchilar etishib chiqqan, ularning aksariyati bugungi kunda O'zbekiston milliy terma jamoasida to'p surmoqda. Ismoilovning o'zi ham dastlabki intervyularida: “Men Kudryashovdan juda ko'p narsani o'rgandim”, - deya takidlagan.
Keyinchalik u Farg'ona vodiysi klublarda ishlay boshladi: “Yozyovon Lochinlari”, “Iftixor” hamda “Farovon”. Bu jamoalar o'zbek futbolida katta iz qoldirmagan va asosan o'zbek futbol piramidasining quyi ligalarida harakat qilgan. Biroq aynan shu erda Ismoilov murabbiy sifatida ilk mustaqil faoliyatini boshladi.
2019 yilda u Yaypanning “Turon” klubini qabul qilib oldi - cement savdosi bilan shug'ullanuvchi mahalliy tadbirkorga tegishli xususiy jamoa. Ma'lum bir davrda bu klubni Rossiyaning “Krasnodar” jamoasi bilan ko'plab o'xshatishdi: kichik, ammo shinam stadion qurildi, baza yaratildi, klub katta mablag'larga ega bo'lmagan bo'lsa-da, maosh bo'yicha qarzdorliklar bilan bog'liq muammolar haqida deyarli eshitilmagan.
Ismoilov “Turon”ni qisqa vaqt ichida O'zbekiston Superligasiga olib chiqib, jamoani “neytral muxlislarning sevimlisi”ga aylantirdi. To'g'ri, oliy divizionda mustahkam o'rnashib qolishning uddasidan chiqilmadi. Ehtimol, bunga transfer siyosatidagi tajriba etishmasligi sabab bo'lgandir. Jamoa tarkibi kuchaytirildi, ammo bu Superligada jon saqlab qolish uchun etarli emas edi.
Shunga qaramay, Ismoilov allaqachon e'tiborga tushib, yangi avlod yosh va iqtidorli murabbiylar qatoriga kiritildi. Ammo faoliyatida ayrim noqulay holatlar ham uchrab turdi.

12:1 FARQ BILAN FENOMENAL START
Takidlash joizki, “Neftchi” O'zbekiston Superligasida fenomenal start qayd etdi. Dastlabki to'rt turda 4ta g'alaba qo'lga kiritilib, to'plar nisbati 12:1 bo'ldi. Eng qizig'i, har bir o'yinda farg'onaliklar 3 tadan gol urdi! Bu - liga tarixidagi eng yaxshi startlar orasida beshinchi natija.

Ha, ehtimol taqvim farg'onaliklar uchun eng murakkab bo'lmagan. Dastlabki ikki turda “Mashal” va “Surxon” 3:0 hisobida mag'lub etildi. Har ikki o'yinda ham jamoa darvozaga 7 martadan aniq zarba yo'lladi. Ammo 3-turda bu tendenciya ancha kuchli va tajribali tarkibga ega “Andijon”ga qarshi ham davom etdi. Jamoani Samvel Babayan boshqaradi - liga darajasidagi eng samarali menejerlardan biri. 3:0 hisobidagi yirik g'alaba (xG - 1.86) Ismoilov va uning jamoasining jiddiy ambiciyalarini yana bir bor tasdiqladi.
Bundan tashqari, dastlabki 3 turda “Neftchi” o'z darvozasi tomon atigi 3 ta aniq zarbaga yo'l qo'ydi!
Dastlabki 3 tur: darvozasiga yo'l qo'yilgan aniq zarbalar (TOP-5)
"Neftchi": 3
"Paxtakor": 6
"Navbahor": 6
"Andijon": 8
OKMK: 8
TARIXDAGI ILK SUPERKUBOK VA ROTACIYA
“Neftchi” uchun asosiy sinov “Paxtakor”ga qarshi Superkubok bahsi bo'ldi. Oldingi mavsumlarda farg'onaliklar “sherlar”ga qarshi qiynalib kelgan, hatto chempionlik mavsumida ham. Ammo bu safar taqdirni qishda “Dinamo”dan kelgan braziliyalik Ratino hal qildi.
Uchrashuv boshida “Paxtakor”da bir nechta imkoniyatlar bo'ldi, biroq 17-daqiqada Ratino qaytgan to'pni darvozaga yo'llab, yagona gol muallifiga aylandi va klub tarixidagi ilk Superkubokni olib berdi.
Qizig'i shundaki, o'tgan mavsum ramziy terma jamoaga kirgan bu legioner Superkubokgacha bo'lgan 3 turda atigi 33 daqiqa o'ynadi. Superkubokdan keyin esa 4-turda 24 daqiqa maydonga tushib, golga assist berdi. Bu Ismoilov qo'llayotgan tizimli rotaciyani ko'rsatadi. “Neftchi”da shunday keng va sifatli zaxira bor-ki, undagi ko'plab futbolchilar boshqa klublarda bemalol asosiy tarkibda o'ynashi mumkin. Natijalar esa 33 yoshli murabbiyning foydasiga ishlamoqda - u nafaqat kiyinish xonasida obro' qozongan, balki rotaciyani ham jamoa muhitiga zarar etkazmasdan olib bormoqda.

JAMSHID ISKANDEROV - X-FAKTOR
Iskanderov bugungi kunda o'zbek futbolidagi eng aqlli futbolchilardan biri sifatida etirof etilmoqda. O'tgan mavsumda u individual mukofotlarda etarlicha e'tibor olmadi - faqat ramziy terma jamoaga kiritildi. Vaholanki, barcha statistik ko'rsatkichlarga ko'ra u chempionlik mavsumida TOP-3 futbolchilar qatorida edi.
2026 yilgi mavsumni u ishonchli boshladi: gol+pas tizimida (1+3) ikkinchi o'rinda, faqat jamoadoshi Stipe Pericadan (4+0) ortda. Kalit paslar bo'yicha liga yetakchisi (3-o'rinda yana bir farg'onalik - Yovovich), xA ko'rsatkichida ham yuqori natijalar qayd etgan. Iskanderov Ismoilovning 4-3-3 sxemasi va yuqori pressingiga tez moslashdi, uning o'yin uslubi hatto Luka Modrichga o'xshatilmoqda.
4-turda “Lokomotiv”ga qarshi o'yinda Islombek Ismoilov Iskanderov, Perica va Sayfievni zaxirada qoldirdi. O'yin boshida Ibrohimxalil Yo'ldoshev chiroyli gol urdi, ammo “temiryo'lchilar” bosimni oshirib, 36-daqiqada penalti orqali “Neftchi” darvozasini ishg'ol qildi - bu jamoaning mavsumdagi ilk o'tkazib yuborgan goli bo'ldi.
Tanafsusda Ismoilov birdaniga uchta o'zgarish qildi: G'iyosov, Yovovich va Marushich maydonni tark etdi, ularning o'rniga Odilov hamda Iskanderov–Perica juftligi tushirildi. Ikkinchi bo'limda “Neftchi” o'yinni to'liq o'z qo'liga oldi: to'p nazorati, zarbalar, burchak to'plari - hammasi mezbonlar foydasiga. Natija: Perica Iskanderov pasidan keyin gol urdi, Odilov esa Ratino assistidan farqni oshirdi - 3:1.
“NEFTCHI” GEGEMON BO'LADIMI?
FIFA tanafsusidan so'ng “Neftchi”ni aprelda 6 ta turli darajadagi o'yin kutmoqda - ular orasida “Paxtakor” va hozirgi qiyinchiliklarga qaramay doimiy raqobatchi bo'lib qolayotgan “Nasaf” ham bor.
Hozircha gegemonlik haqida gapirishga erta. Ammo “Neftchi” allaqachon himoya chizig'ini kuchaytirish ustida ishlamoqda. Xabarlarga ko'ra, klub O'zbekiston terma jamoasi himoyachisi Rustam Ashurmatovga taklif bilan chiqqan. Farg'onaliklarda keng va sifatli tarkib, tajribali murabbiylar shtabi va kuchli rahbariyat qo'llovi bor. Lekin o'zbek futboli tarixida katta byudjet har doim ham chempionlik kafolati bo'lmagan.
Shunga qaramay, hozirdanoq bir narsa aniq: “Neftchi” raqobatchilar uchun juda baland “planka” o'rnatdi. Finishda nima bo'ladi? Mavsum yakunida ko'ramiz.
Magazinchi G'aybulla yozdi



