Ikrom Aliboev: "O'yin oxirida chempionlik xarakterini ko'rsatdik"

Aslanov Jasurbek
8 noya 2026, 22:45
"Neftchi" yarim himoyachisi Ikrom Aliboev OKMKga qarshi o'yin haqida fikr bildirdi.

– Bugungi murakkab va ahamiyatli g'alaba bilan tabriklayman. Uchrashuv haqida qisqacha fikr bildirib o'tsangiz.
– Bugungi bellashuv biz uchun og'ir va shu bilan birga, juda qiziqarli kechdi. Ayniqsa, uchrashuv so'ngida voqealar rivoji keskin tus oldi. Biz esa o'z o'rnida, o'yin oxirida haqiqiy chempionlik xarakterini namoyish eta oldik.

– Bugungi uchrashuv yil o'yini bo'lishga da'vogarlik qila oladimi?
– To'g'ri, bungacha ham qiziqarli bahslar ko'p bo'ldi. Biroq mavsum so'ngi yaqinlashib qolgani va chempionlik masalasi hal etilayotgani inobatga olinsa, ushbu bahsni bemalol yil o'yini qatoriga qo'shish mumkin.

– Stadiondagi muxlislar va yaratilgan muhit hisobda ortda qolayotgan vaziyatdan (0:1) chiqib ketishingizga qanchalik yordam berdi?

– Albatta, bizning muxlislarimiz O'zbekistondagi eng yaxshi muxlislardan biri hisoblanadi, hatto eng yaxshisi desam ham mubolag'a bo'lmaydi. Bugungi o'yinda ular bizga juda katta yordam berishdi va tinimsiz qo'llab-quvvatlab turishdi. O'zingiz guvoh bo'lganingizdek, stadion deyarli to'ldi. Biz ularning daldasini doimiy ravishda, hatto 0:1 hisobida ortda qolayotgan vaqtimizda ham his qilib turdik.

– Chempionlik yo'lida navbatdagi muhim imtihondan o'tib oldinglar. Qolgan o'yinlar haqida ham qisqacha to'xtalib o'tsangiz.
– Kelgusi o'yinlar haqida hozircha gapirishni istamayman, chunki biz har bir bahsga alohida e'tibor qaratib, qadam-baqadam oldinga intilamiz. Navbatdagi uchrashuvimiz "Bunyodkor" jamoasiga qarshi bo'lib o'tadi. Ushbu o'yinga ham jiddiy tayyorgarlik ko'rib, uch ochkoni qo'lga kiritishga harakat qilamiz.

– So'nggi savolim: milliy terma jamoaga chaqiruv haqida biror xabar bo'lmadimi?
– Yo'q.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia