

Bahorgi futbol yakuniga etar ekan, endilikda faqat ishtiyoq yoki tasodifiy omad har doim ham yordam beravermaydi. Qishki yig'inlardagi tayyorgarlik, o'yin sifati, tarkibdagi raqobat, rotaciyalar va futbolchilarning jismoniy holati birinchi planga chiqmoqda.
Oxirgi 5 tur: "Paxtakor"ning yakkahokimligi
Startdagi o'yinlarni hisobga olmaganda, so'nggi besh tur natijalariga nazar tashlasak, "Paxtakor" yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Toshkentliklar 15 ochko jamg'arib, mutlaq natija qayd etishdi. "Navbahor" ham ushbu oraliqda mag'lubiyatsiz seriyani davom ettirgan holda, taqibchilar qatorida bormoqda.
Uchinchi pog'onadan o'rin olgan "Neftchi"ning yagona ochko yo'qotgan bahsi aynan "Paxtakor"ga qarshi kechdi. "Sherlar"ning Farg'onadan g'alaba bilan qaytishi jamoaning yetakchiligini taminladi. Shuningdek, OKMK jamoasi ham so'nggi besh turda mag'lubiyatga uchramagan uchinchi jamoa bo'lib turibdi. "Konchilar" 4 aprel kuni "Paxtakor"dan qabul qilingan mag'lubiyatdan so'ng o'yinni sezilarli darajada kuchaytirishga, qaysidir manoda "uyg'onishga" muvaffaq bo'lishdi.
Qolgan jamoalarning so'nggi besh turdagi ko'rsatkichlari quyidagicha:
"Bunyodkor" - 9 ochko;
"Xorazm" - 8 ochko;
"Buxoro" va "Surxon" - 7 ochkodan;
"Dinamo" va "Andijon" - 4 ochkodan.
"Qo'qon-1912" esa ushbu oraliqda g'alaba qozona olmadi (4 durang va 1 mag'lubiyat). Eng achinarli statistika "Mashal"ga tegishli - jamoa so'nggi 5 turda balki hali mavsumda 3 ochko jamg'ara olmadi.

Uydagi o'yinlar: "Qala"larning qadri
Superligada o'z uyida mag'lubiyatsiz seriyani davom ettirish har bir jamoa uchun muhim faktor. Qiziq faktni qarang, 2025 yilda "Neftchi" o'z maydonida "Paxtakor"dan mag'lubiyat qabul qilib olgandi (0:4). 2026 yilda esa xuddi shu ssenariy takrorlandi. Kamoliddin Tojiev shogirdlari "Navbahor" bilan bahsga qadar o'z uyida ketma-ket 7 ta o'yinda ochko ulashmagan edi. Faqatgina "lochinlar" bu seriyani buza olishdi. Shunga qaramay, ushbu ikki klub uy o'yinlarida eng ko'p (12 tadan) ochko to'plagan jamoalar bo'lib turibdi.
Kuchli uchlikni "Buxoro" (10 ochko) yakunlab bermoqda. Jizzaxning "So'g'diyona"si Zominda o'tgan 4 ta bellashuvda g'alaba nimaligini bilmay, faqat bir bor durang qayd etdi. "Lokomotiv" esa o'z maydonida ketma-ket 3 o'yindan buyon g'alabaga erisha olmayapti. OKMK o'z uyida 4 ta, "Paxtakor", "Navbahor" va "Qo'qon-1912" esa 3 ta o'yindan buyon mag'lubiyatsiz seriyani saqlab qolmoqda.
Safar o'yinlari: "Bunyodkor"ga teng keladigani yo'q
Raqib maydonida o'ynash har doim murakkab, biroq "Bunyodkor" bu borada eng yaxshi natijani (13 ochko) qayd etmoqda. "Neftchi" esa 4 ta safar uchrashuvida 4 g'alabani qo'lga kiritdi. Islom Ismoilov shogirdlari bu mavsum mehmonda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan yagona jamoa bo'lib turibdi. "Paxtakor" ham safarda yuz foizlik natija (4 o'yin, 4 g'alaba) qayd etgan. "Navbahor"ning mehmondagi yagona mag'lubiyati "Qo'qon-1912"ga qarshi kechdi (1:2), lekin qo'qonliklarning o'zi safardan 3 ochko bilan qaytishni hali uddalay olmadi.

Vaqtincha qo'nish maydoni yaqin
Superliga tanaffusga chiqishi arafasida jamoalar uchun ushbu tahlil muhim xulosalarni beradi. Statistika shuni ko'rsatadiki, chempionatda o'rtamiyona va yetakchilar o'rtasidagi farq sekin-asta oydinlashmoqda.
Oldindagi tanaffus murabbiylar shtabi uchun tarkibni yanada muvozanatlashtirish, jarohat olgan futbolchilarni tiklash va taktik kamchiliklarni bartaraf etish uchun ayni muddao. Tarkibdagi raqobat, ayniqsa, qishda selekciya ishlarini to'g'ri olib borgan jamoalar foydasiga ishlamoqda. Endilikda "Mashal" kabi ochko yo'qotayotgan yoki "Qo'qon-1912" kabi g'alaba qozonishda qiynalayotgan jamoalar uchun tanaffus - bu o'z o'yinlarini butunlay qayta ko'rib chiqish uchun so'nggi imkoniyatdir. Mavsumning qolgan qismida jismoniy tayyorgarlik birinchi planga chiqadi, bu esa o'z navbatida turnir jadvalida yanada kutilmagan o'zgarishlarga sabab bo'lishi mumkin.

Aytgancha, bugun "Paxtakor" "Nasaf"ni mehmon qiladi, keyin Termizga boradi. "Neftchi" "Qo'qon-1912" va OKMK sinovidan o'tadi. Shunday ekan tanaffusga yanada yaxshi holatda chiqib ketish uchun imkoniyat katta.



