

– Bugungi qiyin uchrashuv haqida qisqacha to'xtalib o'tsangiz.
– Bugungi bahs his-hayajonga boy bo'ldi. Uchrashuv oxirigacha kurashdik, biroq g'alaba qozonish nasib qilmadi. "Neftchi" jamoasini g'alaba bilan tabriklaymiz. Nasib qilsa, kelgusi o'yinlarda yuz foizlik natija qayd etamiz.
– Ushbu uchrashuvni OKMK jamoasi uchun mavsumdagi eng alamli mag'lubiyat deb baholasak bo'ladimi yoki bundan-da og'ir o'yinlar bo'lganmi?
– Shunday desak ham bo'ladi. O'zingizga ma'lum, uchrashuvning asosiy qismida 1:0 hisobida oldinda borayotgan edik. Biroq so'nggi 10 daqiqa ichida, aniqrog'i 87 va 93-daqiqalarda gol o'tkazib yuborib, yakunda 2:1 hisobida mag'lubiyatga uchraganimiz juda alamli bo'ldi.
– Bugungi o'yindagi muhit haqida nima deya olasiz?
– Stadiondagi muhit a'lo darajada bo'ldi. Har bir o'yinda shunday muhit bo'lishini xohlardik. Bunday muhit futbolchilarga o'zgacha ruhiyat va kayfiyat bag'ishlaydi. Buni hatto televizor orqali tomosha qilganda ham his etish mumkin.
– Bunday vaziyatda kishida futbol o'ynash ishtiyoqi ortadimi?
– Albatta, bunday muhitda futbolchining maydonda yugurgisi, to'p tepgisi keladi, odamga qayerdandir qo'shimcha kuch-quvvat qo'shiladi.
– Mavsum o'z nihoyasiga yetib bormoqda. OKMK jamoasining qolgan o'yinlar uchun kuchi etarlimi?
– Shubhasiz, oldinda bizni juda muhim uchrashuvlar kutib turibdi. Nasib qilsa, bundan keyin mag'lubiyat degan so'zni umuman unutishimiz kerak. Bizga faqat g'alaba va 3 ochko zarur. Oldinda O'zbekiston kubogining yarim final uchrashuvi turibdi. Maqsadimiz – yuqori o'rinlarni egallab, OFK turnirlarida ishtirok etish. Bu har bir futbolchining orzusi va maqsadi sanaladi. Shunga qarab, har bir o'yinda yaxshi niyat bilan maydonga tushamiz. O'yinlarda raqibning nomiga qaramaymiz – xoh u "Neftchi" bo'lsin, xoh "Barselona" yoki "Real Madrid". Biz maydonga chiqib, har bir uchrashuvda maksimal ochko olishga harakat qilamiz. Murabbiylarimiz ham har bir futbolchining oldiga aynan shunday vazifa qo'yishgan. Shuning uchun, endilikda mag'lubiyat haqida umuman o'ylamasligimiz kerak, faqat oldinga intilamiz.
– Birinchi davrada bo'lib o'tgan "Neftchi" – OKMK uchrashuvida Jamshid Iskanderovga qarshi aynan siz biriktirilganingizga guvoh bo'lgan edik. Bugungi bahsda ham u o'z o'yinini to'liq namoyish eta olmadi. Jamshid Iskanderovga qarshi yakkama-yakka o'ynash qanchalik qiyin kechdi?
– Jamshid Iskanderov o'z ishining ustasi, yuqori darajadagi futbolchi hisoblanadi. Bunday futbolchilarga qarshi to'p tepish, aksincha, boshqalarni bilmadim-u, shaxsan menga katta motivaciya beradi. Agar menga shunday kuchli futbolchilarga qarshi o'ynab, ularning xavfli harakatlarini zararsizlantirish vazifasi topshirilsa, qaysi poziciyada – darvozada, o'ng yoki chap qanot himoyasida yoxud hujumda o'ynashimning umuman farqi yo'q. Maydonga tushib, o'z zimmamga yuklatilgan vazifani maksimal darajada bajarishga harakat qilaman.



